Yoshlarni ilm-fanga yoʻnaltiruvchi yangi loyiha ishga tushdi

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan yurtimiz hududida tugʻilib ilm-fan rivojiga munosib hissa qoʻshgan mumtoz allomalarimiz faoliyatini kengroq yoritish maqsadida www.moziy.edu.uz sayti ishga tushirildi.
Ushbu sayt va unda eʼlon qilinadigan loyihalar boʻyicha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining oʻrinbosari Yusuf Absoatov bilan suhbatlashdik.
– Yusuf Absoatov, ushbu saytni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad haqida aytib oʻtsangiz?
– Tarixda, umuman bugungi kunga qadar ilm fan sohasida katta ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirgan olimlarimizni avlodlarga yaqindan tanishtirish, oʻzbek ilm-fan dargʻalari nomlari va qutlugʻ sanalariga bagʻishlab turli loyihalar hamda onlayn olimpiadalar oʻtkazishni maqsadida ushbu saytni tashkil qildik. Bunda asosan, mashhur allomalarimizning koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan qirralari haqida turkum maqolalar berib borish, umrini ilm-fanga bagʻishlagan, biroq bugungi avlod tanimaydigan fidoyi olimlarimiz, ularning ixtirolari haqida maʼlumotlar toʻplash va eʼlon qilish asosiy maqsadlarimizdan biri hisoblanadi. Shuningdek, maʼlumotlar bazasini shakllantirish uchun respublikamizdagi yetakchi ilm maskanlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, olimlarimiz nomi bilan ataluvchi respublika va xalqaro olimpiadalarni onlayn tizimda tashkil qilish va gʻoliblarni ragʻbatlantirish vazifalari mavjud. Saytning rasmiy telegram kanali(@moziyeduuz) va boshqa hamkor kanallar orqali maqolalar, loyihalar haqidagi maʼlumotlarni keng koʻlamda berib borishni, amalga oshirilayotgan ishlar xususida foydalanuvchilarning fikrlarini oʻrganib kamchiliklarni bartaraf yetish va takliflar asosida yangi rukn va loyihalarni tashkil etishni rejalashtirganmiz.
– Agar sir boʻlmasa, ushbu gʻoyaning paydo boʻlish tarixini aytib bera olasizmi?
– Ustozimiz kimyo fanlari doktori, professor Hamdam Akbarov bilan suhbat asnosida, Oʻzbekiston ilm-fani rivojiga katta hissa qoʻshgan kimyogar olimlarimizdan biri professor R.Tillayev xotirasiga bagʻishlab telegram orqali onlayn olimpiada oʻtkazish fikri keldi. Bu ikkovimizga ham maʼqul tushdi. Keyin fikrimiz kengayib, boshqa fanlarda oʻz hissasini qoʻshgan olimlar xotirasiga ham oʻtkazsak boʻladi, degan gʻoya tugʻildi. Buni vazirlik xodimlari bilan muhokama qildik va ushbu olimlarimizni nafaqat respublikaga, balki xalqaro miqyosda tanitish kerakligi muhim ekanini taʼkidlandi. Vazirlik tomonidan olimpiadani faqat telegram orqali emas, balki platforma orqali oʻtkazish kerakligi va sayt nomini www.moziy.edu.uz shaklida tashkil etish taklifi kiritildi.
– Loyiha doirasida qaysi olimlar xotirasiga bagʻishlab olimpiada oʻtkazishni rejalashtirgansizlar?
– Joriy yilning 18-may kuni kimyogar olim professor Rahim Tillayev xotirasiga, iyun oyida axborot texnologiyalari sohasidagi yirik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Joʻra Abdullayev xotirasiga bagʻishlangan onlayn olimpiadalarni oʻtkazishni rejalashtirganmiz. Respublika va Xalqaro olimpiadalarimiz test shaklida tashkil etiladi. Uning savollari 25 ta boʻlib, shulardan 2 tasi olim hayoti va faoliyatiga bagʻishlanadi. Bundan maqsad yoshlarimiz oʻzbek olimlarining faoliyatini oʻqib oʻrganib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganlaridek mamlakatimizdagidek boy tarix va buyuk allomalar hech qayerda yoʻqligiga ishonch hosil qiladi.

 

OʻzA