Oʻtgan ikki-uch yil ichida tuman markazi va Orolboʻyi hududi yana goʻzal qiyofa kasb eta boshladi. Goʻyo dengiz yana qaytgandek tasavvur uygʻotadi, qalbingizda qaynoq hayot shiviri joʻsh uradi. Suvsiz sohilda mungʻaygan kemalar esa inson va tabiat haqida chuqur mushohada qilishga chorlaydi.
Toshkent Fotosuratlar uyida Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Badiiy akademiya, Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan “Moʻynoq: bugun va ertaga” nomli fotokoʻrgazma asarlarini tomosha qilar ekansiz, xayolingizdan shu kabi oʻylar oʻtadi.
Moʻynoq tumanida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganini barchamiz yaxshi bilamiz. Pirovardida, hudud aholisining hayot tarzi ham tubdan yaxshilanmoqda. Bugun moʻynoqliklar ana shu islohotlarga hamohang ruh bilan yashamoqda.
Namoyishga qoʻyilgan asarlarda Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik ofatning salbiy oqibatlarini yumshatish, mintaqada ekologik barqarorlikni taʼminlash maqsadida bajarilayotgan ishlar aks ettirilgan.
Viktor Anning oq-qora rangdagi fotolavhalari hududdagi asl hayotni koʻz oldingizda gavdalantiradi. Ogohlikka chorlaydi, tabiatga achinish hissini uygʻotadi, uni asrashga chorlaydi.
Hamdam Shorahmedov fotolarida esa manzara mohiyati ramziy unsurlar yordamida sharhlanadi. Xarob holdagi “sahro kemalari”, tuzli, chang-toʻzonli zamin hamda bugun barq urib oʻsayotgan sahro saksovullari, moviy osmon, quyoshning iliq nurlari… Bir qarashda ziddiyatli manzara hosil qilayotgan bu unsurlar hududga yana joʻshqin hayot, farovonlik qaytayotganini sezdiradi kishiga.
A.Kannayevning “Orolga sayohat qilishni istaysizmi?” mavzusidagi fotolari ham tomoshabinni oʻziga tortadi.
Koʻrgazma asarlarining asosiy qismini OʻzA fotomuxbirlarining turli janrdagi ijodiy ishlari tashkil etadi.
Jumladan, Maqsad Habibullayevning “Orolning oʻtmishi va bugunidan soʻylaydi”, “Moʻynoq zamonaviy qiyofa kasb etmoqda” mavzusidagi fotolari mushohadaga undaydi. Shuningdek, Oqil Gʻulomov va Temur Mamadaminovning hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari koʻlamidan hikoya qiluvchi “Moʻynoqning bugungi jamoli”, “Tungi Moʻynoq” hamda “Oroldagi odamlar” nomli fotolavhalari real voqelik haqida yorqin tasavvur uygʻotadi.