Yoʻrgʻa tuvaloqlar koʻpaymoqda

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qoʻngʻirot tumani sahrolariga yoʻrgʻa tuvaloqlar qoʻyib yuborildi.
Joriy yilning 28-may-1-iyun kunlari Qizil kitobga kiritilgan yoʻrgʻa tuvaloqlar yovvoyi tabiatga qoʻyib yuborildi. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda “Falcon Hunting Solutions” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobi hamda Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro Uyushmasi Qizil kitobiga kiritilgan va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan noyob qush – yoʻrgʻa tuvaloqlar Qoʻngʻirot tumanida tabiatga qoʻyib yuborildi.
Tabiat qoʻyniga 2040 bosh qush uchirma qilingan boʻlib, ular Birlashgan Arab Amirliklariga qarashli boʻlgan “International fund for houbara conservation” markazida koʻpaytirilgan.
Eslatib oʻtamiz, yoʻrgʻa tuvaloqlar 2009-yilda Oʻzbekiston Qizil kitobiga noyob tur sifatida kiritilgan. Ular Qizilqum choʻllarida yashaydi. Ularning soni va yashash maydoni 1960-yillardan boshlab qisqarishni boshlagan.

 

Ye.Qanoatov, OʻzA