Har kuni ijtimoiy tarmoqlarni kuzataman. Qiziqib qidirganim faqat emlash uchun yaratilayotgan vaksinalarga oid maʼlumotlar.
Topganim esa “sinovda…”, “tayyorlanyapti…”, “muvaffaqiyatli chiqmadi…” kabi xabarlar. Goho doʻstlarim tomonidan yuborilgan, gohida reklama sifatida kelgan “Koronavirusning davosi topildi” deb nom olgan xabarlarni ochishga shoshilaman. Internetning “tezligidan” roppa-rosa 5 daqiqa vaqtim ketadi. Ne koʻz bilan qarayki, “Bizda eng arzon narxlarda” yoki “Yetkazib berish xizmati tekin”, “Bu yerga bossangiz, moʻjiza roʻy beradi” kabi umuman boshqa xabarlarga duch kelaman.
Yaqinda telegramimga shunga oʻxshash xabar keldi. Boshi ogʻriyotganlarga tavsiya deb nomlangan ovozli xabarni eshita boshladim. Koronavirus tufayli bosh ogʻriganda qilinadigan muolajalar toʻgʻrisida biror tibbiyot doktorining tavsiyalari boʻlsa kerak, deb oʻylagandim.
“Agar boshingiz ogʻriyotgan boʻlsa, koʻp suyaklarni qaynatasiz, iloji boʻlsa bir sutka, bir piyola qolguncha, keyin uni eski kalish ichiga quyib qoʻyasiz, muzlatgichga solasiz, maydalagichdan chiqargach, “galupsi” qilasiz, shularni qilguncha boshingiz ogʻrimay qoladi” deydi.
Bu nima? Odamlarning ustidan kulishning zamonaviy turimi?
Oxirgi kunlarda oʻz kanallarida kuzatuvchisini koʻpaytirish uchun shunaqangi beoʻxshov qiliqlar chiqaradigan hamyurtlarimiz koʻpayib ketdi. Qaysi biridir “Meni qalbimga yoʻl topolmaysan” deb piar qilsa, boshqasi “Kalishni qaynatib ichishni” tavsiya qiladi. Yana biri buyuk ajdodlarimizga hurmatsizlik qilib, “Amir Temur bobo koronavirus qachon ketadi, ayting, hammadan aqllisizku?!” degan kinoyalarini tarqatadi.
Bunaqa vaziyatda odamlar atrofdan foydali maʼlumotlar kutadi.
Eng yomoni, ayrim kanallarda boshqa davlatlardagi kasalxonalar videolarini izohsiz joylanishi ham odamlarda vahima uygʻotmoqda. Bugungidek vaziyatda soha mutaxassislari bilan suhbatlar tashkil qilinsa, uyda davolanayotgan fuqarolarning onlayn murojaatlarini qabul qilish, shifokorlarning tavsiyalarini berib borish tizimi keng yoʻlga qoʻyilsa, savobli ishku. Hech boʻlmaganda koronavirus mavzusida hazillashish, feyk xabarlar tarqatish vijdonli odamning ishi emasligini tushunish lozim.
Vaziyatdan oʻz manfaati yoʻlida foydalanib, boshqalarning zarariga sabab boʻlmang. Feyk xabarlar odamlarni nafaqat vaqti va mablagʻini oladi, balki asablarini ham zoʻriqtiradi. Asablarning taranglashuvi immunitet pasayishiga olib keladi. Bugungi vaziyatda qora piarlar koʻngilga sigʻmaydi.
Baʼzi bir reklamalarga ishonib qolgan turli kanallar obunachilari tuzalmas xato qilib qoʻyishi, vahimadan sogʻligiga zarar yetkazib olishi mumkinligini nahotki tushunish qiyin boʻlsa?!
Tarixdan maʼlum, odamzod yaratilgandan buyon turli xil dardlar bilan kurashib keladi. Guvohi boʻlganingizdek, ularning barchasi oʻz nihoyasini topib kelmoqda. Katta umidlar bilan yaqin orada bu ofatning ham davosi topilishini kutamiz. Koronavirusni biznesga aylantirib, kimdir oziq-ovqat narxini sunʼiy oshirgan boʻlsa, kimdir dori-darmon vositalarini bir necha marta qimmatiga sotishni koʻzladi. Boshqasi esa oʻz obunachilarini qanday yoʻl bilan boʻlsada koʻpaytirish ilinjida. Bu ofat xavfini his qilib, savob ishning ketidan quvish oʻrniga “Yotib qolguncha otib qol”, “Dunyoni suv bossa oʻrdakka ne gʻam” qabilida ish qilmaylik.
Kamola Abduvaliyeva,
“Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi
O’zA