Davlatimiz rahbari Yashnobod tumani rahbarlari, mahalla raislari, tadbirkorlar, maktab va sogʻliqni saqlash muassasalari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Prezidentimiz tumanni obod va osoyishta namunali hududga aylantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻalikka barham berish, taʼlim sifatini oshirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, tinchlikni taʼminlash borasida bir qator tashabbuslarini aytdi, topshiriqlar berdi.
– Sizlar bilan, xalq orasida yurib, islohotlarimizni amalga oshirayotgan odamlar bilan suhbat qilib, mavjud muammo va masalalarni ochiq-oydin muhokama qilgani keldim. Shuning uchun yodlangan gaplarni gapirmasdan, koʻproq savol berib, takliflaringizni aytsangizlar, xursand boʻlaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tumandagi 58 mahallada 240 ming aholi istiqomat qiladi. 8300 fuqaro ishsiz, 10 ming odam ishlash maqsadida boshqa davlatlarga ketgan. Demak Yashnobodning 18 mingdan ziyod aholisiga munosib ish kerak.
Davlatimiz rahbari tumanda ishsizlikning oldini olish, kambagʻallikka barham berish maqsadida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish haqida topshiriq berdi.
– Bir bandaning ogʻirini yengil qilish Xudoga ham yoqadi. Kambagʻal kishining ham farzandi bor, hayotdan umidi bor. Shuncha yil bu haqda gapirmadik, yashirib keldik. Endi bunga barham beraylik. Kambagʻallikni yoʻqotaylik, – dedi davlatimiz rahbari.
Buning uchun, avvalo, yoshlarni biron kasb egasi qilib voyaga yetkazish, yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish, Yashnobod tumanidagi band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi “Ishga marhamat” mono-markazi shaklidagi markazlarni barcha tumanlarda ochish haqida fikr bildirildi.
Bu borada Shavkat Mirziyoyev tuman hokimlariga, boshqa daxldor tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriq ham berdi. Bunda qisqa vaqtda kollejlardagi oʻquv auditoriyasining bir qismini kechki smenaga oʻtkazish, ularda mahalla yoshlarini kasb-hunarga oʻqitish kurslarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbari kasb-hunar egallagan yoshlarning ish unumdorligi, oilasiga, iqtisodiyotimizga foydasi haqida gapirdi. Taʼkidlanganidek, sanoatni rivojlantirishda yoshlar kuchidan foydalanish kerak. Buning uchun ular zamonaviy dastgohlarda ishlashni bilishi talab etiladi. Shunda ularning oylik maoshi ham oshadi.
Davlatimiz rahbari sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish borasida muhim gʻoyalarni aytar ekan, tibbiyot kollejlari faoliyati, ularni bitirayotgan yoshlar uchun amaldagi huquqiy asos oʻzini oqlamayotganini qayd etdi.
Shu maʼnoda, tibbiyot kollejlari negizida Ibn Sino texnikumlarini tashkil etish tashabbusini yigʻilish ishtirokchilari qoʻllab-quvvatladi. Texnikum bitiruvchilariga tibbiyot shifokori, degan diplom beriladi. Oʻqituvchilar bilimi, saviyasiga ham alohida eʼtibor qaratiladi.
– Yana bir muammo aholining sogʻlom ovqatlanish meʼyorlariga amal qilmasligida, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari Nuroniylarga, oilaviy poliklinika shifokorlariga mahallalarda keng targʻibot ishlarini olib borish vazifasi topshirildi. Koʻproq piyoda yurish tavsiya etildi. Bu borada Yashnobod tuman tajribasini joriy qilish haqida aytildi.
Yigʻilishda mahalla va oila tizimidagi uygʻun islohotlar, jumladan, yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyati haqida soʻz bordi. Mahallada jinoyat sodir etilishining oldini olish, ishsizlikka, kambagʻallikka barham berishda mahallaning roli muhimligi taʼkidlandi.
– Prezident siyosatining ekan katta zamini, bu – mahalla tizimi. Shu bois mahalla raisi va profilaktika inspektorlarini majlislarga chaqirmaymiz, kerak boʻlsa mahallaga kelib majlis qilinadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Oilaviy nizolarga, ajrashishlarga qarshi kurashni kuchaytirish kerakligi boʻyicha gap borar ekan, endilikda er-xotinni ajratishda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining ruxsati olinishi shartligi aytildi. Bu borada tegishli qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha topshiriq berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yigʻilishda Yashnobod tumani misolida davlat boshqaruvi tizimiga oʻzgartirish kiritish haqida fikr bildirdi. Shuningdek, kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha ham Sirdaryo viloyatining Boyovut va poytaxtimizning Yashnobod tumani namuna boʻlishi kerakligini aytdi.
Bunda asosiy eʼtibor kam taʼminlangan oilalar bilan ishlash, xotin-qizlar muammolariga yechim topish, bandlikni taʼminlash, mahallardagi sogʻlom muhitni mustahkamlashga qaratiladi.
– Ishlagan odamga jamiyat eʼtibor qaratadigan zamon keldi. Tinchligimizning qadriga yetib, pok va halol boʻlib harakat qilsak albatta natija boʻladi. Ertangi kunimizga befarq boʻlmaylik. Yashnobod oʻz nomiga munosib yashnab turishi, quyi tizimda ishni tashkil qilish boʻyicha namuna boʻlishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Ulugʻbek Asrorov, O’zA