Orol tubini koʻkalamzorlashtirish boʻyicha yangi tashabbus

Toshkentda 11-mart kuni BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi huzuridagi Akselerator Laboratoriya tomonidan Orol dengizi tubini koʻkalamzorlashtirishga qaratilgan “Green Aral Sea” kraudfonding tashabbusiga start berildi.

Dengizning qurigan tubidagi 100 gektar maydonga 100 ming tup saksovul koʻchati ekishni nazarda tutuvchi mazkur tashabbusdan koʻzlangan maqsad – Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, hududda yashovchi aholi turmush darajasini yaxshilashga hissa qoʻshishdan iborat.

Bir vaqtlar kattaligi jihatidan dunyoda toʻrtinchi koʻl hisoblangan Orol oʻz atrofida farovon hayot sharoitini taʼminlagan joʻshqin ekotizim makoni edi. Afsuski, bugungi kunga kelib dengiz oʻz hajmining 90 foizini yoʻqotdi. Falokat aholi hayoti, sogʻligʻi, iqtisodiyot va hududdagi biologik xilma-xillikka putur yetkazdi.

Shu bois ushbu fojiadan xalqaro hamjamiyatning xabardorligini oshirgan holda, hosil boʻlgan choʻlni tegishli xalqaro tashkilotlar yordamida saksovulzor bilan qoplash dolzarb masalaga aylangan.

Mazkur tashabbus ikki oʻzaro bogʻliq maqsadga ega. Birinchidan, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishda Oʻzbekiston hukumati va xalqaro hamjamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida global va milliy miqyosda xabardorlikni oshirish, ikkinchidan, Orolboʻyi hududida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli saʼy-harakatlarga strategik hissa qoʻsha olish salohiyatiga ega muqobil moliyalashtirish vositalarini qoʻllash lozim.

Ayni chora-tadbirlar natijasi oʻlaroq, qurigan dengiz tubida yashil oʻrmon hududini kengaytirishdan tashqari, biologik xilma-xillikni oshirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash va barqaror daromad olishning yangi manbalarini yaratish ham koʻzda tutilgan.

– Orol tubini koʻkalamzorlashtirish boʻyicha ishlar 2018-yilning dekabrida boshlangan, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov. – Oʻtgan yili 461 ming gektar joyga saksovul ekildi. Bir million ikki yuz gektar maydon koʻchat ekishga tayyorlandi. Ushbu xayrli yumushga Oʻzbekistonning turli viloyatlaridan mingdan ziyod odam hasharga keldi, 500 dan ortiq texnika, jumladan, 7 ta AN-2 samolyoti jalb qilindi. Bu yil 700 ming gektar yerga saksovul ekish rejalashtirilgan. Hozirgacha 680 ming gektar maydon koʻchat oʻtqazish uchun tayyorlandi. Bu yilgi jarayonda ikki yarim ming kishi, mingga yaqin texnika vositasi, toʻrtta samolyot band. 16 ming gektar maydonga saksovul deltaplan yordamida ekildi. Bugundan BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan 100 gektar maydonga 100 ming tup saksovul ekish boʻyicha sinov loyihasi ishga tushmoqda.

Loyihaning oldingilaridan farqi shundaki, endi Orol tubini koʻkalamzorlashtirishni moliyalashtirishning muqobil yoʻllari joriy qilina boshlandi. Bunda tashkilotlar, kompaniyalar, biznes tuzilmalari va hatto, jismoniy shaxslar oʻz mablagʻlari bilan ishtirok etishi mumkin.

– Bizning asosiy vazifamiz Orol boʻyini yashil hududga aylantirish orqali Oʻzbekistonga koʻmaklashish, – deydi BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. – Mazkur loyiha doirasida muammoni hal etishga innovatsion yondashish barobarida, Orol boʻyini yashillashtirish ishlarini moliyalashtirishning muqobil yoʻllarini ishlab chiqishdir. Masalan, kraudfond yondashuvi aynan shu tashabbus doirasida ilk bor qoʻllanilmoqda. Bunda har qanday shaxs yoki tashkilot, kompaniya yoki biznes tuzilmalari oʻz mablagʻi bilan mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etishi mumkin. Zero, bugun sarflanayotgan har bir dollar yoki yuz ming soʻm, bir tup koʻchat ekish va uni parvarishlash degani. BMT Taraqqiyot Dasturi ushbu loyihani hayotga tatbiq etish uchun, allaqachon hukumat, vazirlik va idoralar, tashkilotlar bilan hamkorlikni boshlab yuborgan.

Tashabbus Orolboʻyi hududining murakkab va oʻzaro aloqador muammolariga kompleks yondashuvning bir qismi boʻlishi kutilmoqda. Oʻzbekiston hukumati tomonidan ushbu hududni ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Shunga binoan, hududda keng miqyosli innovatsion oʻzgarishlar olgʻa surilmoqda. Demak, mazkur tashabbus bu borada Oʻzbekiston uchun oʻzaro muvofiqlashtirilgan koʻmak boʻlishi shubhasiz.

Tadbirda koʻplab kompaniyalar, jismoniy shaxslar loyihaga qoʻshilishiga umid bildirildi.

 

Saidmurod RAHIMOV, OʻzA