– Bugungi pandemiya davrida Orolboʻyida oʻquvchilarni masofaviy oʻqitish jarayoni qanday yoʻlga qoʻyilgan?
– Jahon xalqlarini tashvishga solayotgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimizdagi barcha sohalar kabi taʼlimga ham salbiy taʼsir qildi. Shu munosabat bilan joriy yilning 15-martidan boshlab barcha taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni toʻxtatilib, masofaviy oʻqitish texnologiyasi joriy etildi. Mamlakatimizning barcha joylaridagi kabi umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar, oliy taʼlim muassasalarida onlayn tarzida oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.Karantin tadbirlari eʼlon qilingandan soʻng masofaviy oʻqitish tizimini toʻgʻri tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi nazoratchi organ emas, balki hamkorlik qiluvchi tashkilot sifatida taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda asosiy eʼtiborni trener-oʻqituvchilarni tayyorlashga qaratmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasida jami 725 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabida 344 ming nafardan ziyod oʻquvchi oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman va rus tillarida taʼlim oladi. Mamlakatimiz boʻyicha taʼlim oʻzbek va rus tillarida olib boriladigan sinflar uchun darslar Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining tegishli kanallari orqali bepul berilayotgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasida taʼlim qoraqalpoq tilida olib boriladigan sinflar uchun “Qoraqalpogʻiston” telekanali orqali har kuni 3-5 soatlik videodars efirga uzatilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida 155 ming 600 nafarga yaqin 3-7 yosh oraligʻidagi bolalar boʻlib, shundan bugungi kunga 96 ming 600 nafari (62 foizi) 400 ta davlat va 422 ta nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga qamrab olingan. Koronavirus pandemiyasi davrida ular uchun “Bolajon” kanalida “Ilk qadam” oʻkuv dasturi asosida onlayn darslari tashkil etilgan. Shuningdek, Orolboʻyida 3 ta oliy taʼlim muassasasi va 6 ta oliy taʼlim muassasasining filiali mavjud boʻlib, ularda 28 ming 500 nafardan ziyod magistr va talaba kunduzgi, sirtqi, maxsus sirtqi va kechki taʼlim turlari boʻyicha tahsil olmoqda. Talabalarga masofadan taʼlim berish, ularning bilimini nazorat qilish va oshkora baholash maqsadida har bir oliy taʼlim muassasasida masofaviy taʼlim platformasi joriy qilindi va elektron oʻquv resurslarni ishlab chiqildi. Ushbu platforma orqali oʻquv yilining bahorgi semestrida oʻqiladigan fanlar boʻyicha oʻqituvchilar tomonidan yaratilgan resurslar joylashtirib borilmoqda.
Joriy oʻquv yilida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasiga qarashli 72 kasb-hunar kolleji, Nukus ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab-internati, Nukus madaniyat va sanʼat kolleji, Ellikqalʼa sanʼat va pedagogika kollejida 15 ming nafardan ziyod oʻquvchi bitirib chiqishi kutilmoqda. Ularga 1 ming 100 nafardan ziyod oʻqituvchi va ishlab chiqarish ustalari tomonidan internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali masofaviy oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.
– Hozirgi pandemiya davrida pedagog kadrlarning attestatsiyasi, shuningdek, davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish masalasi qanday hal qilinmoqda?
– Pedagog kadrlarning attestatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq mart-iyun oylarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi. Joriy yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha oliy va birinchi malaka toifalari hamda bosh va yetakchi oʻqituvchi lavozimlariga 3 ming 400 nafardan ziyod, shuningdek, ikkinchi malaka toifasi va katta oʻqituvchi lavozimlariga 4 ming 300 nafardan ziyod nomzodni attestatsiyadan oʻtkazish mamlakatimizda epidemiologik holat barqarorlashgandan soʻng oʻtkaziladi. Shu nuqtayi nazardan, amal qilish muddati tugaydigan sertifikatlar muddati joriy yil 31-dekabrgacha uzaytirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi “Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2020-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 186 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabini, 189 ta maktabgacha taʼlim tashkilotini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish belgilangan edi. Shundan joriy yil 15-martgacha 73 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 58 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazildi. Qolganlari yuqorida qayd etilganidek, mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan soʻng oʻtkaziladi.
– 2020-2021 oʻquv yilida Orolboʻyida yangidan tashkil etiladigan kasb-hunar maktablari, kasb-hunar kollejlari va texnikumlar toʻgʻrisida ham maʼlumot bersangiz?
– Yangi oʻquv yilida Qoraqalpogʻiston Respublikasida 23 kasb-hunar maktabi, 17 ta kasb-hunar kolleji va 14 ta texnikum tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda ushbu kasbiy taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Har bir kasbiy taʼlim turi boʻyicha bittadan namunali kasb-hunar maktabi, kasb-hunar kolleji va texnikum tashkil etiladi, ammo kasb-hunar maktabi oʻquvchilari uchun davlat byudjetidan stipendiya va uch mahal issiq ovqat taʼminlashga oid toʻlovlarni vaqtincha toʻxtatib turish belgilangan.
Taʼkidlash joizki, hozirgi pandemiya davridagi qiyinchiliklarga qaramasdan davlatimiz rahbarining gʻamxoʻrligi va qoʻllab-quvvatlashi bilan taʼlim sohasida muammolar bosqichma-bosqich oʻzining ijobiy yechimini topmoqda. Bundan tezroq chiqish uchun esa soha xodimlaridan bor imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, karantin qoidalarini qatʼiy saqlash va unga toʻliq amal qilish talab etiladi.