Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni Jahon banki ishtirokida “Qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi.
Shu yil 23-iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari agrar tarmoqqa ajratilayotgan investitsiyalardan toʻgʻri foydalanish, yuqori natija beradigan loyihalar ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.
Bu galgi yigʻilishda Jahon banki tomonidan ajratilgan 500 million dollar kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish boʻyicha shakllantirilgan loyihalar muhokama qilindi.
Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq, loyihalarni ishlab chiqishda fanni rivojlantirishga, ilgʻor texnologiyalarni joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Xususan, jalb qilinayotgan mablagʻning 87 million dollari qishloq xoʻjaligi sohasidagi 10 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi, 4 ta ixtisoslashgan markaz faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilashga ajratiladi.
Shuningdek, 70 million dollar koʻchatlar yetkazib berish, fitosanitariya, geoaxborot va sertifikatlash xizmatlarini koʻrsatadigan agroxizmat markazlarini tashkil etishga yoʻnaltiriladi. Qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish uchun berilayotgan 10 million dollar hisobiga yerlarning hosildorligi, tuproq tarkibi tahlili, zarur mineral oʻgʻitlar turi va miqdori, soliq, transport-logistika va mahsulotlar bozorlari haqida maʼlumotlar olish imkoni yaratiladi.
Yigʻilishda suv xoʻjaligi, chorvachilik, karantin, kadastr, moliya, soliq va boshqa tegishli idoralar maʼlumotlar bazasini ushbu tizimga integratsiya qilish muhimligi taʼkidlandi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligiga ilmiy-tadqiqot muassasalari va ixtisoslashgan markazlarni Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida joylashtirib, laboratoriya uskunalari va texnikalar bilan taʼminlash, viloyatlardagi qishloq xoʻjaligi kollejlari negizida ularning filiallarini tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Ushbu muassasalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirish, xorijdan konsultantlar jalb qilib, ularni oʻqitish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari har bir ilmiy-tadqiqot muassasasi va markaz ilmiy ishlanmalarini sotadigan tijorat tashkilotiga aylanishi zarurligini taʼkidladi.
– Qishloq xoʻjaligini ilm bilan qilmasak, xarajatlarimiz natija bermaydi. Har bir loyiha manfaatdorlikni taʼminlash, rentabellikni oshirishga xizmat qilishi kerak. Pirovard marramiz – eksport. Ilmiy asoslangan, standartlarga mos mahsulot chiqarilsa, bozor topiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Kooperativlar va klasterlarni rivojlantirishga moʻljallangan 200 million dollar hududlar oʻrtasida taqsimlangan. Bundan tashqari, xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlari hisobidan Fargʻona vodiysi uchun qoʻshimcha 54 million dollar hamda Xorazm viloyatiga 100 million dollar mablagʻ ajratilgan.
Prezident ajratilayotgan har bir dollarni uch dollarga aylantirish, imtiyozli kreditlarni qaytarish boʻyicha aniq hisob-kitob asosida ishlash zarurligini taʼkidladi.
Intensiv bogʻ maydonlarini kengaytirishga 65 million dollar yoʻnaltirish belgilangan. Xususan, buning hisobidan Toshkent viloyatida 500 gektar, Andijon, Buxoro, Namangan, Fargʻona va Samarqandda 300 gektardan, Jizzaxda 250 gektar, Qashqadaryo hamda Surxondaryoda 200 gektardan, Qoraqalpogʻistonda 100 gektar maydonda yangi usuldagi intensiv bogʻlar yaratilishi rejalashtirilgan.
Mutasaddilarga qisqa muddatda yerlarni ajratib, kelgusi yil bahorda bogʻlarni foydalanishga topshirish vazifasi yuklatildi.
Yana 65 million dollar evaziga zamonaviy agrologistika markazlari va komplekslarini tashkil qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi vaziri va viloyat hokimlari jalb qilinayotgan mablagʻlar oʻzlashtirilishini loyihalar kesimida taqdimot qildi hamda ishni tashkil qilish rejalari boʻyicha axborot berdi.