Geyts COVID-19 pandemiyasiga “aloqadorligi”ga izoh berdi

Dunyoning eng mashhur odamlaridan biri – “Microsoft” korporatsiyasi asoschisi Bill Geyts yana bir bor oʻzining koronavirus pandemiyasi yuzaga kelishiga daxldorligi haqidagi taxminiy nazariyani rad etdi.
Koronavirus paydo boʻlgandan buyon OAV va ijtimoiy tarmoq sahifalarida, goʻyoki, global ravishda insoniyatni kuzatuv ostiga olish maqsadida kishilarni chiplashtirish uchun vaksinadan foydalanishni moʻljallayotgan Bill va Melinda Geytsga tegishli fond pandemiyaga aloqadorligi haqida mish-mishlar tinmayapti. “Yer sharining 15 foiz aholisini yoʻq qilish” niyatidagi Geytsni ayblashga qaratilgan viderolikni internet orqali millionlab insonlar koʻrdi.
“Bu pandemiya, ijtimoiy tarmoq va hammasiga eng oddiy javobni qidirayotgan kishilar oʻrtasidagi gʻalati kombinatsiya”, — dedi Geyts CNN telekanaliga bergan intervyusida.
U oʻz jamgʻarmasi hisobidan pandemiyaga qarshi kurash uchun 250 million dollar ajratganini eslatib oʻtdi. “Qisqasi, hammasining oyogʻi osmondan kelyapti. Ular biz pul qilayotganimizni, demak odamlarni vaksina yordamida oʻldirishga urinayotganimizni aytishyapti”, — deya qoʻshimcha qilgan Geyts.
Iyun oyi boshlarida Geyts uning insoniyatni global tarzda chiplashtirish boʻyicha kelishuvni amalga oshirishga daxldorligi toʻgʻrisidagi fitnasimon nazariyaga munosabat bildirarkan, hatto, rad etishga ham arzimaydigan darajada ahmoqona fikr, deya baholagan.

 

O’zA