Joriy yil muddatli harbiy xizmatga chaqrilgan ammo oʻrnatilgan karantin choralari sabab, armiyaga borishi kechiktirilgan mingdaan ziyod askarlar Mudofaa vazirligining Nukus va Urganch garnizonlarida joylashgan harbiy qismlarda yigitlik burchini oʻtash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasining markaziga yetib keldi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Dilshod Choriyev maxsus poyezdda kelgan oʻgʻlonlarni Nukus vokzalida kutib oldi.
Karantin qoidalari va ijtimoiy masofalanishni saqlagan holda chaqiriluvchilar kolonna bilan Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning biriga olib kelindi.
Yetib kelgan barcha muddatli harbiy xizmatchilarning salomatligidan shikoyatlar kelib tushmadi hamda kasallanish alomatlari aniqlanmadi.
Taʼkidlash joizki, ikkita garnizonda muddatli harbiy xizmatni oʻtashi belgilangan chaqiriluvchilar dastlab Nukus shahridagi harbiy qismlarning birida barcha qulayliklarga ega boʻlgan maxsus karantin hududida 14 kun davomida nazoratda boʻladi.
Shundan keyingina askarlar bilan oʻquv yili rejasiga kiritilgan jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayrgarlik mashgʻulotlarini olib borishga ruxsat beriladi.
Muddatli harbiy xizmatchilar bilan olib boriladigan oʻquv yigʻinida yuqori malakali ofitser va serjantlar tarkibidan tayinlangan maʼmuriyat barcha jarayonlarning sifatli bajarilishi uchun javobgar.
Yangi askarlarning Nukus garnizoniga kelishi munosabati bilan oʻtkazilgan marosimda harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni soʻzga chiqib, barchani muborakbod etdi.
Shundan keyin qoʻmondon harbiy qism askarlar yotoqxonasi va oshxonasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, yangi chaqiriluvchilar bilan suhbat qildi.
OʻzA