Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni turizm salohiyatini kengaytirishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli xalqaro qatnovlar toʻxtab, transportlar harakati cheklangani butun dunyoda, shu jumladan Oʻzbekistonda ham turizm sohasiga zarar keltirdi. Mamlakatimizda 1 ming 500 dan ortiq turoperator, 1 ming 200 ta mehmonxonaning faoliyati toʻxtab qoldi. Bu vaziyat sohaga aloqador savdo, hunarmandchilik, transport, umumiy ovqatlanish va boshqa xizmat koʻrsatish tarmoqlarida minglab odamlarning bandligi va daromadiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Shu bois davlatimiz tomonidan bu sohani qoʻllab-quvvatlash, sayyohlik maskanlari faoliyatini bosqichma-bosqich tiklash choralari koʻrilmoqda. Joriy yil 28-mayda Prezidentning “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni, 19-iyunda “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlarda tarmoqqa pandemiyaning oqibatlarini yumshatish boʻyicha qator yengilliklar berildi. Umuman, bugun Oʻzbekistonda turizm sohasini pandemiya sharoitiga moslashtirgan holda rivojlantirishning zamonaviy imkoniyatlari ishga solinmoqda.
Respublika maxsus komissiyasining 12-avgustdagi qaroriga muvofiq, 15-avgustdan boshlab avtotransport vositalari harakati, mahalliy avia va temir yoʻl qatnoviga ruxsat berildi. Sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, xostellar va boshqa dam olish maskanlari faoliyati tiklanadi. Bular yurtimizda sayyohlik yana rivojlanishiga sharoit yaratadi.
Taqdimotda sohada amalga oshirilgan ishlar va navbatdagi rejalar haqida axborot berildi.
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanining turizm salohiyati juda yuqori. Lekin uzoq yillar davomida bundan yetarlicha foydalanilmadi. Bahavo tabiat, qulay iqlim va yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati boʻlsa-da, hududda sayyohlarni jalb etadigan yirik va zamonaviy loyihalar amalga oshirilmadi. Bugun Boʻstonliq tumanida turistik hududlarni tashkil etish bilan bir vaqtning oʻzida qator muhim masalalarni hal qilish koʻzda tutilgan.
– Asosiy maqsadimiz, eng avvalo, turizm sohasida qonun ustuvorligini taʼminlash, odamlarning manfaatini inobatga olib, xalqimiz uchun bahavo, arzon, xavfsiz va 12 oy davomida qulay dam olish sharoitlarini yaratishdir. Boʻstonliq kabi maskanlarga Oʻzbekistonning barcha hududlaridan yurtdoshlarimiz kelib hordiq chiqarishi, bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar boshqa hududlarimiz uchun ham namuna boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Maʼlumotlarga koʻra, har yili yurtdoshlarimiz chet elda dam olish uchun 1 milliard 200 million dollar atrofida mablagʻ sarflamoqda. Buning asosiy sabablaridan biri Oʻzbekistonda barcha talablarga javob beradigan zamonaviy turistik majmualar soni kam.
Shu maqsadda oxirgi yillarda respublikamizning barcha hududlarida, jumladan, Boʻstonliq tumanida ham toʻliq tadbirkorlar mablagʻi hisobiga yirik loyihalar amalga oshirildi. Xususan, dunyo sayyohlari eʼtiboriga tushgan “Amirsoy” majmuasi qisqa bir yarim yil ichida qurib foydalanishga topshirildi. Bu esa hududda yirik va jozibador loyihalarni amalga oshirish mumkinligini isbotladi.
Davlatimiz rahbari taqdimot davomida Boʻstonliq tumanida yaqin yillarda foydalanishga topshiriladigan loyihalar majmuasi bilan tanishib, ularni takomillashtirish boʻyicha takliflarini berdi.
“Bildirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro kurortini tashkil etish loyihasi ulardan biri. Uning konsepsiyasi va iqtisodiy modeli Fransiya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan FASEP fondining 750 ming yevro miqdoridagi grant mablagʻlari hisobiga ishlab chiqilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 480 million dollar. Shundan 280 million dollarini toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar tashkil etadi. Undan koʻzlangan asosiy maqsad hududdagi yer maydonlarining qiymatini va investitsion jozibadorligini oshirish orqali tadbirkorlikni rivojlantirishdir.
Loyiha 3 bosqichdan iborat boʻlib, birinchi bosqichda Chimyon hududida umummavsumiy kurort tashkil etish koʻzda tutilgan. Fransiyaning 48 million yevro miqdoridagi imtiyozli krediti evaziga turistik infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, osma yoʻlaklar, changʻi uchish uskunalari va attraksionlar keltirib oʻrnatish rejalashtirilgan. Buning natijasida togʻ-changʻi turizmi ommalashadi, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi, tabdirkorlik rivojlanadi. Loyihaning birinchi bosqichini 2021-yil dekabrda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Loyihalarda koʻzda tutilayotgan eng muhim vazifa bu davlat-xususiy sheriklik asosida uddaburon tadbirkorlarga keng yoʻl berishdir. Shuningdek, sayyohlik hududida echkichilik, tuyachilik, asalarichilik kengaytirilib, sayyohlarga qoʻshimcha xizmatlar taklif etiladi. Hududda yoshlar uchun alohida maydonlar ajratilib, turizmni rivojlantirishda ularning imkoniyatlarini ham toʻliq roʻyobga chiqarish muhimligi taʼkidlandi.
Boʻstonliq tumani, xususan, Chorvoq suv ombori atrofidagi qishloqlarda yangi dam olish maskanlari quriladi. Bu bilan shu yerda yashayotgan aholini ish bilan taʼminlash maqsadi ham koʻzlangan.
Boʻstonliq tumanida boʻsh turgan va samarasiz foydalanilayotgan obyektlarni sotish orqali ular negizida turizm va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, 80 ga yaqin davlat obyektlarini xususiylashtirish rejalashtirilgan. Bu orqali turizm sohasida davlat ishtiroki qisqartiriladi va xususiy tadbirkorlik rivojlanadi. 15 mingtagacha yangi ish oʻrni yaratiladi. Raqobat kuchayishi hisobiga maqbul narx-navo shakllanadi.
Tadbirda noqonuniy faoliyat koʻrsatayotgan subyektlarni aniqlash va ularni roʻyxatdan oʻtkazish borasidagi ishlar boʻyicha ham maʼlumot berildi.
Jumladan, Boʻstonliq tumanida soliq solish obyektlarini hisobga olishni soddalashtirish maqsadida “orom.uz” mobil ilovasi va yagona elektron platformasi ishlab chiqildi. Bu platforma orqali 3 ming 700 dan ortiq ijarachilar roʻyxatga olindi. Bundan tashqari, qoʻshimcha tayanch punktlari tashkil etilib, 16 mingdan ziyod obyekt xatlovdan oʻtkazildi. Bular natijasida soliq tushumi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 3 baravarga oshgan.
Boʻstonliq tumanida yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish va taʼmirlash boʻyicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, avtomobil yoʻllari taʼmirlandi, yerosti suvlarini qochirish maqsadida drenaj quvurlari oʻrnatildi, 10 kilometrdan ortiq piyodalar yoʻlakchalari qurildi.
Prezidentimiz yoʻllarni puxta oʻylangan, tejamkor loyihalar asosida qurish va taʼmirlash zarurligini taʼkidladi.
Sayyohlar oqimining koʻpayishi chiqindilarni oqilona boshqarishni ham talab etadi. Hisob-kitoblarga koʻra, Boʻstonliq tumanida kuniga oʻrtacha 102 tonna maishiy chiqindi hosil boʻladi. Afsuski, dam olish madaniyati pastligi tufayli koʻpincha yigʻishtirilmay, tabiat qoʻynida tashlab ketiladi.
Bu muammoni bartaraf etish, hududni tozalash tizimini takomillashtirish maqsadida chiqindi yigʻish punktlari va tashuvchi texnikalarni koʻpaytirib, Ekoinspeksiya nazoratini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilmoqda. Buning natijasida hudud 100 foiz sanitariya tozalash xizmatlari bilan qamrab olinadi. Tashrif buyuruvchilarning ekologiya va atrof-muhit muhofazasi talablariga rioya etishlari ustidan doimiy nazorat yuritiladi.
Shuningdek, Boʻstonliq tumanida ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda. Yil boshidan buyon 7,6 kilometr ichimlik suvi quvuri, nasos va suv minoralari qurilgan. Kelgusi ikki yilda 36 kilometr ichimlik va 3,5 kilometr oqava suv quvuri, 10 ga yaqin suv va kanalizatsiya inshooti barpo etilishi rejalashtirilgan.
Tumanda elektr taʼminotini yaxshilash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Prezident mavjud elektr tarmoqlarini taʼmirlash bilan birga suv, shamol va quyosh energiyasi manbalarini bunyod etish, turistik obyektlar energiya ehtiyojining katta qismini shular hisobidan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Togʻ yonbagʻirlarida, oʻrmon va suv fondi yerlarida yengil konstruksiyali koʻchma dam olish maskanlarini tashkil etish loyihasi ham muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari hududni toʻliq turistik zona sifatida rivojlantirish va rejadagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida Bosh vazir oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisiga parallel ravishda, yangi tajriba tariqasida Boʻstonliq tumaniga rahbarlik vazifasini bajarishni yuklatish taklifi bildirildi.
Taqdimotda keyingi ikki yilda sayyohlik oʻrinlari va xizmat turlarini koʻpaytirish natijasida hududning turizm salohiyatini 2 barobar ortishini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.