Bugun matbuotda…

NIMALAR CHOP ETILGAN?
“Biz siz uchun ishdamiz, siz biz uchun uyda qoling!” Bugun Oʻzbekistonda ana shu shior ostida kunlarni tunlarga ulab mehnat qilayotgan zahmatkash soha vakillari orasida matbuotchilarimiz ham bor!
Xoʻsh, ular seshanba tongida gazetxonlar bilan nimalarni baham koʻrishgan?
Sharhimizni “Xalq soʻzi” gazetasidan olingan quyidagi iqtibos bilan boshlaymiz:
«AQSHning Alabama shtatida joylashgan Enterprayz shahrida uzun burunli paxta qoʻngʻizi sharafiga oʻrnatilgan antiqa yodkorlik mavjud. Ajablanmang! Ha, aynan qoʻngʻiz sharafiga tiklangan haykal! Mana, 100-yildirki, u mahalliy aholining shukronalik ramzi sifatida qadrlab kelinadi.
Aslida bu voqeaning tarixi qiziq. XIX asrda Alabama shtatidapaxta yetishtirish mahalliy fermerlarning asosiy daromad manbai boʻlgan. Biroq oʻsha asr oxirlarida shtat hududiga Meksika tomonlardan uzun burunli qoʻngʻiz – paxta zararkunandasi yopirilib kiradi… Bu hasharotga qarshi kurashishda turli kimyoviy vositalar ham kor qilmaydi… Shu tariqa XX asr boshlarida fermerlar inqiroz yoqasiga kelib qoladi. Ana shunday murakkab vaziyatda mahalliy yer egalaridan biri bankirlar tavsiyasiga amal qilib, paxta maydonlari oʻrniga yeryongʻoq ekadi. Qarangki, bu katta tavakkalchilik oʻzini oqlaydi. Fermer shu yilning oʻzida yeryongʻoqdan 8000 bushel (1 bushel taxminan 38,671 kilogramm) hosil oladi. Buning hisobidan mulkdor qarzlaridan qutilibgina qolmay, moʻmay daromad ham koʻradi. Shu-shu, boshqa fermerlar ham paxta oʻrniga ommaviy ravishda yeryongʻoq eka boshlaydilar. Natijada yer egalarining boyligiga boylik qoʻshilaveradi. Omilkorlik ortidan “kosasi oqarayotgan” mahalliy fermerlar uzun burunli paxta qoʻngʻiziga minnatdorlik ramzi sifatida 1919-yilda Enterprayz shaharchasida monument oʻrnatadilar… Xoʻsh, koʻsak qurtining Oʻzbekistondagi sanoat siyosatiga qanday aloqasi bor? Bu savol javobini“Oʻzbekistonda sanoatlashtirish siyosati: global inqiroz sharoitida qanday amalga oshirilmoqda?” sarlavhali maqolada oʻqiysiz.
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan akademik Shavkat Ayupovning tahliliy materialida yana bir shunday dolzarb mavzu qalamga olingan:
«Muhandis matematikani bilmasa, u muhandis boʻla olmaydi, – deb yozadi muallif. – Ilgaritexnika oʻquv yurtlarida matematika toʻrt semestr – ikki yil mukammal oʻqitilardi. “Bu ogʻir fan, oʻqitishni murakkablashtirmaylik”, deya dars soatlari kamaytirilib, shu darajaga keldiki, koʻp sohalarda talabalar bu fanni yaxshi oʻzlashtira olmaydigan boʻlib qoldi. Matematikani yaxshi bilmagan odam yetuk muhandis yoki iqtisodchi boʻla olmaydi. Shuning uchun oliy taʼlim vazirligiga matematikani oʻqitish soatlarini qayta koʻrib chiqish topshirigʻi berildi…»
…Qarshi tumanidagi Alisher Navoiy nomidagi mahalla hududida tajriba tarzida “Atirgul” issiqxonasi tashkil etilgan. Loyihaning umumiy qiymati 1,7 million AQSH dollariga teng. Hozir bu yerda 1,3 gektar yerda 5 turdagi Niderlandiya atirguli yetishtirilyapti. Issiqxona egasi tadbirkor Qudrat Toshev pandemiya sharoitida jasorat namunasini koʻrsatayotgan ekan. Xususan, u besh mingdan ortiq tibbiyot xodimlariga bu yil yetishtirilgan atirgullardan sovgʻa qilibdi. “Narodnoye slovo” gazetasida eʼlon qilingan Oybek Boltaboyevning “V oranjereye zablagouxali gollandskiye rozы” (“Oranjereyada golland atirgullarining xushbuy ifori”) sarlavhali materialda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning Qashqadaryo viloyatiga safari haqida soʻz boradi.
“Pravda vostoka” gazetasida bosilgan “Nachinayuщiye injenerы iz Oʻzbekistana sozdali prototip apparata IVL” sarlavhali materialda esa Toshkentdagi Turin politexnika universitetida roʻyobga chiqarilgan yangi innovatsion loyiha tafsilotlari keltirilgan. Unda taʼkidlanishicha, hozir koʻpchilik yurtdoshlarimiz koronavirus tufayli shifoxonalarda oʻpka yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Ularga koʻmak berish maqsadida yosh tadqiqotchilarimiz sunʼiy nafas olish qurilmasining muqobilini yaratishdi. Toʻgʻri, bunday qurilmalar rivojlangan davlatlarda ishlab chiqariladi. Ammo narxi nihoyatda qimmat – 14-15 ming dollar atrofida.Oʻzbekistonlik muhandislar yaratgan texnologiya bahosi esa bor-yoʻgʻi 100-200 dollar…
“Ishonch” gazetasida berilgan Faxriddin Solihovning “Yoʻl qurmoq – savob, buzish-chi?..” nomli maqolasida yoʻl qurilishi sohasidagi mavjud muammolar, oʻrganishlar chogʻida aniqlangan huquqbuzarliklar, yoʻllardagi noqonuniy qazishlar, milliardlab soʻm sarfi haqida soʻz boradi.
“Poyezdga almashtirilmaydigan hassa” nomli maqolada esa yaxshilik, saxovat hamda ezgulik ulashish, ehtiyojmand insonlar koʻnglini shod etishning nechogʻli katta qahramonlik ekani qalamga olingan. Buni muallif Normurod Musomov ishtixonlik tanti tadbirkorning saxovati misolida bayon etadi.
Ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyevning “Yana oʻsha… Kanizak haqida” sarlavhali maqolasi tarixiy manbalar asosida oʻtmishni qayta idrok etish, nomi qora qilingan shaxslar hayotiga haqqoniy nazar solishga undaydi.
“Oʻzbekiston bunyodkori” gazetasi Soʻx tumanidagi mavjud muammolar tahlili va ular yechimi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga sahifalarida keng oʻrin ajratgan. Mazkur maqolada yozilishicha, tumandagi katta muammolardan biri ishsizlikdir. Bu yerning 31 foiz aholisi asosan xorijiy davlatlarda migrant boʻlib ishlaydi. Koronavirus pandemiyasi tufayli 14 mingga yaqin kishi ishsiz qolgan. Bugun ularning bandligini taʼminlash, daromad topishiga koʻmaklashish boʻyicha ish olib borilyapti…
* * *
Yangi rukn va maqola haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.

 

OʻzA