Mizdakxan emas, balki Mazdahxandir…

Akademik Jumanazar Bazarbayev Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli tumanidagi Mizdakxan tarixiy esdalik majmuasiga oid qarashlarni qayta koʻrib chiqish zarur deb hisoblaydi. Unga koʻra, oʻtgan asrda tariximiz haddan ziyod kichraytirilib yuborilgan, yaʼni qadimiy tariximiz ancha oʻzgartirilgan. Shulardan bir misol zardushtiylarning xudosi Mazdahning hurmatiga qurilgan Mizdakxan majmuasidir.

Quyida akademikning bu boradagi fikrlarini eʼtiboringizga havola qilamiz.

– Kechagi totalitarizm davrida bizning ziyolilarimiz xoh toʻgʻri boʻlsin, xoh notoʻgʻri boʻlsin Gʻarbdan, birinchi navbatda Rossiyadan namuna olishga, ularga suyanishga, ularning gapiga toʻgʻri keladigan fikrlarni bildirishga harakat qildi. Ular fikrlarning maʼnosini surishtirib, tekshirib yoki unga gumon qilib oʻtirmay, birdaniga qoʻllab-quvvatlashga odatlanib qoldi. Notoʻgʻri fikr boʻlsa ham “yoʻq unaqa emas, bunaqa boʻlishi kerak” deyishga jurʼat qila olmasdi. Mabodo jurʼat etib haqiqat gapni aytsa ham u inobatga olinmas edi. Aytgan olim esa badargʻa qilinardi. Shu bois tarix koʻr zoʻravonlikka uchradi, – deydi akademik Jumanazar Bazarbayev. – Masalan, Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli tumanida Mizdakxan deb nomlanuvchi betakror tarixiy esdalik majmuasi bor. Majmuaga Nazlimxan suluv maqbarasi ham kiradi va bu yodgorlik hozirda hududdagi eng taniqli sayyohlik maskanlaridan sanaladi.

Akademikning taʼkidlashicha, ushbu “Mizdakxan” atamasi aslida zardushtiylar xudosi Mazdahning nomi bilan bogʻliq. Lekin, uni biz bilmaymiz. Chunki, oʻtgan asr boshlarida rus olimlari oʻzgartirib yuborgan. “Mizdakxan” nomini ilk bor fanga kiritgan Bartold ekan. U sharqshunoslik fanlarining taniqli olimi sifatida hech qanday dalilsiz shu nomni eʼlon qilgan. Buni 1928-1929-yillarda birinchi boʻlib esdalikni tadqiq qilgan A.Yu.Yakubovskiy va undan keyin boshqa olimlar ham qabul qilgan.

Mizdakxan esdaligining yoshi kichiraytirilishi ham akademik Bartoldning nomi bilan bogʻliq.

Qoraqalpogʻistonda arxeologik esdaliklarni tadqiq qilish 1928-1929-yillarida boshlandi. Ilmiy ekspeditsiyaga Sankt-Peterburg universiteti olimlari rahbarlik qildi, jumladan akademik Bartold ham arab-fors yozma manbalariga asoslanib, Mizdakxan esdaligi, jumladan majmuadagi Nazlimxan suluv maqbarasi oʻrta asrlarda paydo boʻlgan, deya taʼrif bergan.

Lekin, taniqli tarixchi A.Yu.Yakubovskiyning “Mizdakxan majmuasi qadimiy davrlarga tegishli madaniy qatlamlarga ega va unda zardushtlik esdaliklarining mavjudligi ossuariy topilmalari bilan isbotlandi” degan fikri hisobga olinmadi va uning zardushtiylik dinining markaziga qurilgan Mazda xudosiga aloqadorligi sezilmay, oʻrta asrda paydo boʻlgan esdalik boʻlib qolgan. Hayron qoladigan joyi, “Mizdakxan” soʻzi nimani anglatishiga hech kim eʼtibor bermagan.

Bartoldning fikrlaridan kelib chiqib, A.Yu.Yakubovskiy, B.N.Zasыpkin, V.N.Yagodin, T.A.Pugachenkovalar bino (Nazlimxan suluv maqbarasi) XIV asrning birinchi yarmiga tegishli, dedi. Tarixchi olim X.Yesbergenov esa esdalikning qurilgan vaqti IX-XI asrga tegishli deb koʻrsatdi.

Lekin, Mizdakxan majmuasiga kiradigan Gauir qalʼa miloddan avvalgi IV asrda qurilgan va milodiy XIII asrgacha u yerda hayot gullab-yashnagan. Taniqli arab geografi al-Maqdusiy 985-yilda shu yerdan oʻtganda “Mizdakxan oʻzining kattaligi boʻyicha Qat, Gurganj kabi Xorazm davlatida uchinchi shahar” degan. Demak, Mizdakxan X asrdayoq katta shahar boʻlgan boʻlsa, nega uning yoshi kichiraytirilib koʻrsatilgan, degan savol tugʻiladi.

Endi Mazdahning nomi nima uchun Mizdakxanga aylanib ketgan, shunga eʼtibor beraylik.

Buni tushunish uchun biz avvalambor zardushtiylikning bosh xudosi Axura Mazdah soʻziga diqqat qarataylik. “Axura” soʻzi paxleviy tilida “sardor”, “janob” maʼnolarini anglatar ekan. “Avesto” kitobini paxleviy tilidan tarjima qilganlar uni “xudo” deb olib, unga “Mazdah” soʻzini qoʻshgan va “Xudo Mazda”, yaʼni Axura Mazdah deb keltirgan. “Avesto”ning asl nusxasida uning yozilishi “Axrux Mazdah” deb koʻrsatilgan. Shuningdek, oʻrta asr arab-fors yozma manbalarida ham Mazdahqan deb yozilgan. Masalan, Ibn Ruste ham, Istahr ham, Mandish ham, fors tilidagi “Huduz al-amal” nomli asarda ham qalʼaning nomi Mizdakxan emas, balki, Mazdahqan deb berilgan.

Shuningdek, mashhur rus arxeologi S.P.Tolstov Janubiy Orol boʻylarida zardusht davrlariga oid boʻlgan aksariyat qishloq va shaharlarning, suv toʻgʻonlarining nomlari Mazdah bilan bogʻlik, deb koʻrsatadi.

Mizdakxan soʻzining paydo boʻlishiga davrlarning taʼsiri boʻlgan. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov toʻgʻri taʼkidlaganidek, “kimki yurtimizga qilich bilan kelgan boʻlsa, u zardushtiylikning asoslarini yoʻq qilishga harakat qilgan”. Aleksandr Makedonskiyning, arablarning, Chingizxonning ogʻir zarbalariga uchragandan soʻng Mazdah Mizdakga oʻzgargani tabiiy. Mizdakning iziga turkiy tillardagi “xan” soʻzining qoʻshilishiga turkiylarning taʼsiri boʻlgani shubhasiz.

Majmuadagi esdaliklarning barchasi zardushtiylik madaniyatiga tegishli, uni hech kim inkor qilmagan. Rivoyatlarga koʻra, majmuadagi Joʻmord qassob Axura Mazdahning yaqin qarindoshi, Shamun Nabi esa uning bolasi. U otasi Axura Mazdahning dushmani Axrimanning devi bilan kurashadi. Uzoq kurashdan keyin Shamun Nabining xotini eriga xiyonat qilib oyogʻining tagiga tariq sepib yuboradi, lekin shu paytda yordamga iti kelib egasini qutqaradi. Ana shundan keyin xalqda “it – vafo, xotin – jafo” degan gaplar saqlanib qolgan. It esa alohida hurmatga sazovor boʻlgan.

Shu itning hurmatiga toshdan ishlangan idish oʻtgan asrgacha Shamun Nabi esdaligining oldida turgan. A.Yakubovskiy uni 1928-yilda Ermitaj muzeyiga topshirgan.

Folklorimizda, xalqning urf-odatlarida zardushtiylikning izlari bisyor. Mazdah taʼlimoti “yaxshi soʻz, yaxshi niyat, yaxshi amal”ga qurilgan.

Hozirgi Nazlimxan suluv mahbarasi aslida Axura Mazdah hurmatiga qurdirilgan. Uning Nazlimxan suluv deb atalib ketishi yaqin davrlarga toʻgʻri keladi. Yaʼni, odamzodning muhabbatga hurmatidan paydo boʻlgan desa ham boʻladi. Sababi xalq orasida Nazlimxan suluv haqida oshiqlikka oid sevib tinglanadigan afsonalar koʻp.

Tarixning ketma-ketligi odamzot qatlamlarining birining ustiga biri yamalib borishida. Nazlimxan suluv esdaligida ham shu tarixiy qonuniylik seziladi. Majmuani tadqiq qilgan etnograf X.Yesbergenov bu yerda eng avval zardushtiylar dafn qilinganini (qazish paytida yuzga yaqin ossuariylar topilgan), keyinchalik islom dasturida dafn qilish urf boʻlganini, hozirda esa zamonaviy dafn qilish belgilari mavjudligini isbotladi.

Tarixchilarimizning bu faktlarni “payqamasligiga” tarixda uchrashib turadigan “buyuk” odamlarning aytgan fikrlariga soʻzsiz ishonishi sabab boʻlgan.

Demak, bobolarimizning bizga qoldirgan meroslarini koʻz-koʻz qilib, har xil taʼsirlarga ishonib, oʻzimizning fikr dunyomizning tor ekanligini koʻrsatish bizga xos emas.

Mazdahqan, Avesto – umumxalq meros. Ikki ming yildan ortiq davrda bu makonga kimlar kelmadi, kimlar yashamadi, deysiz. Shu bois, uni bir xalqning merosi deb koʻrsatish tarixga hilofdir. Bu jarayon dunyo tamaddunining bir boʻgʻinidir, uning egasi inson, dunyo hamjamiyatidir. Shu madaniy va maʼnaviy boylik – shu zaminda hozirda yashaydigan xalqning nasibasi va uning qabul qilib olgan xazinasidir. Uni aniq aytishga tortinish kerak emas. Shu bois, oʻtgan tarixchilarning fikrlariga tanqidiy qarash qilib, Mizdakxan esdaligining zardushtiylikning Mazdah xudosi nomiga qurilgan yagona esdalik ekanligini dunyoga jar solib eʼlon qilishimiz zarur. Sankt-Peterburgdagi Ermitajga l928-yilda olibketilgan itning idishini esa qaytarib olib kelishimiz kerak.

2003-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan eʼlon qilingan tanlovda arxeolog Gʻ.Xojaniyazov bilan “Qadimiy Oks daryosi quyidagi zardushtiylik dini izlari” degan mavzuda ishtirok etib grant yutib olgan edik.

Bu tadqiqotda avvalgi arxeologik materiallar va oʻzimizning etnografik izlanishlar hamda “Avesto” kitobini teranroq oʻrganishlar asosida hududimizda hozirgi davrda ham zardushtiylik madaniyati izlari aniq koʻrinib turganligini aniqladik.

Shunda biz Xoʻjaylidagi Nazlimxan suluv esdaligi zardushtiylikning Mazdah xudosi nomiga qurilgan boʻlishi kerak, degan fikrni ilgari surganmiz. Lekin, bu fikrimizni hech kim qoʻllamadi ham, inkor ham qilmadi. Tarixchilar esa oʻrta asr esdaligi, degan fikrda turib oldi. Shuning uchun ushbu masalani qayta koʻtarib chiqmoqdamiz. Chunki, bugungi kunda tarixni yangi konsepsiya asosida oʻrganishni davr talab qilyapti. Avvallari qandaydir tuzumlar taʼsiri ostida shakllangan qarashlarni oʻzgartirish vaqti keldi. Haqiqiy tarixni yaratishga imkon tugʻildi.

Afsuski, hanuzgacha biz oʻzimizning arxeologik esdaliklarimizdan oqilona foydalana olmayapmiz. Oʻlkamizdagi qadimdan mavjud esdalik obidalarini tadqiq qilish boʻyicha 1991-yilda YUNESKO rahbarligida tashkil qilingan ekspeditsiya aʼzolari bizdagi esdaliklarni koʻrib taajjublangan edi. Masalan, senegallik olim Diyene Dudu: “Sizning oʻlkangiz esdaliklarining originalligi va oʻzgachaligi bilan meni lol qoldirdi” desa, yapon olimi Xirosi Yasuda: “Sizlarning ota-bobolaringizning isteʼdodi va mohirligining guvohi boʻlgan ajoyib arxitekturaviy esdaliklaringiz meni rom etdi. Shu bilan birga, ularning bugungi achinarlik holati qattiq hayajonga solmoqda. Sizlarning har bir qadamingiz ostida bebaho boylik yotibdi, lekin uni sezmaydiganga oʻxshaysiz. Agar bunaqa yodgorliklar Yaponiyada boʻlganida, ular tabiat taʼsiridan ziyonlanmasligi uchun usti bostirilib, atrofi oʻralib qoʻyilgan boʻlar edi. Tadqiqot natijasida chiqqan tuproqlarni esa pulga aylantirar edi” degan.

Dunyoga taniqli arxeolog olim S.P.Tolstov: “Ikki buyuk daryo (Amudaryo va Sirdaryo) oraligʻida joylashgan hududni Oʻrta Osiyoning Misri” deb atagan boʻlsa, belgili Fransiya arxeologi, professor Pyer-Merni: “Boshqa hududlarda qadimiy qalʼalarni qazib chiqarib yursak, sizlarda ular yerning yuzasida tadqiq qilishga tayyor turibdi. Shu bois, oʻlkangiz chin maʼnoda ochiq osmon ostidagi muzeydir” degan.

Umuman olganda, bobolarimizning bizga qoldirgan zardushtiylik madaniyatining meroslarini kundalikli turmushimizda toʻla foydalanib, tarixiy ahamiyatini isbotlab, ularni dunyoga tanita olmasligimiz biz uchun kechirilmas gunohdir.

 

Esimqon Qanoatov, OʻzA