Brakonerlikka qarshi kurash oyligi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham keng koʻlamli chora-tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tizimidagi inspektorlar noqonuniy ov va baliq ovlash bilan shugʻullanadigan qonunbuzarlarga va oʻsimlik dunyosidan noqonuniy foydalanadigan, daraxt va butalarni ruxsatsiz kesadigan huquqbuzarlarga qarshi keskin kurashmoqda.
Jumladan, oʻtkazilgan reyd tadbirida Taxtakoʻpir tumani «Dauran qos» ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi fuqarolar Sh.Ye. va K.D. tomonidan 52 dona ilonbaliqlar ovlangani aniqlandi. Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan 11 million 596 ming soʻm zarar hisoblandi va sud organiga oʻtkazish uchun hujjatlar tayyorlandi. Ashyoviy dalil sifatida olingan baliqlar Nukus shahridagi Nogironlar uyushmasiga xayriya ehson sifatida topshirildi.
Baliq ovi man qilingan bir paytda joriy yil may oyining oʻzida 19 ta noqonuniy baliq ovlash holati kuzatildi. Bularning barchasi uchun 124 million 292 ming soʻm miqdorida zarar hisoblandi va tegishliligi boʻyicha sud hamda prokuratura organlariga oʻtkazildi. Birgina iyun oyining oʻtgan davrida 7 ta fakt aniqlanib, qariyb 35 million soʻm jarima va zarar hisoblangan.