Bu maqsadda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati tashkil etildi. Xorijda ogʻir sharoitda qolayotgan vatandoshlarimiz bosqichma-bosqich yurtimizga olib kelinib, shifokorlar nazoratidan soʻng, yaqinlari bagʻriga yuborilmoqda.
Ammo mana shunday vaziyatda ham oʻz manfaatini xalq manfaatidan ustun qoʻyuvchilar uchrab turgani achinarli hol, albatta.
DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlarining bojxona xodimlarini jalb etgan holda oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida Uzun tumani “Yangiobod” MFYning Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh hududidan oʻtuvchi “Kofirnixon” daryosi qirgʻogʻida poliyetilen qoplarga joylashtirilgan 5 turdagi dori vositalari va 15 000 dona tibbiy niqoblar borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Shuningdek, tumanning “Oʻlanqul” mahallasidagi xonadonlardan birida esa 20 000 dona filtrli tibbiy niqoblar borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari doirasida aniqlanishicha, mazkur dori vositalari va tibbiy niqoblar mahalliy fuqaro “B.F.” ga tegishli boʻlib, ularning umumiy qiymati 356 mln. soʻmdan ziyodni tashkil etadi.
Moʻmay daromad topish maqsadida “B.F.” ushbu dori vositalari va tibbiy niqoblarni “oʻzbek-tojik” davlat chegarasining nazorat qilinishi qiyin boʻlgan qismi orqali Tojikiston Respublikasiga oʻtkazishni rejalashtirgan.