Prezident: Musa Yerniyazov qahramon xalqning qahramon rahbari edi

Nukus shahrida Oʻzbekiston Qahramoni Musa Yerniyazovning vafoti munosabati bilan taʼziya marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, marhumning oila aʼzolariga, xalqimizga chuqur hamdardlik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev Musa Yerniyazov qariyb 50 yillik faoliyati davomida ulkan rahbarlik qobiliyati, insoniy fazilatlari bilan hurmat qozongani, Qoraqalpogʻistonning iqtisodiy salohiyatini oshirish, shahar va ovullarni obod qilish, aholi turmushini yaxshilash uchun oʻzini ayamay mehnat qilganini taʼkidladi.

– Qoraqalpoq zaminida, Orol halokati yuz bergan oʻlkada yashab mehnat qilish – bu haqiqiy matonat. Musa Yerniyazov ana shunday qahramon xalqning qahramon rahbari edi. U 18 yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi deb atalmish oʻta masʼuliyatli va sharafli vazifada samarali faoliyat olib borgani buni yaqqol tasdiqlaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Musa Yerniyazov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari sifatida mamlakatimizning barcha hududlarini rivojlantirish uchun muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga katta hissa qoʻshgani yodga olindi.

– Alloh taolo Musa ogʻani mana shunday muborak Qurbon hayiti va juma kunlarida oʻz rahmatiga olganida ham bir xislat borligidan dalolat, deyish mumkin. Barchamiz uchun qadrli bu inson hayotda oʻzidan yaxshi nom, yaxshi iz va xotiralar qoldirdi. “Yurt uchun fido boʻlish – oʻlim emas, aslida qayta tugʻilish”, deydi donolar. Musa Yerniyazovning nomi va yorqin xotirasi ham bugun qayta tugʻilmoqda, tarix sahifalariga abadiy muhrlanmoqda, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining oʻrinbosari, Oliy Majlis Senati aʼzosi Sharap Usnatdinov, “Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasi bosh muharriri, Oliy Majlis Senati aʼzosi Guliston Annaqlicheva, Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpogʻiston boʻlimi rahbari, Oliy Majlis Senati aʼzosi Abatbay Daniyarov Musa Yerniyazovning el-yurt manfaati yoʻlidagi serqirra faoliyati, odamlarga yaxshiliklarini esga oldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi vakillari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari, Vazirlar Kengashi aʼzolari va keng jamoatchilik marhum xotirasiga hurmat bajo keltirib, surati tagiga gullar qoʻydi.

Qurʼon tilovat qilindi.

Oʻzbekiston Qahramoni, atoqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va fidoyi inson Musa Tajetdinovich Yerniyazovning xotirasi xalqimiz qalbida doim saqlanib qoladi.


 

O’zA