Olimlar avvalgilardan ham yuz barobar kuchliroq antitelani aniqlashdi

Amsterdam universiteti tibbiyot markazi tadqiqotchilari COVID-19 bilan kasallanib chiqqan mijozda virusga qarshi yangi, yana-da kuchliroq antitelani aniqlashdi. Undagi antitela avval koronavirusga chalingan bemorlarda paydo boʻlgan antiteladan ham bir necha barobar kuchli boʻlib chiqdi, deb xabar qiladi NL Times nashri vrachlar bergan maʼlumotga tayanib.

Olimlar koronavirusni davolaydigan dorini yaratishda qoʻl keladigan ikkita proteinni topishdi. “Ushbu yangi antitela avvalgilaridan yuz barobar kuchli”, – deydi tadqiqot guruhi rahbari doktor Marit van Gils.

Xabarda taʼkidlanishicha, agar antitela shunchalik kuchli boʻlsa, demak kasallikni samarali davolash uchun u kamroq talab etiladi, bu esa antitelani ishlab chiqarish arzon boʻladi, deganidir.

“Biz COVID-19ga chalingan bemorlarning qonidan olingan barcha antitelani laboratoriyada testdan oʻtkazdik va eng kuchli variantlarini ajratib oldik”, – dedi shifokor.

Navbatdagi qadam antitelani qoʻllashda uning xavfsizligini isbotlashdan iborat. Avval boshda laboratoriyadagi hayvonlarda test oʻtkaziladi. Agar test muvaffaqiyatli oʻtsa, keyin odamlarda sinab koʻriladi. Doktor van Gils insonlarda sinab koʻrish kelasi yilning boshidan boshlanishi mumkinligiga umid bildirdi. Shundan keyingina, keng koʻlamda ishlab chiqarishga kirishiladi, deydi u.

Amsterdamlik tadqiqotchilar COVID-19dan davolanib chiqqan bemorlarning qonini testdan oʻtkazish va yana-da kuchliroq antitelani topish yoʻlidagi sayʼ-harakatlarini kelgusida ham davom ettirish niyatida. Ular antitelalardan oʻziga xos “kokteyl” yaratishmoqchi. Bu koronavirusga chalinishning oldini oluvchi vaksina kabi qisqa muddatda taʼsir koʻrsatuvchi vosita boʻlishi lozim, deydi olimlar.

 

OʻzA