Qatar poytaxti Doxada boʻlib oʻtgan AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasidagi uchrashuv doirasida “Tolibon“ harakati siyosiy vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Abdul Salom Hanafiy va Qori Din Muhammad Oʻzbekiston OAV vakillariga intervyu berdi.
Abdul Salom Hanafiy: Hammamiz bir vujudmiz!
– Biz janob Prezident Shavkat Mirziyoyevning fikrlarini muntazam kuzatib boramiz. Koʻp yaxshi ishlari, teran mulohazalari, ayniqsa, Afgʻoniston borasidagi ijobiy saʼy-harakatlariga guvohmiz. Doim Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi tarafdori, Afgʻoniston xavfsizligi uchun qaygʻuradi. Biz buni eʼtirof etamiz. Afgʻonistonga nisbatan xolis boʻlib, bizga yaxshilik ixtiyor etgani uchun biz behad xushholmiz.
Oʻzbekiston va Afgʻoniston xalqi azaldan bir-biri bilan ogʻa-ini, doʻst. Biz hammamiz bir vujudmiz. Bu mintaqada yashayotgan barcha mamlakatlar, barcha millatlar hammalari, inshoolloh, kelajakda ham bir joyda ahil yashashlari kerak. Afgʻoniston xavfsizligi – Oʻzbekiston xavfsizligi va Oʻzbekiston tinchligi – Afgʻoniston tinchligidir!
Qori Din Muhammad: Taqdirimiz bogʻliq, xuddi bir qoʻlning besh barmogʻidek
– 40 yildirki, Afgʻonistonda notinchlik davom etib kelyapti. Bizga va barcha qoʻshni davlatlarga urushni toʻxtatish, barqaror tinchlik va xavfsizlik oʻrnatish juda muhim. Yaxshi xabardormiz, Oʻzbekiston Prezidenti Afgʻonistonda osoyishtalikni taʼminlash uchun juda muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Natijada bugun mana shunday tarixiy natijaga erishib turibmiz.
Afgʻoniston va Oʻzbekiston umumiy chegaraga, mushtarak tarix va madaniyatga ega. Oʻzbek va afgʻon xalqlari asrlardan buyon bir daryoning ikki qirgʻogʻida yashab keladi. Bizning taqdirimiz har jihatdan bir-biriga bogʻlanib ketgan, xuddi bir qoʻlning besh barmogʻidek. Qolaversa, sizlar bilan yaxshi qoʻshnilik munosabatini saqlash, qurilish, taʼlim va boshqa koʻplab sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish biz uchun uzoqroq joylashgan davlatlar bilan munosabat oʻrnatishga qaraganda ancha samaraliroq.
OʻzA