Boʻzatov tumani yoshlarini qanday muammolar qiynamoqda?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudaybergenov yoshlar faoliyati va qiziqishlari bilan tanishish, ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash va hal qilish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Boʻzatov tumanida boʻldi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yilning 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabida yoshlar bilan uchrashuvda taʼkidlaganidek, yangi Oʻzbekistonni albatta yoshlar bilan birga quramiz. 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan chorvachilikka ixtisoslashgan Boʻzatov tumanining qayta tashkil etilishi aholiga, ayniqsa, yoshlarga quvonch bagʻishladi. Bugungi kuni Orolboʻyining barcha hududlari singari mazkur tumanda ham qator ijobiy oʻzgarishlar yuz bermoqda. Joriy yilning may oyida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Boʻzatov tumani Kengashining tashkil etilishi yoshlar hayotidagi unutilmas voqealarning biri boʻldi.
Bugungi kunda tuman markazida keng koʻlamli qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, “Boz-tex” masʼuliyati cheklangan jamiyatining tashkil etilishi bilan koʻplab yoshlarning bandligi taʼminlandi. Yiliga 1,5 million dona, yaʼni 2 milliard 250 million soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada bugungi kunda 90 nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlangan. Ellikqalʼa tumanidagi “Jayhun baraka chevarlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatining uch nafar xodimi yoshlarga ustozlik qilmoqda.
– Yoshlarning tikuvchilik kasbiga boʻlgan qiziqishi kuchli, – deydi “Jayhun baraka chevarlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati xodimi Shahnoza Jumaniyazova. – Hamkasblarim Iroda Abdullayeva, Robiya Saburova bilan birgalikda qizlarga tikish va bichish sirlarini oʻrgatyapmiz.
Mutaxassislar taʼkidlaganidek, eng zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan korxona mahsulotlariga nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham qiziqish katta. Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasining qator shaharlari bilan eksport shartnomalari imzolangan.
“Boʻzatov” shaharcha fuqarolar yigʻini hududidan 5 gektar yer maydonida “Yoshlar bogʻi” tashkil etildi. Bu yerda 5 ming tup mevali daraxt koʻchati va poliz mahsulotlari ekildi. “Fidoyi yoshlar” guruhiga jamlangan 30 nafar yosh ish bilan taʼminlandi. Shuningdek, tumanda 300 dona issiqxona qurilgan boʻlsa, shundan oʻttiztasi ishsiz yoshlarga berildi. Shulardan biri Ulzoda Jumanazarovaning issiqxonasida ayni chogʻda 100 kilogrammdan ziyod pomidor yetishtirilib, aholiga arzon narxda sotildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tashkil etilgan “Moʻynoq kelajagi bunyodkorlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga 500 gektar yer maydoni ajratilgan.
— Joriy yilda 168 gektar maydonda 40 nafar yoshning bandligi taʼminlandi, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Boʻzatov tumani kengashi raisi Nizamatdin Toʻremuratov. – Shundan 118 gektariga makkajoʻxori, 50 gektariga beda ekildi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Yaqin kunlarda tumanda Yoshlar markazi, 800 oʻrinli Amfiteatr, 1000 oʻrinli zamonaviy futbol oʻyingohi foydalanishga topshiriladi. Yoshlar markazida ingliz tili, kompyuter texnologiyalari va raqs toʻgaraklarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Tadbirda, tuman yoshlarining bandligini taʼminlash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar bilan bir qatorda kelgusidagi rejalar ham belgilandi. Jumladan, “Bunyodkor yoshlar” otryadlarini tashkil etish, “Har bir oila tadbirkor” Davlat dasturi doirasida yoshlarga imtiyozli kredit mablagʻlarini ajratish, issiqxonalar tashkil etish boʻyicha Moʻynoq yoshlarining tajribasini ommalashtirish masalalari haqida soʻz yuritildi.
Oʻz navbatida yoshlar ham fikr-mulohazalarini bildirdi va ular boʻyicha tegishli soha rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Uchrashuvda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov ishtirok etdi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA