Oʻzbekiston va Belarus Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-avgust kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Aleksandr Lukashenkoni boʻlib oʻtgan Prezident saylovidagi ishonchli gʻalabasi bilan tabriklab, unga Belarusning barqaror taraqqiyoti va ravnaqini taʼminlash yoʻlida yangi zafarlar tiladi.

Ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi anʼanaviy yaqin hamkorlikka doir dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalar, avvalo savdo-iqtisodiy sohadagi amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish, ikki mamlakat yetakchi korxonalarining kooperatsiyasi boʻyicha istiqbolli loyihalarni ilgari surish va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirish maqsadida oʻzaro muloqotni, shu jumladan qoʻshma Hukumatlararo komissiya doirasida faollashtirishga kelishib olindi.

 

O’zA