Prezident gaz taʼminotidagi oʻgʻirliklarning oldini olish boʻyicha topshiriqlar berdi

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 9-iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz tarmogʻini moliyaviy sogʻlomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan “Hududgaztaʼminot” AJ tuzilib, tabiiy gazni isteʼmolchilarga yetkazishda yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha bir qator vazifalar belgilangan edi.
Jumladan, faoliyat koʻrsatayotgan gaz taqsimlash punktlari va tarmoqlari modernizatsiya qilinadi. 2022-yilga qadar tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi barcha turdagi isteʼmolchilar uchun toʻliq joriy etiladi. Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli uskunalarni ekspluatatsiya qilish, isteʼmolchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalarini bajarish uchun gaz taʼminoti obyektlarini xususiy operatorlar boshqaruviga bosqichma-bosqich beriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 28-fevral kuni poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi Texnopark hududida ishga tushirilgan elektron gaz hisoblagichlar korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Tashrif doirasida soha mutaxassislariga berilgan tavsiya va topshiriqlar haqida “Hududgaztaʼminot” AJ raisi Bahodir Eshmurodov OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi:
– Aksiyadorlik jamiyatimiz isteʼmolchini ortiqcha ovora qilmay, gaz hisoblagichni oʻrnatib berishni yoʻlga qoʻyishni maqsad qilgan. Hozir koʻpchilikni qiynayotgan masala gaz hisoblagichdagi koʻrsatkich tuman gaz taʼminoti boʻlimidagi raqamga toʻgʻri kelmaydi. Majburiy ijro byurosi roʻyxatida esa fuqaro tomonidan sarflangan gaz uchun umuman boshqa hisob mavjud. Buning orqasidan oddiy gaz hisoblagichning nosozligi, uni qayta taʼmirlash, tekshirish kabi ovoragarchiliklar paydo boʻlayapti. Yangi korxonada ishlab chiqarilayotgan elektron gaz hisoblagichlar bunday salbiy holatlardan umuman yiroq boʻlib, ortiqcha vaqt va xarajatlarni tejaydi.
Maqsadimiz har bir isteʼmolchini hurmat qilish
“Texnopark” MCHJdagi ishlab chiqaruvchi korxonaga yangi elektron gaz hisoblagichning texnik vazifasi qanday boʻlishi kerakligini biz belgilab berdik. Unda xavfsizlik masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Soʻnggi yillarda aholining gazdan zaharlanishi, xonadonlarda yongʻin chiqish holatlari ortmoqda.
Shuningdek, hisob-kitoblardagi noaniqliklarning kelib chiqishi koʻplab noroziliklarga sabab boʻldi. Bunga, oʻz navbatida, jazirama yoz va qahraton qishdagi havo haroratining oʻzgarishi ham taʼsir qiladi, albatta. Shu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida elektron gaz hisoblagichlarga maxsus termoregulyator oʻrnatilgan. Bundan tashqari, gaz sarfidagi hisob-kitoblarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish maqsadida masofaviy boshqaruv klapanlari bilan taʼminlangani, tashqi taʼsirdan himoyalash vositalari borligi muammolarni bartaraf etadi.
Tabiiy savol tugʻiladi: isteʼmolchi ortiqcha gaz ishlatayotganini qanday aniqlash mumkin? Masalan, oddiy xonadonda 1 ta gaz plitasi, 1 ta isitish qozoni uchun elektron gaz hisoblagich oʻrnatilgan. Agar xonadon egasi qoʻshimcha tarzda noqonuniy moslama oʻrnatadigan boʻlsa, gaz hisoblagich belgilangan meʼyordan ortiqchasini aniqlagan zahoti xonadonni tarmoqdan oʻchirib qoʻyadi. Bu avvalo gazdan zaharlanish holatlarining oldini olishga yordam beradi.
Yangi elektron gaz hisoblagichning ahamiyati nimada?
Elektron gaz hisoblagichlarga maxsus sim-karta oʻrnatilgan. Bu kun davomida qancha gaz sarflanayotgani haqida masofaviy axborot olish imkonini beradi. Kun davomida foydalanilayotgan gaz sarfi haqidagi axborot onlayn tarzda “Hududgaztaʼminot” AJ serveriga kelib tushadi. Shu orqali biz soatbay isteʼmol boʻyicha maʼlumotga ega boʻlamiz. Misol uchun, kelgusida koʻp qavatli uyning xonadonlarida kunlik, haftalik va oylik gaz sarfi qanday boʻlayotgani haqida servis markazimiz kompyuterlaridan kuzatishimiz mumkin.
Hozirgacha faqat oflayn tarzda, yaʼni kartochkadan oldindan toʻlov qilib, puli tugaguncha gazdan foydalanish tizimi boshqa davlatlar tajribasida mavjud edi. Onlayn tarzdagi tabiiy gaz yetkazib berishning avtomatik boshqaruv tizimi dunyoda ilk bor Oʻzbekistonda amalga oshiriladi.
Prezidentimiz mazkur tizim bilan tanishganidan keyin bu borada oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Biz yangi hisoblagichda gazdan noqonuniy foydalanishning oldi olingani, xavfsizlik taʼminlanganini taqdimotimizda koʻrsatdik. Davlatimiz rahbari mavjud amaliyotda uchraydigan turli muammolarni bartaraf qilish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berdi.
Endi gaz hisoblagichlar 10 yilda qiyoslashdan oʻtkaziladi
Joriy yil hududlarda “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan 3 million 480 ming donadan ziyod elektron gaz hisoblagich oʻrnatish rejalashtirilgan. Buning uchun hududlarda 15 servis xizmati koʻrsatuvchi filiallar oʻz faoliyatini boshladi. Unda 150 nafar mutaxassis ishlaydi. Xususan, bitta ishchi bir kunda 30 ta gaz hisoblagichni toʻgʻri oʻrnatilganini tekshirib, kafolat muddatini beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-avgustdagi 698-son qaroriga koʻra, tabiiy gazni hisobga olish uskunasini (hisoblagichni) yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti belgilangan. Unda hisobga olish uskunalarini qiyoslash davriyligi jismoniy shaxslar uchun 8 yil, yuridik shaxslar uchun esa 4 yilni tashkil etadi. Lekin yangi avlod elektron gaz hisoblagichlarni ishlab chiqaruvchisiga qiyoslash davriyligini 10 yilda bir qilish belgilandi. Shuningdek, yagona aloqa markazi ham ishga tushirilgan boʻlib, unga mijozlar oʻzini qiziqtirgan savollari, mahsulotda uchrayotgan nuqsonlarini bartaraf qilish haqida murojaatlarini berishi mumkin.
Aslida gaz hisoblagichlar uchun servis xizmat 2 xil yoʻnalishda olib boriladi. Birinchi galda kun davomida joylarda qancha gaz hisoblagich oʻrnatilgani haqida “Hududgaztaʼminot” AJ servis markazi dasturiy taʼminotiga maʼlumot yuboriladi. Shu asosda 24 soat ichida texnikaning toʻgʻri oʻrnatilgani va kafolat muddatini berish uchun rejalashtirish ishlari olib boriladi. Ikkinchi yoʻnalishda kafolat muddati berilgandan keyin mijoz tomonidan gaz hisoblagichda biror nuqson aniqlansa, servis markaziga murojaat qiladi. Agar bu salbiy holat quvurdagi gazning kam sizib chiqishi bilan bogʻliq boʻlsa, hudud gaz taʼminoti boʻlimi muammoni bartaraf etadi.
Ushbu saʼy-harakatlarimizdan asosiy maqsad ortiqcha yoʻqotishlarning oldini olish, xavfsizlikni taʼminlash, mijozlarga sifatli xizmat koʻrsatish orqali xarajatlarni kamaytirishga erishishdir.

 

Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA