Ijtimoiy himoya tizimida adolatni taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-avgust kuni pandemiya davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Koronavirus tarqalishi sabab iqtisodiy faollik cheklangani odamlarning roʻzgʻoriga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Bunday sharoitda vaqtincha ishsiz qolgan, daromad manbasini yoʻqotgan va ogʻir ahvolda kun kechirayotgan aholini qoʻllab-quvvatlash, ularga yordam qoʻlini choʻzish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Prezidentimizning 30-iyul kuni qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni shu borada juda muhim qadam boʻldi. Hujjatga muvofiq, byudjetdan qoʻshimcha 2 trillion soʻm ajratilib, ushbu mablagʻlar 1 million 700 ming nafar yordamga muhtoj aholi, 3 million 700 ming nafar pensioner va joriy yil yakuniga qadar qoʻshimcha 500 ming nafar ijtimoiy nafaqa oluvchilarga yoʻnaltirilishi belgilangan.

Xususan, oʻtgan 5 kunda ehtiyojmand oilalarga jami 148 milliard soʻm moddiy yordam tarqatildi. Avgust oyida 1 million 700 ming aholi va 50 mingdan ziyod tibbiyot xodimlariga 780 milliard soʻm toʻlanishi koʻzda tutilgan.

Kerakli paytda kerakli madad olib, xalqimiz bu ishlardan rozi boʻlmoqda. Shu bilan birga, moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxatlarini toʻgʻri va haqqoniy shakllantirish, ajratilgan mablagʻlarni adolatli tarqatish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda aholiga ijtimoiy yordam toʻlovlarini yetkazib berish boʻyicha sektor rahbarlari va mahalla mutasaddilarining masʼuliyatiga eʼtibor qaratildi.

Davlat nozirlik organlariga mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi va toʻlanishi yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatish, qonun buzilish holatlarining oldini olish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev ehtiyojmand aholi bilan ishlashda yangi, shaffof va adolatli tizim yoʻlga qoʻyilishini maʼlum qildi. Prezidentning bugun imzolangan “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda Ijtimoiy himoya yagona reyestri joriy etilishi belgilandi.

Mazkur tizim Sirdaryo viloyatida tajribadan oʻtib, oʻz samarasini koʻrsatgani va joriy yil yakuniga qadar uni barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etilishi taʼkidlab oʻtildi.

Davlatimiz tomonidan ijtimoiy yordamlar koʻlami kengaytirib borilishi jarayonida ushbu yangi tizimning muhimligiga eʼtibor qaratildi. Jumladan, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni hozirgi 600 mingdan joriy yil oxirigacha 1 million 200 ming, 2021-yilda esa 1 million 500 minggacha yetkazilishi belgilangan. Bu borada Yagona ijtimoiy reyestr orqali barcha ijtimoiy yordam bir xil mezon va bir xil hujjat asosida berilishi koʻzda tutilgan.

Eng muhimi, kelgusi yil 1-yanvardan boshlab, kam taʼminlangan oila maqomini olish uchun fuqarolardan hozirgidek 12 ta idoradan 30 dan ziyod maʼlumotlar talab qilinmaydi. Ehtiyojmand oilalarga 30 turdagi ijtimoiy yordam va xizmatlar oson va qulay tarzda taqdim etiladi.

Yigʻilishda yordam pullariga muhtoj oilalar roʻyxati mahallalar kesimida adolatli tuzilib, xalq deputatlari mahalliy kengashlarida tasdiqlanishi lozimligi taʼkidlandi.

Mablagʻlarni adolatli taqsimlashda mahalla va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy yordamni maqsadli yetkazib berishga nuroniylar va faollarni jalb etish muhimligi aytildi.

Shu bilan birga, 50 ming nafar tez tibbiy yordam xodimi uchun ajratilgan 200 milliard soʻm mukofot pullarini ham ortiqcha qogʻozbozliksiz, oʻz vaqtida tarqatish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Videoselektor yigʻilishida vazirlar, hokimlar va sektor rahbarlari hisobot berdi.

 

O’zA