Namanganning mehnatkash, faol, ilmli xalqi yaxshi yashashga munosib

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 26-27-iyun kunlari Namangan viloyatida boʻldi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentimiz ishtirokida Namangan shahrida viloyat va tuman hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari bilan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

– Keyingi paytlarda anʼanaga aylanganidek bir-birimiz bilan ochiqcha gaplashib, muammolarni mahallalardan boshlab tumanlar miqyosida oʻrtaga tashlasak, shu asosida bir yilga reja qilib olsak, oʻylaymanki ushbu yigʻilishimizdan koʻzlangan natijaga erishamiz. Eng katta maqsad-muddaomiz – odamlarni rozi qilish. Shu bois bugun viloyat faollari, har bir tuman mutasaddilari oʻzlarining takliflarini berishi kerak. Kelgusi yilga qanday rejalar qilamiz, qanday imkoniyatlarimiz bor, bugun shularni gaplashamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz joylarda yutuqlar borligini, oʻzgarishlar boʻlayotganini, lekin bular hali koʻzlagan marralarimizga mos emasligini taʼkidladi.

– Toʻgʻri gapni gapirgan odam – islohotlarga xayrixoh. Achchiq gaplardan toʻgʻri xulosalar chiqarib yoʻlimizni topib olishga harakat qilsak, eng katta marramiz shu boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda eskicha tushunchada qolib ketgan rahbarlar yoʻq emasligi qayd etildi. Pandemiya sharoitida yuzaga kelgan inqiroz paytida iqtisodiyotni tiklash juda ogʻir masala ekani, bu joylardagi ijro organlari mutasaddilaridan katta masʼuliyat talab qilishi taʼkidlandi. Namangan viloyatini rivojlantirish boʻyicha eng maqbul yoʻlni topib, iqtisodiyotni yurgizish, ish oʻrinlari yaratib, aholining bandligini taʼminlash eng katta masala boʻlib qolayotgani aytib oʻtildi.

Yigʻilishda Namangan viloyatida kambagʻallikni qisqartirish, taʼlim muassasalari bitiruvchilarini kasb-hunarga qamrab olish va aholi daromadlarini koʻpaytirish boʻyicha hozirgi ahvol puxta tahlil qilinib, amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Bugungi kunda viloyatda oʻsish nuqtalarini aniqlash va ishga solish, shu orqali aholi farovonligini oshirish olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning eng muhim sharti hisoblanadi. Prezident bu borada viloyatda tashkil etilishi zarur boʻlgan ishlarga alohida eʼtibor qaratdi.

Jumladan, sanoat, kichik va oʻrta biznes, hunarmandchilik, xizmat koʻrsatish sohalari viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishning eng muhim drayverlari boʻla oladi. Ushbu sohalar boʻyicha Namanganda katta tajriba bor. Shunga muvofiq, viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali muhtoj oilalarning 12 mingdan ortiq ishsiz aʼzolarini band qilish va yil oxiriga qadar kambagʻal oilalar safidan chiqarish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi. Xususan, savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi 600 ta tadbirkor faoliyatini tiklash orqali 2 mingta xodim ish joyiga qaytadi.

Davlatimiz rahbari tuman va shaharlar kesimida viloyatda xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va ushbu loyihalar uchun 80 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini qayd etdi. Ushbu mablagʻga qoʻshimcha ravishda yana 100 milliard soʻm ajratiladi. Karantin sharoitida tushumi kamaygan tadbirkorlarni aylanma mablagʻ bilan taʼminlashga 2,3 trillion soʻm, joriy yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga 350 milliard soʻm kreditlar yoʻnaltiriladi.

Viloyatda zargarlik sanoatini rivojlantirish, Namangan shahrida 2 yilda 4 mingta yangi ish oʻrni yaratiladigan zamonaviy zargarlik markazi tashkil etish, bu yerda “ustoz-shogird” tamoyili asosida ishsiz yurgan yoshlarni hunarmandchilikka jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

2020-2021-yillarda Chortoq tumanini kompleks rivojlantirish, hududdagi foydalanilmay yotgan 3 ming gektar yerni oʻzlashtirish va tuproq-iqlim sharoitiga mos ekinlarni joylashtirish choralari koʻriladi.

Viloyatda 2020-2021-yillarda qiymati 16,3 trillion soʻm boʻlgan 1953 ta hududiy loyiha amalga oshirilib, 55 ming yangi ish oʻrni yaratiladi. Shundan joriy yilda umumiy qiymati 8,3 trillion soʻm boʻlgan 1652 ta loyiha hayotga joriy etilib, 35 mingta yangi ish oʻrni tashkil etiladi.

Bugungi kunda Yevropadagi mashhur brendlar Namanganning kostyum-shimlarini tan olmoqda. Shu bois, yirik toʻqimachilik korxonalariga yer ajratilib, viloyatda paxtani chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga oʻtilmoqda.

Prezident paxta-toʻqimachilik klasterlari ushbu eʼtiborga munosib harakat qilishlari, koʻproq daromad olib, odamlarni ish bilan taʼminlashi zarurligini taʼkidladi.

Viloyatda quyonchilik, asalarichilik, chorvachilik, parrandachilik boʻyicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish belgilandi. Namangan tumanida 4806 ta xonadonda issiqxonalar tashkil etish, yil oxirigacha chorvachilik yoʻnalishida qiymati 386 milliard soʻm boʻlgan 84 ta loyihani amalga oshirishni yakunlash topshirildi.

Bunda chetdan 13 ming bosh naslli qoramol, 13 ming bosh joʻn yoʻnalishidagi echki va shuncha qoʻy olib kelib, Pop va Chust tumanlaridagi xonadonlarga tarqatiladi. Yillik quvvati 10 ming tonna sut va ming tonna goʻshtni qayta ishlash boʻyicha yangi quvvatlar ishga tushiriladi.

Yigʻilishda uy-joy va infratuzilma qurilishi, aholini ichimlik suv bilan taʼminlash, taʼlim, madaniyat sohalarini rivojlantirish, inqirozga qarshi xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish, yangi korxonalarni barpo etish boʻyicha investitsiya loyihalarini koʻpaytirish, eksportni kengaytirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Namangan viloyati nufusi yildan-yilga kengayib bormoqda. Bu esa hududni demografik boshqarish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda qiyinchilik tugʻdirmoqda. Shu munosabat bilan Prezident Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini qayta tashkil etishni taklif qildi.

– Namanganning faol, mehnatkash, ilmli xalqi yaxshi yashashga munosib. Buning uchun davlatimiz barcha imkoniyatlarni ishga soladi, – dedi pirovardida Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, iqtisodiyot tarmoqlari mutasaddilari, hokimlar hisoboti eshitildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining ramziy darvozalaridan biri hisoblangan Namangan temir yoʻl vokzalida amalga oshirilgan qurilish-rekonstruksiya ishlarini koʻzdan kechirdi.

Mahalliy aholi va xorijlik sayyohlarga temir yoʻl transporti xizmatini koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida vokzalda 24 milliard soʻmlik bunyodkorlik ishlari bajarildi.

Vokzaldagi kutish zallari, bufet, tibbiyot punkti, ona va bola xonasi, elektron maʼlumotlar markazi, kutubxona, milliy sovgʻalar, gazeta-jurnallar shoxobchasi, yuklarni vaqtinchalik saqlash xizmati kabi barcha boʻlimlar zamonaviy andozalarda tashkil etildi. Bundan tashqari, majmuaga qoʻshimcha ravishda oʻttiz uch oʻrinli mehmonxona qurib bitkazildi.

Ushbu ishlar natijasida Namangan temir yoʻl vokzali zamonaviy qiyofa kasb etib, bir vaqtning oʻzida 250 nafar, sutkasiga 2,5 ming nafar yoʻlovchiga zamonaviy xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻldi.

Vokzal Fargʻona vodiysi halqa temir yoʻli boʻylab tezkor elektropoyezdlar qatnovida vodiy shaharlari va mamlakatimizning boshqa hududlari bilan transport bogʻlanishida muhim boʻgʻin boʻlib xizmat qiladi.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi yakuniga yetdi.

M.ELMURODOV,
Z.JONIBEKOV,
A.SATTOROV,
OʻzA maxsus muxbirlari

 

O’zA