Tadbirkor muammosi hokim nazoratida

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qonlikoʻl tumani hokimi Davlet Toʻliboyev bir guruh tadbirkorlar bilan uchrashdi va ularning muammolarini oʻrgandi.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiy oʻsish va investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirish, ishlab chiqarish surʼatlarini tiklash, aholi bandligini oshirish, daromadlarini koʻpaytirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, kichik tadbirkorlik subyektlarining joriy yilning 1-iyunidan 1-sentyabrigacha boʻlgan davrda mol-mulk va yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinishi, tovarlar import qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash boʻyicha 120 kun muddatgacha kechiktirish huquqi berilganligi va boshqa imtiyozlar buning yaqqol isbotidir. Shuning bilan bir qatorda, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-may kuni investitsiya masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida pandemiyaning iqtisodiyotga taʼsirini yumshatishga qaratilgan 16 ta hujjat qabul qilinganligi, lekin joylarda ushbu qarorlar ijrosini tashkil etish oqsayotgani, yaratilayotgan sharoit va imtiyozlarning fuqarolar va tadbirkorlarga manzilli yetkazilmayotganligi qayd etilgan edi.
Uchrashuvda 12 nafar tadbirkor oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etib, muammolarining aksariyati shu yerning oʻzida ijobiy hal etildi. Jumladan, Qonlikoʻl shaharcha fuqarolar yigʻinida yashovchi tadbirkor Niyetboy Ubaydullayevga tegishli “Gold Qonlikoʻl” ovqatlanish shoxobchasi ayrim sabablar bilan vaqtincha toʻxtab qolgan edi. Uning murojaati ijobiy hal etilib, bank tomonidan imtiyozli kredit mablagʻi ajratiladigan boʻldi. Tadbirda har bir tadbirkorning murojaati oʻrganilib, ularning yechimi tegishli soha mutaxassislari tomonidan nazoratga olindi.
Tuman hokimi rahbarligida mutasaddilar joylarda tadbirkorlarning muammolari bilan tanishdi. “Boʻston” ovul fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Joʻllibek Toʻremuratov bundan ikki yil avval ochiq tender savdosida avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchasini qurish uchun Qonlikoʻl shaharcha fuqarolar yigʻini hududidan yer uchastkasini yutib oldi. Ammo, ushbu hududda “Kamilaxon tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tegishli elektr transformator joylashganligi sababli qurilish ishlarini shu kunga qadar boshlay olmayotgan edi. Tuman hokimi tadbirkorning muammosi bilan joyida tanishdi va elektr transformator xavfsiz hududga koʻchiriladigan boʻldi.
Mamlakatimizda yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mana shunday imkoniyatlardan foydalangan Joʻlmirza Seytekov dereza- eshik ishlab chiqaradigan “Joʻlmirza Seytekov” xususiy korxonasini tashkil etdi va 3 ta ish oʻrni yaratdi. Yosh tadbirkor korxona faoliyatini kengaytirish, mebel va boshqa sexlar ochish maqsadida yer uchastkasini ajratishni soʻrab, tuman hokimiga murojaat qildi. Faoliyati bilan tanishgan tuman mutasaddilari yaqin kunlarda unga yer uchastkasi ajratib beriladigan boʻldi.
–Hozirgi sinovli kunlarga qaramasdan tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildiramiz, –deydi tadbirkor Joʻllibek Toʻremuratov. –Ikki yildan buyon qiynab kelayotgan muammo bugun ijobiy hal etilib, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobcha qurilishini boshlaydigan boʻldim.
Darhaqiqat, “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”. Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad ham tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, shu orqali aholi turmush sharoitini yaxshilash, ularni bugungi kundan rozi boʻlib yashashlari uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA