Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-iyun kuni poytaxtimizning Olmazor tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.
Prezidentimiz dastlab Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga shu yil yanvar oyidagi Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yoʻnalishi rivojlantirilishini aytgan edi. Joriy yilda matematika fani ana shulardan biri sifatida belgilandi.
Bu xalqimizni ham, ilmiy jamoatchilikni ham gʻoyat quvontirdi. Chunki matematika yurtimizda chuqur tarixiy asosga ega va bugungi kunda taraqqiyot uchun gʻoyat dolzarb.
Mamlakatimizda ushbu yoʻnalishni rivojlantirishda Fanlar akademiyasining Matematika instituti katta oʻrin tutadi. 1943-yilda tashkil etilgan bu dargoh oʻtgan davrda matematik tadqiqotlarning yirik markazlaridan biriga aylangan. Bu yerda shakllangan algebra va funksional analiz, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika boʻyicha ilmiy maktablar jahon olimlari tomonidan eʼtirof etilgan.
2019-yilda mazkur fanni rivojlantirish boʻyicha muhim qadam tashlangan edi. 9-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Matematika taʼlimi va fanlarini yana-da rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror asosida Matematika institutiga qator imtiyozlar berildi, jumladan, zamonaviy bino bilan taʼminlash belgilandi. Chunki institut shu paytgacha eski, taʼmirtalab binoda ish yuritib kelayotgan edi.
Matematiklarga zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida Olmazor tumanidagi Talabalar shaharchasida yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz bu yerda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Yangi imoratda 7 ta ilmiy laboratoriya va “Yosh matematiklar” markazi faoliyat yuritadi. Binoning shinam qavatlarida axborot-resurs markazi va seminar xonalari, akademik va tadqiqotchilar uchun kabinetlar, kutubxona, majlislar zali, oshxona joylashgan. Xonalar eng ilgʻor texnika va uskunalar bilan jihozlangan.
– Bu zamonaviy institut barcha olimlar uchun maʼrifat markazi boʻlishi kerak. Matematika koʻp fanlarga yoʻl ochadi. Uni Talabalar shaharchasida barpo etganimiz bejiz emas. Bu institut taʼlim va ilm-fan oʻrtasida uzviylikni taʼminlashi, mamlakatimiz rivojiga zamin yaratishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
2020-yil 7-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unda matematika ilm-fani va taʼlimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan qator vazifalar belgilandi.
Shu yerda taʼlim sohasi mutasaddilari, rektor va olimlar bilan muloqot boʻldi.
– Matematika fanining tamal toshini Al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy kabi ulugʻ bobolarimiz qoʻygan. Bu bizning qonimizda bor. Lekin oxirgi yigirma yilda matematikadan bilim darajasi pasayib ketdi. Chunki oʻqituvchilarga kerakli eʼtibor, munosib oylik berolmadik, pirovard maqsad qoʻya olmadik. Buning oqibati hozir koʻpdan-koʻp sohalarda sezilyapti. Bugun bu fanni rivojlantirishdan maqsadimiz – matematika boʻyicha raqobat muhitini yaratish, sanoat, muhandislik yoʻnalishlarida yetuk kadrlar tayyorlash, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari joriy yil 31-may kuni olimlar bilan uchrashuvda matematik ongni bogʻchadan boshlab shakllantirish zarurligini taʼkidlagan edi. Shundan kelib chiqib, Matematika institutida maktabgacha taʼlim, maktablar va oliy oʻquv yurtlaridagi darslarni muvofiqlashtiradigan tizim yoʻlga qoʻyilmoqda.
Shu boradagi taqdimot bilan tanishar ekan, Prezidentimiz “matematika oʻqituvchilarining bilim va malakasi boʻyicha har bir tuman kesimida tahlil bormi? Moddiy va tashkiliy jihatdan yana nimalar qilishimiz kerak?” deya savollar qoʻydi.
– Kechagi dars berish uslubi bilan matematikani jadal rivojlantirib boʻlmaydi. Shu bois avval amalda yaxshi natija bergan xorijiy metodika asosida taʼlim dasturlari yaratib, oʻqituvchilarni qayta tayyorlash zarur. Metodika shunday boʻlishi kerakki, u bolalarda matematikaga muhabbat uygʻotsin. Buning uchun oʻquvchilar bu fan hayotda, har bir sohada kerakligini anglashi zarur. Yoshlar imtihondan oʻtish uchun emas, bilimli mutaxassis boʻlish uchun oʻqishi lozim, – deb taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Oxirgi besh-oʻn yilda matematika yoʻnalishi boʻyicha universitetlarni bitirgan yoshlarni topib, xohishiga qarab qayta tayyorlab, maktablarga, fan nomzodlarini esa oliy taʼlim muassasalariga ishga jalb etish muhimligi taʼkidlandi. Matematika kafedra mudirlarini saylash tartibini joriy qilish, kafedra mudirlari kengashini tuzib, doimiy tajriba almashinuvni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Matematika institutida 72 nafar ilmiy xodim, jumladan, 5 nafar akademik faoliyat yuritmoqda. Oxirgi ikki yilda 11 nafar fan doktori va 14 nafar fan nomzodi tayyorlangan. 422 ta ilmiy maqola (245 tasi chet elda), 9 ta monografiya (5 tasi chet elda) chop etilgan.
Sohadagi fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirish hajmi bir yarim barobarga oshirildi. Xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan yoshlar va ularning ustozlarini ragʻbatlantirish tizimi joriy etildi.
Muloqotda taʼlim sohasi mutasaddilari, olimlar, rektorlar Oʻzbekiston sharoitida matematika fanini oʻqitish boʻyicha platforma yaratilgani, endi taʼlim muassasalari oldida jamiyatda ushbu fanning obroʻsini yuksaltirish vazifasi turganini taʼkidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumani Talabalar shaharchasida barpo etilgan Innovatsion rivojlanish vazirligining yangi binosini borib koʻrdi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 29-noyabrdagi farmoniga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etilgan edi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohalarni jahon ilm-fani yutuqlari, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalar asosida jadal rivojlantirish ushbu vazirlikning vazifalari etib belgilangandi.
Oʻsha yili vazirlik uchun Talabalar shaharchasidan joy tanlanib, ilgʻor ilm-fan yutuqlarini mujassam etgan, olimlar, tadqiqotchilar ishlashi uchun zamonaviy muhitga ega bino qurishga kirishilgandi.
Davlatimiz rahbari 2017-yil 2-dekabr va oʻtgan yil 24-mayda bunyodkorlik ishlarining borishi bilan joyning oʻzida tanishib, ushbu vazirlik olimlarning ilmiy salohiyati birlashadigan, innovatsion gʻoyalar startaplarga aylanib, iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etiladigan markaz boʻlishi zarurligini taʼkidlagan edi.
Shu asosda har tomonlama puxta loyiha ishlab chiqildi. Natijada bu yerda poytaxtimizdagi meʼmoriy jihatdan koʻrkam binolardan biri qad rostladi.
5 qavatli binoda innovatsion muhit yaratilgan. Birinchi qavatda koʻrgazmalar zali, amfiteatr, yosh ixtirochilar xonasi, axborot boʻlimi, elektron kutubxona, qahvaxona, bolalar xonasi, fuqarolar qabulxonasi joylashgan. Ikkinchi qavatda Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi, robototexnika va mexatronika, internet dasturlari boʻyicha zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilgan. Ilmiy-texnik axborot markazi, Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi, startap xonalari uchinchi qavatda joylashgan. Yuqori qavatlardan vazirlik xodimlari uchun kabinetlar, anjumanlar zallari oʻrin olgan. Bu yerda aerokosmik tadqiqotlar va 3D prototiplashtirish boʻyicha oʻquv laboratoriyalar ham faoliyat koʻrsatadi.
Bino atrofidagi innovatsion bogʻda favvora, yozgi amfiteatr, taqdimot maydonchalari barpo etilgan.
Prezidentimiz dastlab interfaol koʻrgazma zali – “Showroom” bilan tanishdi. Ushbu koʻrgazma yetakchi xorijiy va mahalliy kompaniyalarda ishlab chiqarilayotgan innovatsion mahsulotlar, startap loyihalar toʻgʻrisida maʼlumot beradi. U turli sohalardagi 37 ta loyihani qamrab oluvchi 8 ta blokdan iborat.
Bu yerda robototexnika, texnologiyalar transferiga tegishli va Yoshlar akademiyasi aʼzolari loyihalari, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, davlat boshqaruvidagi innovatsiyalar namoyish etiladi, “aqlli” bank faoliyat koʻrsatadi.
Masalan, robototexnika burchagida yetakchi xorijiy kompaniyalarning robotlari joylashtirilgan. Bu yerga keluvchilar robotlarni yasashi yoki boshqarib koʻrishi mumkin. Sohani chuqurroq oʻrganish istagida boʻlganlar oʻrganishlarini ikkinchi qavatdagi robototexnika oʻquv-tadqiqot laboratoriyasida davom ettiradi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga oid texnologiyalar transferi boʻlimida yuqori texnologiyalar, “nou-xaular”, “aqlli” qurilmalar, kundalik hayotda qoʻllanadigan innovatsion jihozlar bilan tanishish mumkin.
Isroilning “Maya International” kompaniyasi bilan hamkorlikda sunʼiy yoʻldosh orqali quvurlardan suv sizishini aniqlaydigan texnologiya Toshkent shahriga transfer qilindi. Ushbu loyihada sunʼiy yoʻldosh orqali quvurlardan suv va gaz sizish nuqtalarini aniqlash mumkin.
Maʼlumotlarga koʻra, poytaxtimizning magistral quvurlaridagi nosozliklar tufayli yiliga 215 million kub metr suv isrof boʻlar ekan. Buni pulga chaqsa, 5 million dollardan ortiq mablagʻ deganidir. Mazkur texnologiya bunday isrofgarchiliklarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Qurilish va avtosanoat sohalariga tegishli yana bir loyiha – import oʻrnini bosuvchi, eksportga yoʻnaltiriladigan poliefir shpatlyovka va poliefir yelim ishlab chiqarish texnologiyasi transferi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Polshaning “Novol Asia” qoʻshma korxonasi tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Oʻzida toʻldiruvchi va bezak beruvchi xususiyatlarni mujassam etgan ushbu shpatlyovka avtomobil sanoati va mebelsozlikda qoʻllanilishi mumkin.
Malayziyaning “Cy Rewards” kompaniyasi bilan hamkorlikda joriy etilayotgan arzon uylar qurish texnologiyasi ham taqdim etildi. Bu texnologiyaning afzalligi 2-3 qavatli uylarni qisqa vaqtda qurish imkonini beradi. Bunda bir kvadrat metr uyning tannaxri uch yuz dollar boʻladi.
Vazirlik binosidagi interaktiv studiyada onlayn darslar, vebinarlar oʻtkazish, videodarslar yozish mumkin. Bu studiya “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarni oʻqitish, masofaviy muloqot orqali joylardagi mutaxassislar malakasini oshirishda ham qoʻl keladi.
– Mamlakatimiz yuqori texnologik sohalar boʻyicha dunyodan ortda qolib ketgan. Barcha sohalarni modernizatsiya qilish, jahon bilan hamqadam boʻlish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etib, shunday sharoitlar yaratdik. Vazirlik jamoasi yil yakuni boʻyicha bu borada aniq amaliy natijalarni koʻrsatishi kerak, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz videoaloqa tizimi orqali vazirlikning Ilgʻor texnologiyalar markazi mutaxassislari bilan muloqot qildi.
Davlatimiz tomonidan odamlarni ilm-fanga qiziqtirish va ragʻbatlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Vazirlikning yangi zamonaviy binosida buning uchun barcha sharoit muhayyo. Iqtidorli yoshlar bu yerda eng soʻnggi ishlanma va texnologiyalar bilan tanishish barobarida startap loyihalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.
Binoda kengaytirilgan virtual reallik texnologiyasi – NazzAR platformasi ishga tushirilgan. Bu texnologiya foydalanuvchilarga qoʻlidagi smartfoni orqali dunyo obyektlari bilan interfaol munosabatlarga kirishish imkonini beradi.
Prezidentimiz tibbiyotdagi innovatsiyalar, Yoshlar akademiyasi aʼzolarining loyihalari, gʻoʻzaning vilt kasalligiga chidamli yangi navlarini yaratish, gen-nokaut texnologiyasi yordamida kartoshka va bugʻdoy hosildorligini oshirish, Koreya texnologiyasi asosida qishda qovun yetishtirishga moʻljallangan issiqxona loyihalari bilan tanishdi. Vazirlik axborot xizmati, kutubxona, anjumanlar zalini koʻzdan kechirdi.
Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani taʼminlash uchun zarur tizim yaratildi. Ilmiy-tadqiqot muassasalari va olimlarning innovatsion gʻoya va loyihalari qoʻllab-quvvatlanib, qiymati 28,2 milliard soʻmlik 31 ta startap loyiha moliyalashtirildi. Xalqaro hamkorlik doirasida hozirgi kunda Germaniya, Rossiya va Belarusdagi sheriklar bilan 9,6 milliard soʻmlik 38 ta qoʻshma loyiha amalga oshirilmoqda.
Vazirlikka berilgan vakolat va yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish, ishlanmalarni soha va tarmoqlarga tatbiq etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Fayzli xonadon – chinakam baxt oshiyoni. Muqim ish joyi esa doimiy daromad kafolatidir. Odamlarimizning oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashida har ikki omilning oʻrni muhim. Shu bois, mamlakatimizda yuritilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat orqali aholining ayni shu ehtiyojini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Bundan bir yil oldin, 2019-yil 24-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Milliy universitetida oliy taʼlim va ilm-fan namoyandalari bilan uchrashgan edi. Olim va pedagoglarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratib, ular uchun koʻp qavatli uylar qurish boʻyicha koʻrsatmalar bergandi.
Shunga muvofiq, Toshkentdagi Talabalar shaharchasi hududida 6 ta 9 qavatli 216 xonadonga moʻljallangan uy bunyod etildi.
Qayd etish lozimki, ushbu koʻp qavatli uylarni qurishda eng zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanilgan. Innovatsion texnologiyalar asosida binolarning tashqi devorlari energiya tejamkor materiallar bilan qoplangan. Bu uylar qishda issiq, yozda salqin boʻlishini taʼminlaydi.
Bundan tashqari, har bir xonadon alohida isitish moslamalari bilan jihozlangan, videokuzatuv tizimiga ega. Xonadonlar taʼmirlangan, gaz plitasi, santexnika buyumlari oʻrnatilgan holda egalariga topshirildi.
Davlatimiz rahbari Olmazor tumaniga tashrifi doirasida mazkur uylarda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi, xonadon egalari bilan suhbatlashdi.
– Sizlarni, sizlar orqali bu yerda yashaydigan barcha oilalarni tabriklayman, mana shu shinam, zamonaviy uylar muborak boʻlsin! Oʻzim ham qishloqdan kelib, 15 yil ijarada yashagan odam sifatida bu narsaning qadrini juda yaxshi his qilaman. Biz olim va pedagoglardan natija kutardigu, sharoitini soʻramasdik. Sizlarni ham rozi qiladigan vaqt-soat keldi. Ilmli odamlar – mamlakatimizning oltin fondi. Ularning qoʻlida kelajagimiz boʻlgan bolalarimiz tarbiyalanadi. Oʻqituvchilar uyli boʻlib, oilasidan koʻngli toʻq boʻlsa, kasbiga mehr bilan, Vatanga sadoqat bilan ishlaydi. Bu uylar sizlarga buyursin, shu yerda toʻylar qilinglar. Farzandlaringiz, nevaralaringiz ota-onam ilmni tanlab kam boʻlmadi, deb yursin, – deya ezgu niyatlar bildirdi Prezident.
Keyingi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijasida joylarda zamonaviy tibbiy muassasalar ishga tushirilmoqda.
Olmazor tumanidagi “Nano Medical Clinic” koʻp tarmoqli tibbiyot klinikasi ana shunday subyektlardan biri.
Oʻtgan yili dekabrda ishga tushirilgan terapevtik binoda maslahat poliklinikasi, 35 oʻrinli statsionar, yadro tibbiyoti, gemodializ va terapiya boʻlimlari, laboratoriya joylashgan. Ushbu kompleks chet el loyihasi asosida barpo etilgan.
Davlatimiz rahbari bu qurilish loyihasiga alohida eʼtibor qaratdi. Har bir metr yerdan oqilona foydalanib, hamma jihatlar hisobga olingani, boshqa obyektlarni loyihalashtirishda buni oʻrganish kerakligini taʼkidladi.
Klinikada endokrinologiya, nevrologiya, kardiologiya, oftalmologiya, urologiya, otorinolaringologiya, ultratovush tashxisi, terapiya, fizioterapiya boʻyicha konservativ davolash yoʻlga qoʻyilgan. Shifo maskani raqamli rentgen, kompyuter tomografiyasi, suyak densitometri, yurak defibrillyatori kabi ilgʻor diagnostika uskunalari bilan jihozlangan. Bu yerda 15 nafar oliy toifali shifokor faoliyat olib bormoqda.
Muhim jihati, klinikada radionuklid tekshiruviga asoslangan yadro tibbiyoti va intervension radiologiya joriy qilingan. Bu turli endokrin va onkologik kasalliklarni aniqlash va davolashda katta samara beradi. Ushbu yoʻnalishlar Atom energetikasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE) nazoratida tashkil etilgan. Bundan tashqari, Germaniya, Turkiya, Rossiyadagi yetakchi tibbiy markazlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Gemodializ boʻlimi surunkali buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin boʻlgan va boshqa ichki aʼzolarning aniq diagnostikasi hamda davolash ishlarini bajaradi. Boʻlimda gemodializ, gemodiafiltratsiya va plazmaferez kabi operatsiyalar amalga oshirilmoqda.
Klinika mutaxassislari tomonidan suyak toʻqimasining mineral zichligini aniqlashning diagnostik usuli (Ultratovush suyak densitometri) ham muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Bu tekshiruv orqali suyak tizimi toʻliq oʻrganilib, osteoporoz xavfi bor yoki yoʻqligi aniqlab olinadi.
Densitometriya taqdim etgan maʼlumotlar juda qimmatli boʻlib, shifokor suyak toʻqimalarining miqdoriy zichligini raqamli hisob-kitob orqali batafsil oʻrganadi.
Bugungi kunda loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida uch qavatli jarrohlik binosi qurilmoqda. Bu aholiga jahon standartlari darajasida tibbiy xizmat koʻrsatish va yana 60 ta yangi ish oʻrni tashkil etish imkonini beradi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga xususiy tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, sogʻliqni saqlash sohasiga axborot texnologiyalarini joriy etish va ulardan samarali foydalanish borasidagi rejalar haqida ham maʼlumot berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda oʻsha yil 29-dekabrdagi “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish toʻgʻrisida”gi qarorlari bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirdi.
Misol uchun, xususiy klinikalar shugʻullanishi mumkin boʻlgan ixtisosliklar 50 tadan 129 taga koʻpaytirildi. 2022-yil 1-yanvargacha soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berildi.
Natijada 2017-yilda xususiy tibbiyot muassasalari 3 ming 454 tani tashkil qilgan boʻlsa, joriy yil 1-iyun holatiga koʻra, 5 ming 612 taga yetgan. 11 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilgan.
Hududlarda zamonaviy klinikalar tashkil etib, tibbiy xizmatlar boʻyicha raqobatni, pirovardida sifatni taʼminlash, aholi salomatligini mustahkamlash yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, Olmazor tumanidagi “ARDENT FOODS” masʼuliyati cheklangan jamiyat korxonasida boʻldi.
Bu shirkat boʻsh turgan binolar negizida yangi subyektlar tashkil etish va ish oʻrinlari yaratishga qaratilgan siyosat samarasi.
Loyiha qiymati 77 milliard soʻmdan ziyod boʻlgan korxona ikkita liniyadan iborat. Birida yigirmaga yaqin turdagi qandolat mahsulotlari, ikkinchisida tez pishadigan ovqat ingrediyentlari ishlab chiqarilmoqda. 150 kishi ish bilan taʼminlangan.
Hozirgi kunda mahsulotlar Tojikiston va Afgʻonistonga eksport qilinadi. Yangi eksport bozorlarini ochib, joriy yil yakunida eksport hajmini 45 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Mahsulotlar turini koʻpaytirib, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Prezident Olmazor tumanidagi “Next Generation Product” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Bu yerda “Royal” savdo belgisi ostida yiliga 460 ming dona elektr va quyosh energiyasi asosida ishlovchi suv isitish uskunasi, Germaniyaning “Viessmann” brendi ostida 75 ming dona suv isitish qozoni ishlab chiqariladi. Korxonada jami 530 kishi ish oʻrni bilan taʼminlangan.
Mahsulotlar Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afgʻonistonga eksport qilinmoqda.
Pandemiya sharoitiga qaramay korxonada ishlab chiqarish surʼati pasaygani yoʻq. Yanvar-may oylarida 1,8 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Yil yakunigacha koʻrsatkichni 7 million dollarga yetkazish moʻljallangan.
Davlatimiz rahbariga shu yerda istiqboldagi loyihalar haqida ham maʼlumot berildi. Prezidentimiz mahsulotlar turini koʻpaytirib, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddi rahbarlar ishtirokida Olmazor tumani faollari, nuroniylar bilan uchrashuv oʻtkazdi.
– Oxirgi uch yilda Olmazorga toʻrtinchi marta kelyapmiz. Tumanda oʻzgarish boʻlyaptimi, odamlar manfaat koʻryaptimi, nima muammolar bor, degan savollar meni qiynaydi. Bugun natijalarni tahlil qilib, sizlar bilan bamaslahat yangi yoʻnalishlar va rejalarni belgilab olishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Tumanda kambagʻallikni qisqartirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirib, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Uyma-uy yurish orqali Olmazorda 3 ming 23 ta yordamga muhtoj oila borligi aniqlangan. Shundan 568 oila aʼzosi ishga joylashtirilib, yordamga muhtojlar toifasidan chiqarildi. Bosh vazir oʻrinbosari qolgan 2 ming 455 oilani yil oxirigacha kambagʻallikdan olib chiqish boʻyicha hisobot berdi.
Joriy yilda qiymati 3 trillion soʻm boʻlgan 48 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bosh vazir oʻrinbosari toʻliq ishlatilmayotgan 12 ta davlat obyekti va ilgari xususiylashtirilib, hozir boʻsh turgan 97 ta bino va yer maydonlari negizida yangi korxonalarni tashkil etish boʻyicha loyiha takliflarini taqdimot qildi.
Davlatimiz rahbari yangi loyihalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida Toshkent tumanining Olmazorga yaqin hududidan 200 gektar yer ajratib, yangi sanoat zonasi barpo etishni taklif qildi. U yerda tashkil etiladigan korxonalarda kamida 60 mingta yangi ish oʻrni yaratish mumkin boʻladi.
“Chorsu bozori”, Zarqaynar, Sagʻbon, Sebzor, Qorasaroy, Goʻzalbogʻ va boshqa koʻcha-mahallalarda, jami 482 gektar maydonda zamonaviy turistik, savdo va dam olish maskani – “ochiq osmon ostidagi muzey” barpo etiladi. Bu yerda hunarmandchilik doʻkonlari va rastalari, choyxona va mehmonxonalar, kichik muzeylar tashkil etiladi.
“Agregat” zavodini Chirchiqqa koʻchirgan holda, uning hududida Olmazor aholisi uchun 12-14-16 qavatli arzon uylar qurish, Toshkent tumanida Olmazorga yaqin hududda 260 gektar yerda 150 ming aholiga moʻljallangan yoʻldosh shaharcha barpo etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Jamoatchilik vakillari tumanda amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha fikr va takliflarini bildirdi.