Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi toʻgʻrisida AXBOROT

Bugun, 11-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisini joriy yil 19-iyun kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Norboyeva yalpi majlis kun tartibiga kiritiladigan har bir masala yuzasidan xalq fikrini eʼtiborga olish, qolaversa, hududlardagi muammolarni doimiy tarzda oʻrganib borish va ularni yalpi majlis muhokamasiga olib chiqish zarurligini taʼkidladi.
Videokonferensaloqa shaklida oʻtkaziladigan yalpi majlisda bir qator dolzarb masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.
“Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi, “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi toʻgʻrisida”gi, “Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidan.
Bundan tashqari, “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar senatorlar tomonidan muhokama qilinadi.
“2007-yil 27-iyundagi Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar oʻrtasida hamkorlikdagi harbiy oʻquvlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi Bitimga qoʻshimchalar kiritish haqidagi Bayonnomani (Bishkek, 2019-yil 29-aprel) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Boʻgʻuvchi, zaharli yoki boshqa shu kabi gazlar va bakteriologik vositalarning urushda qoʻllanilishini taqiqlash toʻgʻrisidagi Protokolga (Jeneva, 1925-yil 17-iyun) qoʻshilishi haqida”gi qonunlari ham yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan masalalardan sanaladi.
Shu bilan birga, Adliya vazirining Oʻzbekiston Respublikasida 2019-yilda huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti, qolaversa, Samarqand viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitilishi nazarda tutilgan.
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati, shuningdek, chiqindilar bilan bogʻliq masalalarda vujudga kelgan muammolar va ularning aholi salomatligiga taʼsiri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborish masalasi koʻrib chiqiladi.
Kengash majlisida Senat qoʻmitalari tarkibiga oʻzgartirish kiritish, xususan, Qudratulla Rafiqovni Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi, Sanobar Suyarovani esa Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi aʼzoligiga saylash boʻyicha qaror qabul qilindi.

 

OʻzA