Poytaxtimizda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi boshlandi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning jamiyatimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ayniqsa, iqtidorli qizlarni qo‘llab-quvvatlash, iste’dodi va salohiyatini yuzaga chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilishi a’lo xulqi, keng dunyoqarashi va boy tafakkuri bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan iqtidorli qizlarni kashf etish va rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
– Joriy yilgi tanlovning ilk bosqichlarida poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, umumta’lim maktablari, maktab-internatlar va Mehribonlik uylaridan 18 mingga yaqin qiz qatnashdi, – deydi tanlov komissiyasi a’zosi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori E’tiborxon Sultonova. – Bu qizlarimiz orasida mazkur tanlovga qiziqish yildan-yilga ortib borayotganidan dalolatdir.
Tanlovning Toshkent shahar bosqichida 59 ishtirokchi adabiyot, san’at, fan, ta’lim va madaniyat yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z iqtidor va iste’dodini namoyish etmoqda. G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oladi.