Serdaromad va ijtimoiy ahamiyatli tarmoq istiqbollari belgilandi

Shavkat Mirziyoyev Uchqoʻrgʻon tumani Norin daryosi boʻyida joylashgan noyob baliq turlarini ishlab chiqarish korxonasi – “DB Group Eco” faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda uzoq yillar davomida mazkur tarmoqni tizimli va ilmiy yondashuvlarga asoslangan holda rivojlantirishga yetarlicha eʼtibor qaratilmadi. Bu baliqchilikning imkoniyatlarini chekladi, xoʻjaliklarda hosil yetishtirish quvvati kamayishiga sabab boʻldi. Hozirda baliq yetishtirish nafaqat serdaromad soha, balki uning ijtimoiy ahamiyati katta ekanligi inobatga olinib, bu bilan shugʻullanayotgan qator tadbirkorlik subyektlariga davlat tomonidan subsidiya va imtiyozlar joriy etilmoqda.

Davlatimiz rahbari ushbu sanoat salohiyatini oshirish, aholi taomnomasini baliq mahsulotlari bilan boyitish, sohaga innovatsiyalarni joriy etish, togʻoldi hududlarda intensiv usulda baliq yetishtirib, eksport hajmini oshirish masalalariga koʻp marta toʻxtalgan. 2017-yilda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etildi. Respublikada jami 4000 ga yaqin baliqchilik xoʻjaligi faoliyat koʻrsatmoqda. Yiliga 190 ming tonna ushbu inson organizmi uchun foydali mahsulot yetishtirilyapti.

Mamlakatimiz hududlarida intensiv usulda baliq parvarishlash korxonalari soni ham ortib bormoqda. Jumladan, 2019-yilda Namangan viloyatida baliq yetishtirish 6 ming 932 tonnani tashkil etgan boʻlsa, joriy yilga kelib bu koʻrsatkich 20 ming tonnaga yetishi kutilmoqda.

2018-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu viloyatga tashrifi davomida loyiha sifatida taqdimot qilingan “DB Group Eco” korxonasi 2019-yilda oʻz faoliyatini boshladi. Amalga oshirilgan loyiha qiymati 40 milliard soʻm boʻlib, shundan 28 milliardi bank krediti, 12,5 milliardi esa loyiha tashabbuskori mablagʻidir.

Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 1500 tonna baliq mahsulotini tashkil qiladi. Bu yerda Yevropa tajribasiga asoslangan holda baliqning noyob turlari, forel va losos baliqlarini intensiv usulda yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Baliq uvildiriqlari va ozuqasi Daniya va Germaniyadan keltiriladi.

Asosan chuchuk va kislorodga toʻyingan suvlarda yashaydigan, sovuqsevar ushbu baliq turlarini yetishtirish uchun korxona hovuzlariga suv Norin daryosining oʻzidan quyiladi va suv aylanma oqim bilan yana daryoning oʻziga qaytadi. Bunda ortiqcha suv va energiya resursi sarflanmaydi.

Baliq uvildiriqdan to tovar holatiga yetguniga qadar 1-1,5 yil vaqt davomida parvarishlanadi. Korxona tasarrufidagi 5 gektar joyda uvildiriq va chavoqlar yetishtirish uchun yopiq suv havzalari hamda 66 ta ochiq hovuzlar barpo etilgan. 100 ta ish oʻrni yaratilgan. Korxona toʻliq ishga tushgach, 2000 tonna baliq chavogʻi yetishtirish imkoniga ega boʻladi. Ayni vaqtda forel muzlatilgan holda, shuningdek, sovuq va issiq dudlangan, file va kam tuzlangan holatda ichki bozorga chiqarilmoqda.

– Aholi uchun bunday noyob baliq turlari hamyonbop boʻlishi kerak. Buning uchun esa baliqning ozuqa-yemini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish zarur. Tannarx tushsagina bozori chaqqon boʻladi, odamlar dasturxoniga baliq yetib boradi, tadbirkor uchun ham foyda ikki hissaga ortadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Mutaxassislar forelni xonbaliq deb atashadi, u fosfor, omega-3 va omega-6 kabi yogʻ kislotalariga boy. Uning isteʼmoli insonda qon-tomir va asab kasalliklari, xotira susayishi kabi xastaliklarning oldini oladi. Shu sababdan forel mahsulotlariga nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham talab katta. Korxona yil soʻnggiga qadar Singapur va Rossiyaga 300 tonna baliq eksport qilishni rejalashtirgan.

Prezidentimiz bunday korxonalarning qurilish loyihalarida baliq yetishtirishning oʻziga xos jihatlarini inobatga olib, jiddiy yondashish lozimligini taʼkidladi. Viloyatning Uchqoʻrgʻon, Mingbuloq, Uychi, Pop va Norin tumanlarida 299 milliard soʻm qiymatga ega 75 ta yangi loyiha amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbari viloyatda qishloq xoʻjaligining turli tarmoqlari, xususan, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, echkichilikni rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Masalan, viloyatda 2020-yilda chorvachilik tarmogʻi boʻyicha 84 ta yangi loyiha amalga oshiriladi, goʻsht va sutni qayta ishlash korxonalari tashkil etiladi. Pop tumani azaldan jun yoʻnalishidagi echkichilik bilan shugʻullanishga ixtisoslashgan.

Davlatimiz rahbari yoʻqolib ketgan shu tajribani qayta tiklash, jun yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha klaster tashkil qilish, Pop va Chust tumanlaridagi 1,500 ming xonadonga 20 mingta qoʻy va echkini shartnoma asosida tarqatish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Parrandachilik yoʻnalishida esa 39 ta loyiha amalga oshiriladi, 440 ta ish oʻrni yaratiladi. Tijorat banki tomonidan asalarichilik yoʻnalishi boʻyicha ham 46 ta loyiha moliyalashtiriladi.

Davlatimiz rahbari asalarichilikni rivojlantirish boʻyicha kompleks dastur ishlab chiqish, Namangan shahrida 10 ming tonna eksportbop asal tayyorlash, qadoqlash va sotishga ixtisoslashgan kompleksni ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

 

O’zA