Maʼlumki, bu yil Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida Buyuk Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir 9-may kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi sababli uni tashkillashtirish keyingi muddatlarga surildi. Zafarli 1945-yilda Gʻalabaning birinchi markaziy paradi 24-iyun sanasida oʻtkazilgani bois joriy yil ham bunday tantana uchun aynan shu kun tanlandi.
Mazkur tarixan muhim voqeani birgalikda nishonlash maqsadida Rossiya hukumati muzaffar mamlakatlar rahbariyatlari nomiga taklifnomalar yubordi. Oʻzbekiston ham, albatta, oʻsha gʻolib davlatlar sirasida. Xalqimizning oʻsha mashʼum urushda muvaffaqiyat uchun qoʻshgan hissasi, hech mubolagʻasiz, ulkan.
Masalan, soʻnggi paytlarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida yurtimizdan 2 millionga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Front ortida ham oʻzbekistonliklar koʻrsatgan matonat kelajak avlodlarga cheksiz faxr va iftixor bagʻishlaydi.
Shu bois mamlakatimiz vakillari Gʻalabaning 75 yillik shonli sanasi munosabati bilan Moskva shahrida oʻtkaziladigan tantanaga taklif etildi.
Taʼkidlash joiz, pandemiya butun dunyoga oʻz taʼsirini koʻrsatayotgan hozirgi ogʻir sharoitda davlatimiz rahbarining bunday tadbirda ishtirok etishining oʻzi ajdodlarga xos qahramonlik ifodasidir. Ekspertlar fikriga qaraganda, mustaqil Oʻzbekiston Prezidentining ilk bor qatnashishi paradning nufuzini sezilarli darajada oshiradi.
Harbiylarimiz ham mazkur tadbirda yurtimiz istiqlolga erishganidan keyin birinchi bor ishtirok etishlari. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev kecha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Kremlda boʻlib oʻtgan uchrashuvida taʼkidlanidek, bu bizning umumiy tariximiz, umumiy gʻalabamizdir. Xalqlarimiz namoyish etgan jasorat barchamiz uchun cheksiz gʻurur manbai boʻlib xizmat qiladi.
Mamlakatimiz rahbari Moskvaning Qizil maydonida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda oʻz ishtiroki bilan Oʻzbekiston elining shonli Gʻalabaga erishishdagi umum eʼtirof etilgan buyuk xizmatiga hurmat bajo keltirdi.
Shu bilan bir qatorda, mard va jasur xalqimizning shafqatsiz urush sabab chekkan mislsiz aziyati, azob-uqubatlari yana bir bor xalqaro maydonda yodga olindi.
Boʻlib oʻtgan paradda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari vakillari ham ulugʻ ajdodlarga munosib tarzda ishtirok etdi. Umumiy hisobda, tantanada 13 ta davlatdan 225 ta harbiy texnika, 14 ming askar va ofitser qatnashdi. Rossiya poytaxti osmonidan 55 samolyot va 20 ta vertolyotning uchib oʻtishi bayramga oʻzgacha ruh bagʻishladi.