Qadimiy ossuariylar ichida oltin bor...mi?

yoki qarovsiz qolgan zardushtiylar qabri haqida

Qoraqalpogʻistonning Boʻzatov tumani hududidagi Qusxana tepaligidagi zardushtiylik madaniyatiga oid ossuariylar qarovsiz qolmoqda. Odamlar u yerdagi ming yildan ortiq vaqtdan buyon yotgan ossuariylarni qazib olib ketyapti yoki shu joyning oʻzida ularni sindirib har tomonga sochib tashlamoqda. Mahalliy aholining mollarini aynan shu tepalikda boqishi ham qadimiy esdaliklarning oyoq osti boʻlishiga sabab boʻlmoqda.
– Bu tepalikdagi ossuariylarni odamlar asosan qadimiy qimmatbaho buyumlar, jumladan oltin taqinchoqlar qidirib qazishadi, lekin ularda odam suyagidan boshqa hech narsa yoʻq, – deydi tarixchi olim Maqset Qarlibayev. – Odamlarning u yerdan ossuariylarni qazib olishi – jinoyatdir. Chunki, ossuariylar ming yildan ortiq vaqtdan buyon tuproq ostida yotibdi. Ular qoʻlga ushlagan zahoti nurab ketadi. Ossuariylarni qazib olish faqat arxeologlarning ishi.

photo_2020-06-09_19-49-23.jpg

Qusxana tepaligidagi ossuariylar oʻtgan asrning 20 yillari Orenburglik oʻlkashunos L.S.Melkov rahbarligidagi bir guruh ekspeditsiya aʼzolari tomonidan topilgan. Alebastrdan ishlangan ikki dona ossuariyning bittasini Orenburgga, ikkinchisini Leningraddagi “Russkiy muzey”ga olib ketishadi. 1935-yilda mazkur joyga kelgan mashhur tarixchi P.P.Ivanov ham ikki dona ossuariyni Ermitajga olib ketadi. Keyinchalik, 1956-yilda bu ossuariylar rus arxeologi Yu.A. Rapoport tomonidan tadqiq qilinadi va ularning milodiy VI-VIII asrlarga tegishli ekanligi tasdiqlandi.
Mahalliy aholi bu joyni azaldan bilgan va u yerda yer ustiga chiqib yotgan ossuariylarni qazib olib, sindirib, ichidan oltin qidirgan. Bu joyni “Kapir auliye (kofirlar qabristoni)” deb atashgan, negaki, aholi quti ichidagi qadimiy davrlarga oid marhumlarning musulmon emasligini bilishgan.

photo_2020-06-09_19-49-27.jpg

“Kapir auliye” deb mahalliy aholi eski zaroastrizm dini boʻyicha dafn qilingan qabristonni aytgan. Zaroastrizm dini boʻyicha odamni vafot etgandan keyin, yerga koʻmmay, dastlab suyagini etidan ajratib, yaʼni jasadning etini qushlarga yedirib, tozalangandan soʻng alebastrdan ishlangan quti (ossuariy)ga solib yerning ustiga qoʻygan. Ossuariyning toʻrtta tuyogʻi boʻlgan. Zardushtiylik diniga koʻra, yer muqaddas hisoblangan. Unga oʻlgan odamning, hattoki suyagini ham tekkizmaslik uchun toʻrtta tuyoqli ossuariyga solib yerning ustiga qoʻyadigan boʻlgan.
Olimlarning taʼkidlashicha, Qusxana tepaligidagi ossuariylar 6,5-7 gektar maydonda joylashgan. Tepalikda har qadamda ossuariylar chiqadi. Koʻpincha saksovul oʻsimliklarining tubidan topiladi.

photo_2020-06-09_19-49-33.jpg

– Biz mahalliy aholi orasida ossuariylarga tegmaslik kerakligi boʻyicha targʻibot ishlarini yuritmoqdamiz. Tepalikka yaqin qishloq aholisi shu yerdan mollarini yaylovga chiqarar ekan. Mollarning oyogʻi ostida qadimiy esdaliklar vayron boʻlishi aniq. Shu bois, bu joyni muhofaza qilish uchun mutasaddilarning yordami kerak. Imkon qadar ossuariylarni qazib olib, muzeylarga qoʻyish zarur, – deydi Boʻzatov tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Azamat Ajimuratov.
Qusxana tepaligidan 3 kilometr gʻarbda Kuyuk qalʼa esdaligi mavjud.

photo_2020-06-09_19-49-37.jpg

1997-yildan boshlab mazkur tarixiy maskanda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti arxeolog-olimlari va talabalari arxeologik ishlarini olib boradi. Bu yerdan Kerder madaniyatining izlari topilgan. Kuyuk qalʼa – qadimiy oʻrta asrdagi qoraqalpoqlarning dastlabki poytaxt shahri boʻlganligi toʻgʻrisida ham maʼlumotlar bor.
Kuyuk qalʼadan qadimiy oʻrta asrda Buyuk Ipak yoʻlining bir shoxobchasi oʻtgan, qalʼa esa bandargoh boʻlgan. Kuyuk qalʼadan Vizantiya imperatorining XII asr boshida chiqargan tilla tangasi topildi. Esdalikdan bundan boshqa bronzali “qanotli ot” taqinchogʻi, zoomorfli haykallar, turkiy kishi haykali, “odam qush” rasmi, tangalari va boshqa meroslar ham topildi.

photo_2020-06-09_19-49-55.jpg

 

E.Qanoatov, OʻzA