Navoiy kon-metallurgiya kombinati zamonaviy kompaniyaga aylantiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasini isloh qilish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Mazkur majmua mamlakatimizdagi eng yirik sanoat korxonasidir. Bu yerda oltin, uran, nodir metallar, qurilish va dastgohsozlik sanoati uchun zarur mahsulotlar, keng turdagi xalq isteʼmoli tovarlari ishlab chiqariladi. Kombinat yurtimizdagi jami sanoat mahsulotining 10 foizini va byudjet daromadining 18 foizini taʼminlaydi. Unda 58 ming xodim ishlaydi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati xomashyo resurslarining hajmi boʻyicha jahondagi oltin ishlab chiqaruvchilar orasida uchinchi oʻrinda turadi. Lekin aktivlarining qiymati xorijiy kompaniyalarnikiga nisbatan ancha kam.

Masalan, hozirgi kunda kombinatning balans qiymati 1,3 milliard dollar boʻlsa, shu darajadagi xorijiy korxonalarning bozor narxi 11 milliard dollarni tashkil etadi.

Shu bois NKMKni zamonaviy kompaniyaga aylantirish maqsad qilingan. Davlatimiz tomonidan bu borada kompleks chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatini 2026-yilgacha rivojlantirish dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Uning doirasida 2017-2019-yillarda 1,2 milliard dollar mablagʻ evaziga 8 ta obyekt ishga tushirilgan. Natijada oxirgi uch yilda oltin ishlab chiqarish hajmi 2,5 foiz, kumush olish 37 foizga oshgan.

Oʻtgan oyda Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnomada Prezidentimiz Navoiy kon-metallurgiya va Olmaliq togʻ-kon metallurgiya kombinatlari kabi yirik sanoat korxonalarida yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan birga ushbu korxonalarni xalqaro moliya bozorining toʻlaqonli ishtirokchisiga aylantirish lozimligini taʼkidlagan edi.

Yigʻilishda shu boradagi reja va chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining tarkibiy tuzilmasini takomillashtirish, korporativ oshkoralikni tatbiq etish, hisob-kitoblarni xalqaro standartlarga oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.

2026-yilga qadar korxonada ishlab chiqarish hajmini 94 tonnaga yetkazish, buning uchun 4 milliard dollarlik 40 ta loyihani amalga oshirish kerakligi taʼkidlandi. Jumladan, loyiha qiymati 525 million dollar boʻlgan yangi konni oʻzlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Kombinatning bugungi kundagi 3,7 ming tonna oltin zaxirasi xalqaro standartlar asosida baholanib, korxona balansida aks ettirilishi zarurligi belgilandi.

Davlat geologiya qoʻmitasi va Moliya vazirligiga zaxiralarni baholash ishlari hamda moliyaviy hisobotlarni xalqaro meʼyorlarga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi. Konlar zaxirasi va kamayishi toʻgʻrisidagi hisobotlar, qazib olish loyihalari boʻyicha maʼlumotlarni Avstraliya kodeksi (JORC Code) asosida tayyorlash muhimligi qayd etildi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining korporativ yevroobligatsiyalarini chiqarish masalasiga toʻxtalib oʻtildi.

Korxona rahbari va vazirlar yuqoridagi vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan hisobot berdi.

 

O’zA