Bugun Ayo Sofiya ibodatxonasida 1934-yildan buyon ilk bor juma namozi oʻqiladi

86 yillik tanaffusdan keyin Istanbul shahrida masjidga aylantirilgan Ayo Sofiya ibodatxonasida ilk juma namozi oʻqiladi. Unda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan ishtirok etishi kutilmoqda.
Turkiya Davlat kengashi 10-iyulda Ayo Sofiya ibodatxonasini muzeyga aylantirilishi haqidagi 1934-yilda qabul qilingan qarorni bekor qildi. Shundan soʻng Erdogʻan ibodatxonani masjidga aylantirish toʻgʻrisidagi farmonni imzolaganini maʼlum qildi.
Turkiya ibodatxonani avval qanday boʻlsa, hozir ham shunday saqlashga vaʼda bergan. Inshoot devorlaridagi suratlar faqat namoz vaqtida parda bilan yopib qoʻyiladigan boʻldi. Turistlar avval Ayo Sofiyaga 100 lira (taxminan 15 dollar) toʻlab kirgan boʻlsa, endi ular binoga bepul kirishi mumkin.
Koronavirus pandemiyasi sabab hukumat juma namoziga taklif qilinganlar sonini cheklashga majbur boʻldi. Ayo Sofiya ichida 500 kishi, qolganlar tashqarida namoz oʻqiydi. Namoz oʻqiydiganlar niqob taqishi majburiy, shuningdek, ularning tana harorati ham tekshiriladi.
Tadbirda 736 shifokor, 100 dan ortiq tez yordam mashinasi va sanitar vertolyoti hozir boʻladi.
Jamoat tartibini saqlash uchun qariyb 20 ming politsiyachi jalb etilgan.

 

OʻzA