Taʼlim tizimidagi muammolar tahlil qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Muxtar Ibragimov raisligida koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan farmon, qaror va farmoyishlarda belgilangan vazifalarning Qoraqalpogʻiston Respublikasida fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalaridagi ijrosi tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Zoom dasturiy platformasi orqali oʻtkazilgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmita raisi B.Matmuratov, Senat aʼzosi, Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti rektori O.Ataniyazova, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati A.Reymov, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi, Madaniyat, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari mutasaddilari hamda oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Majlisda pandemiya sharoitida fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar, sohalar oldida turgan asosiy vazifalar tegishli mutasaddilar hisobotlari orqali atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi, tegishli qoʻmitalarda sohalarga oid qonunchilik masalalari, yalpi majlis muhokamasiga qoʻyilgan qonunlarning mazmun-mohiyati, ularning mamlakatimiz iqtisodiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlashdagi ahamiyati haqida maʼlumotlar berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmita raisi B.Matmuratov, Senat aʼzosi O.Ataniyazova oʻz maʼruzalarida pandemiya sharoitidagi oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni aniq misollar asosida tahlil qilib, bajarilishi lozim vazifalarga mutasaddilarning diqqatini qaratdi.

Majlisda senator va deputatlar tomonidan eʼtibor berilishi lozim vazifalar taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, taʼlim muassasalarida koronavirus infeksiyasining tarqalishining oldini olish, pandemiya sharoitida taʼlim jarayonini tashkil qilish va sifatini taʼminlash, joriy oʻquv yilini yakunlash, taʼlim muassasalarining masofaviy taʼlim platformalarini maqbullashtirish, ularning monitoringi boʻyicha ishlar tahlil qilindi. Bitiruvchilar bilan bogʻliq jarayonlar, umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus va kasb-hunar hamda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilariga davlat namunasidagi hujjatlarni elektron shaklda yetkazish, joriy oʻquv yilida qabul jarayonlari bilan bogʻliq amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida tegishli mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglandi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA