Oʻzbekistonda tarjimashunoslik sohasida keskin oʻzgarishlar boʻlib kelmoqda.
Xususan, oʻz kasbining yetuk mutaxassisi boʻlgan, zamon talablariga toʻliq javob bera oladigan tarjimon kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yurtimizda chet tillarni oʻqitilishida yangicha bosqich, yangicha davr boshlandi. Chet tili darslarining oʻqitilishi jarayonida ilgʻor pedagogik texnologiyalarni, interfaol, innovatsion usullardan, kommunikativ-axborot vositalaridan foydalanish talab qilinmoqda. Respublikamizda chet tilining oʻqitilishi, chet tili oʻqituvchilarining bilim va koʻnikmalarini baholashning umumevropa talablari tavsiyanomalari (CEFR ) ga mos ravishda yangi usullar ishlab chiqildi. Bu esa oʻz navbatida tarjmashunoslik maktabining rivojlanishiga, yaʼni tarjimonning oʻzi faoliyat olib boradigan “tarjima tili”ni mukammal darajada bilishiga olib kelmoqda.
Jahonda globallashuv jarayonlari chuqurlashib borayotgan bir sharoitda tarjimonning kasbiy kompetensiyasini shakllantirish hamda rivojlantirishga boʻlgan ehtiyoj yana-da ortmoqda. Har bir sohada professional faoliyatning sifatini baholash uchun aniq belgilab qoʻyilgan mezonlar toʻplami boʻladi.
Tarjima kasbining vakillarida, xususan, tarjimonlarda, professional kompetensiyaga ega malakaviy tarjimon deb atalishi uchun, tarjimon oʻzida shaxsiy malakaviy kompetensiya hamda kasbiy kategoriyalarning malakaviy darajasiga ega boʻlmogʻi lozim.
Professional kompetensiya hamda shaxsiy malakaviy kompetensiya, bu har ikki atama dasturiy taʼlim hujjatlarida, va tilshunoslik yoʻnalishlari (metodologiya, tarjima ishlari, psixolingvistika, lingvodidaktika, lingvokulturologiya va h.k.)da keng qoʻllanib kelinadigan atamalar boʻlib, odatda sinonim tarzida ishlatlib kelinadi.
Kompetensiya soʻzi asl kelib chiqishi inglizcha “competence ” (yoki competency) soʻzidan olingan boʻlib, rus tilshunos olimi, tarjimon, V.K.Myuller fikriga koʻra, leksik-lugʻaviy maʼnosi yuridik termin sifatida namoyon boʻladi hamda layoqatli soʻzi bilan sinonim sifatida qoʻllanilishi mumkin deb aytgan. Yana boshqa bir qator lugʻatlarda esa kompetensiya soʻzini qobiliyat, qobiliyatli va boylik, yaxshi moliyaviy ahvol kabi tarjimalarni uchratishimiz mumkin.
Bu borada tarjimashunos olimlarning qarashlari turlicha boʻlib, yana bir tilshunos olim A.B.Shevnin tarjimonlik kompetensiyasini quyidagicha taʼriflaydi “tarjimonlik kompetensiyasi bu – tarjimon uchun professional faoliyatni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur boʻlgan bilim, koʻnikma va amaliyot qobiliyatining umumiy toʻplamidir” deb taʼrif beradi. Shevnin tarjimonlik kompetensiyasini ikki qisimga boʻlib oʻrgangan.
Til malakasi – chet tili va oʻz ona tili leksikasi, grammatikasi va stilistikasni bilish;
Professional malaka – tarjimonlar tomonidan umumlashtirilga nazariy bilimlarni egallash;
Professional malaka hamda til malakasiga birdek ega boʻlgan tarjimonda tarjimonlik kompetensiyasi shakllangan deb hisoblagan.
Rus olimlari L.K.Latisheva va V.I.Provorotova Shevininning fikriga qoʻshimcha qilgan holda, tarjimonlik kompetensiyasi shakllangan tarjimon eshitish hamda toʻgʻri talaffuz qilish, intonatsiya bilan gapirish, ogʻzaki tarjimada intonatsiyani toʻgʻri qoʻllay ola bilish malakasiga ham ega boʻlishi kerak deb hisoblashgan. Xususan, “Toʻgʻri talaffuz, aniq qoʻllanilgan intonatsiya, ovoz toni hamda gapdagi toʻxtamlar (pauza) orqali qilingan ogʻzaki tarjima, asliga nisbatan toʻgri hisoblanadi”. R.Vong ham bu ikki olim qarashlariga mutonosib holda “tarjimada ritmik-intonatsiya qoʻllanilganda, tarjima qilinayotgan xabar yoki maʼlumot oʻz asliyatini toʻliq saqlab qoladi va shuning bilan bir qatorda tarjimada mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan sintaktik xato va kamchliklarni ham toʻldirib ketadi” degan fikrni ilgari surishgan.
E.R.Porshnyova tarjimonlik kompetensiyasini quyidagicha taʼriflagan, yaʼni, “kompetensiya bu tarjimon faoliyatining taxminiy yoki aniq baholanish koʻrsatgichi boʻlib, bunda tarjima qilish koʻnikmalarini bosqichlarga ajratib, faoliyat vakolatlarini shakllantirish imkonini, yaʼni tarjima funksiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini beradi”. Qoʻshimcha sifatida Porshnyova tarjimonlik kompetensiyasiga ega boʻlgan malakali tarjimon deganda, tarjimonning lingvistik, kommunikativ, semantik, lingvokulturologik kompetensiyalari ham maksimal darajada rivojlangan mutaxassisni tushunishini keltirib oʻtadi. Bu borada mahalliy hamda yevropa tilshunos olimlari orasida Porshnyova taʼrafdorlari hamda uning fikrlariga qarshi fikr bildiruvchilar ham bor. Tahlillar shuni koʻrsatdiki, tarjimon ega boʻlishi kerak boʻlgan asosiy xususiyatlar har bitta tarjima muallifi uchun individual tarzda belgilanishi lozim, chunki tarjima pozitsiyalarida sezilarli farqlar mavjud boʻlishi mumkin. Lekin shu bilan birga, tarjimonlik kompetensiyasi, qobiliyati tushunchasi deganda tarjimonning quyidagilarga tayyorligi tushuniladi:
a) til normalariga (tilshunoslik) muvofiq bayonnoma tuzish;
b) aloqa vositalarining vazifalari va shartlari bilan (kommunikativ vakolat) bogʻliq;
c) xabarning semantik mazmunini ajratib olish, eslab qolish va yaratish (semantik vakolat);
d) lingvistik vositalarning kontekstual maʼnosini va ularni oʻzgartirish (talqin etuvchi);
e) matnning turini, uslubini va janrini farqlash, shuningdek matnni muayyan tipologiyaga muvofiq yaratish va takrorlash;
f) muayyan kommunikativ vaziyat (madaniyatlararo vakolat) ning ijtimoiy-madaniy kontekstini hisobga olgan holda turli madaniyat vakillarining nutq
va nutqqa xos boʻlmagan xatti-harakatlarini tushuntirib berish va uni toʻgʻri baholash.
Aynan shu mavzu yuzasidan rus tilshunos olimi A.B.Shevninning qilgan oxirgi ishida, tarjimonning uslub janriga alohida toʻxtalib oʻtilgan. Unda muallif quyidagilarni bayon qiladi, yaʼni tarjimon tarjimani qilar ekan u “ikki parametrni tanlashi, bilishi, hisobga olishi kerak: matnning (ogʻzaki yoki yozma) qaysi janrda ishlab chiqilgan va qanday funksional uslub bilan ishlaydi”, chunki bu ikki parametr matnning oʻziga xos xususiyatlarini, uning taxminiy va semantik ranglarini aniqlaydi va rasmiy strukturaviy til uslubini belgilaydi .
Bu borada oʻzbek tilshunos olimi I.M.Toʻxtasinov oʻzining “Tarjimon tayyorlashda kasbiy kompetensiyalarni ekvivalentlik hodisasi asosida rivojlantirish” deb nomlangan doktorlik dissertatsiyasida quyidagi fikrlarni bildirgan, “Jahon amaliyotida tarjimonning kasbiy kompetensiyasini shakllantirishga integral yondashuv, texnik malakalar, til borasidagi mahorat, terminologiya va terminografiyani takomillashtirish, tarjimon kompetensiyasini baholash, tarjima jarayonida ikki til madaniyatida soʻzlar muqobilligini topish, tarjimonlar yoʻl qoʻyadigan tipik xatolarning oldini olishga qaratilgan korrektiv mashqlar tizimini yaratish alohida ahamiyatga molikdir. Shu jihatdan tarjimon tayyorlovchi muassasalarning oʻquv dasturlarida tarjimonning lingvistik, sotsiolingvistik, pragmatik va madaniyatlararo muloqot kompetensiyalarini shakllantirish orqali tarjimonning kasbiy kompetensiyasini rivojlantirish zaruriyatini izohlaydi.
Darhaqiqat, chet tilini yaxshi bilgan har qanday mutaxassis ham tarjmon boʻlib qolmaydi. Tarjimon keng ampulada ishlay oladigan, oʻzida lingvistik, sotsiolingvistik, pragmatik va madaniyatlararo muloqot kompetensiyalarini shakllantira olgan, keng fikrlovchi, nutqi rivojlangan, juda katta soʻz boyligiga ega boʻlgan shaxsdir.
Tarjimashunoslikda olib borilayotgan tadqiqotlar bevosita shuni koʻrsatmoqdaki, tarjimon tarjimaning lingvomadaniy muammolari, pragmatik muammolar, progmatik assotsatsiya, realiyalar tarjimasi, tarjimada assonans va dissonans holatlar, oʻquvchiga adekvat tarjimani taqdim etish dolzarb masalalar boʻlib qolmoqda.
Umuman olganda, “Kompetensiya” erkin tushuniladigan tushuncha boʻlib, har bir insonning umumjamlangan bilim, koʻnikma va malakalar jamlammasidir. Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, qobiliyat esa professional kompetensiyaning dastlabki koʻrinishlaridan biridir. Bozor iqtisodiyoti davrida kundan-kun oʻsib borayotgan talab natijasida shu ayon boʻlmoqdaki, aynan mehnat bozorida talabgorlardan professional malakaga ega boʻlish talab etilmoqda. L.K.Latishev kompetensiyaga shunday taʼrif beradi: “ Kompetensiya bu- tarjimonga oʻz professional vazifalarini yechishda yordam beradigan bilim, koʻnikma, qobiliyat hamda malaka yigʻindisidir”.
Y.Xols-Myanttyari tarjimonlik kompetensiyasini professional faoliyatda qoʻllashda uch asosiy talabni qoʻyadi:
1) Tarjimon mutaxassis sifatida, kommunikativ koʻnikmalarni tahlil qila olishi, mant muallifi, manbaa, tarjima matnini qabul qiluvchilar orasidagi madaniyatlararo koʻrinmas koʻprik vazifani bajarishi;
2) Tarjimon matnlarni “loyihalash” qobiliyatiga ega boʻlishi kerak. Undan nafaqat chet tilini bilish, balkim boshqa madaniyat vakillari bilan qanday usulda gaplashish (yozish) mumkinligini, qanday va qanaqa muloqot vositalaridan foydalanish kerakligini bilish talab etiladi.
3) Tarjimon tadqiqot olib borish qobiliyatiga ega boʻlishi, yaʼni gapirayotgan va yozayotgan narsasini mazmunli va funksional ravishda tadqiq qila olishi, shu asnoda bilim malakasini oshirib borishi lozim.
Shunday qilib Y.Xols-Myanttyari tarjimonlik kompetensiyasini asosini lingvokulturologiya tashkil qiladi deb taʼkidlaydi.
Xulosa qilib aytganda, hozirda Oʻzbekistonning har sohada turli mamlakatlar bilan jadal rivojlanayotgan hamkorliklar sharoitida, xorijiy tilda ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnata oladigan, muayyan sohaning terminologiyasi, professional faoliyat va original materiallar bilan ishlashga qodir, malakali hamda sifatli tarjimon-mutaxassislarni tayyorlash vazifasi ilgari qoʻyilayabdi. Bugungi kunda oliy taʼlim tizimining sifati deganda, yetishib chiqayotgan yosh mutaxassisning zamon talablariga javob bera oladigan professional tayyorgarligi, uning “professional kompetensiyasi” tarzida tushunilmoqda. Lekin tarjimon toʻla qonli professional kompetensiyaga ega boʻlishi uchun yetarli malaka hamda tajriba ham ega boʻlmogʻi lozim.
Soliha Anorboyeva, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti
mustaqil izlanuvchisi