Navroʻz umumxalq bayrami arafasida koʻplab milliy urf-odat va anʼanalar yangi talqinda namoyish qilinadi. Qoraqalpoqlarning azaldan mashhur boʻlib kelgan aydartoʻy marosimi ham har yilgi bayram dasturlaridan alohida oʻrin oladi.
Qoraqalpoqlarda oʻgʻil, baʼzan qiz bolalarga ham qoʻyiladigan aydar sochning maʼnosi nima? Nima uchun unga atab qoraqalpoqlar aydartoʻy oʻtkazadi?
Bu haqida qoraqalpogʻistonlik taniqli folklorshunos olim Seydin Amirlan OʻzA muhbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
–Qoraqalpoq xalqining turmushida “soch xosiyati”ga oid tushunchalar koʻp. Shu asosda oʻgʻil bolaga aydar, kokil, yol, tulum, qiz bolaga esa kokilcha va tulumchoq qoʻyiladi. Shuningdek, sochga alohida parvarish ham talab qilinadi. Chunki, “odam jonining bir boʻlagi sochda boʻladi” deb tushunilgan. Soch uchib ketsa yoki qush ogʻziga tushsa, odamning boshi ogʻriydi, kasallikka chalinadi, degan har xil irimlar qilingan. Shu bois sochni har yerga sochib ketish taʼqiqlangan.
Sochning parvarishi va uni oldirishning oʻz qoidalari bor. Masalan, qiz bolaning sochini onasi, buvisi, opalari parvarish qiladi, oʻgʻil bolalarning soch parvarishiga esa hamma masʼul. Eʼtiborli tomoni shunda, qoraqalpoqlarda soch oʻstirish va uni tantanali ravishda oldirish dasturi bilan bogʻlik xalq marosimlari ham yuzaga kelgan. Bu marosim turlarining asosiylari aydartoʻy, kokiltoʻy, zulfitoʻy (tulumchoqtoʻy).
Shulardan aydartoʻy marosimi alohida oʻrin tutadi. Aydartoʻy – avlodni davom ettiruvchi oʻgʻil bolaga beriladi. Boshqa toʻylar qoʻshnilar va yaqin-qarindoshlar ishtirokida kichikroq marosim sifatida oʻtkazilgan boʻlsa, aydartoʻy keng ommaning boshini qoʻshadigan “ulugʻ toʻy” hisoblangan.
Aydarsoch qanday sabablarga koʻra oʻstiriladi?
Birinchidan, uzoq vaqt farzand dogʻida yurib, oʻgʻil koʻrganda, ikkinchidan, farzandi turmay kelgan uyning oʻgʻil bolasiga aydar soch qoʻyilgan. Uchinchidan, qator qiz bolalardan keyin oʻgʻil farzand koʻrsa, toʻrtinchidan, bolaga koʻz tegmasin, umri uzoq boʻlsin, botir boʻlsin degan maʼnolarda aydar soch oʻstirilgan. Yana bir sababi bor, agar bola tugʻilganda tepasida bir uyum soch bilan tugʻilsa, unga ham aydar soch oʻstirilgan. Baʼzida, oʻgʻil oʻrnida koʻrilgan qiz bolaga ham aydarsoch qoʻyilganligi maʼlum.
Aydartoʻy – bola besh yoki yetti yoshga chiqqanda beriladi. Anʼanaga koʻra, aydartoʻyda bolaga maxsus kiyimlar kiydiriladi va aydarsochlari oʻriladi. Bolaning aydari har xil munchoqlar, hosil toshlar va zarli iplar bilan bezatiladi. Toʻy tantanasida bola xijolat boʻlmasligi uchun maxsus aytimlar aytilgan.
Bola toʻyga yigʻilganlarni bir aylanib chiqib, oʻrtaga toʻshalgan kigizning ustidagi kursiga oʻtiradi va shu yerda togʻalarining biri kelib, jiyaniga tilak bildirib, aydarsochini oladi. Aydarsochini olgandan keyin duo qiladi va boshiga qalpoq kiydirib, qoʻliga qamchi tutqazadi hamda togʻalari olib kelgan otga mindirib toʻyxonani aylantirib olib yuradi. Aydarsoch oq matoga tuyulib, onasiga topshiriladi. Toʻy tantanasi shu tariqa davom etadi.
Ye.Qanoatov, OʻzA