Deputat 50 kishini ish bilan taʼminladi

Xalq deputatlari Ellikqalʼa tuman Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi aʼzosi JumabayJabbarov oʻzi rahbarlik qiladigan “Mega tekstil“ masʼuliyati cheklangan jamiyatida karantin paytida ishsiz qolgan 50 ga yaqin fuqaroni ish bilan taʼminladi.

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin sharoitida daromad manbaidan uzilib, vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni bartaraf etish, aholini qiynayotgan eng asosiy muammolarni hal etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlarni amalga oshirishda OʻzLiDeP Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi, mahalliy va tuman shahar Kengashlari, partiyadan saylangan deputatlar ham faollik koʻrsatmoqda. Xalq deputatlari Ellikqalʼa tuman Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi aʼzosi JumabayJabbarov oʻzi saylangan hududdan 50 nafar fuqaroni ish bilan taʼminladi.

– 2018-yilning may oyidan faoliyatini boshlagan korxonada asosan ip-kalava va jinsi materiallar ishlab chiqariladi, – deydi masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari, deputat J.Jabbarov. – Ishchi xodimlarning aksariyati ayollardan iborat. Karantin tufayli ishsiz uyda oʻtirib qolgan xotin-qizlarimizni ish bilan taʼminlashni maqsad qildik.

–Uyda besh nafar farzandim tarbiyasi bilan ovora boʻlib ishsiz qolib ketgan edim, – deydi Ellikqalʼa ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi Nodira Sapayeva. – Turmush oʻrtogʻim ishlab turgan paytda bilinmagan edi, u ham ishsiz qolgani uchun ancha qiynaldik. Shunday bir paytda “Mega tekstil“ masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari koʻmagida ishga joylashdim. Bundan xursandman.

Izlangan imkon topadi, deydi dono xalqimiz. Bugungi sinovli kunlarda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlayotgan deputatlar hamda tadbirkorlarning xayrli tashabbuslari tahsinga loyiq.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA