Soʻx tumani hokimi: Muammolar bir kunda emas, bosqichma-bosqich hal etiladi

OʻzA maxsus muxbirlari Soʻxda
Sayidbahrom Sayidmusayev Soʻx tumani hokimi vazifasida ish boshlaganiga bir haftadan oshdi. Unga bu yerning aholisi yaxshi tanish. Chunki mazkur tumanda bir yildan buyon ichki ishlar boʻlimi boshligʻi boʻlib ishlagan. OʻzA muxbirlari tumanning yangi hokimi bilan suhbatda boʻldi.
— Chashma bulogʻida roʻy bergan majarodan soʻng Bosh vazirimiz boshchiligidagi hukumat komissiyasi zudlik bilan tumanga kelib, vaziyatni barqarorlashtirishga erishdi. Barcha vazirliklar tumanimizdagi har bir mahallada piyoda yurib, yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni oʻrgandi. Aholining dardini eshitdi. Ogʻriqli nuqtalarni aniqlab, ularning takliflari asosida dastur ishlab chiqildi.
Bu yerda aholi bogʻdorchilik, dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullanadi. Aholining 31 foizi xorijiy mamlakatlarda migrant boʻlib ishlaydi. Koronavirus pandemiyasi tufayli tumanda 14 mingga yaqin aholi ishsiz qolgan. Bugun birinchi navbatda, ularni ish bilan taʼminlash, daromad topishiga koʻmaklashish boʻyicha ish olib borilmoqda. 500 nafardan ortiq soʻxliklar “Tashkent city” qurilish obyektlarida ish bilan taʼminlanmoqda. Ularning barcha xarajatlarini davlatimiz oʻz zimmasiga olyapti. Tumanimizda boshlangan bunyodkorlik ishlarida esa elektr sohasida 200, qurilishda 300 nafar fuqaro ishga joylashtirildi.
Tuman aholisini uzluksiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash doimiy eʼtibordagi masala. Viloyat markazidan olib kelinadigan asosiy mahsulotlar qoʻshni davlatning 80 kilometr chegarasini bosib oʻtadi. Bugun bu yerda qurilish materiallariga talab katta. Buni viloyat hokimligi hal etib, koʻmak karvoni joʻnatdi.
Fuqarolarimiz oʻz koʻzi bilan amalda boʻlayotgan ishlarni koʻrmoqda, asosiysi, Prezidentimizning eʼtiborini his etmoqda. Respublika va viloyatdan kelgan ishchi guruhlar har kuni aholi bilan muloqotda boʻlayotgani yaxshi samara berayotir. Oʻzim ish boshlagan kunimdan boshlab har bir fuqaro bilan gaplashyapman. Sektor rahbarlari bilan birgalikda faqat ularni eshitibgina qolmay, muammosini hal etish choralarini koʻryapmiz.
Muammolarning asosiysi joyida bartaraf qilinmoqda, qolganlari ham bosqichma bosqich hal boʻladi. Tumandagi katta bir muammolardan biri – ichimlik suvi va yerlarni sugʻorish bilan bogʻliq. Bu masala ham ijobiy yechimini topib, 90 foiz aholi ichimlik suvi bilan taʼminlanadi. Elektr energiya taʼminotini yaxshilash ishlari boshlab yuborildi.
Hozirda Chashma bulogʻi atrofida vaziyat barqaror. U yerda ham ishchi guruhlar faoliyat olib boryapti. Kunlik oʻrganishlar natijasida aniqlangan kamchilik va muammolar bartaraf etilayotir. Har bir xodim bir kunda bitta muammoning yechimini topyapti, odamlarni rozi qilyapti.

 

M.Sulaymonov, OʻzA muxbiri M. Qodirov (OʻzA) olgan surat