Sayyohlar oqimi kengaymoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi “Tuproqqal’a” arxeologik ob’ekti “Sharq yulduzi” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan. Ushbu tarixiy qal’a ilmiy ma’lumotlar bo‘yicha eramizning I-IV asrlariga tegishli bo‘lib, qadimgi Xorazm hukmdorlarining qarorgohi bo‘lgan. Tarixchi olimlar tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida qal’adan juda ko‘plab noyob arxeologik ashyolar topilgan.
Xususan, ro‘zg‘orda foydalanilgan idishlar, devorga chizilgan rasmlar, eski tangalar va yana boshqa topilmalar bugungi kunda Qoraqalpog‘istondagi muzeylarda saqlanmoqda. Shu sababli nafaqat mahalliy, balki chet ellik sayyohlar ham “Tuproqqal’a” arxeologik ob’ekti bilan yaqindan tanishishga juda qiziqadilar. Yodgorlik madaniy meros ob’ekti tariqasida davlat ro‘yxatiga kiritilgan va belgilangan qonun talablari asosida qo‘riqlanadi. O‘tgan yili bu yerdakonservatsiya ishlari olib borildi.
Qal’aga yaqin joyda sayyohlar uchun milliy o‘tovlar tikildi. Dam olish, ovqatlanish va, umuman, mazmunli sayohat uchun barcha qulayliklar yaratildi. So‘nggi vaqtlarda “Tuproqqal’a” bilan tanishishga Germaniya, Italiya, Fransiya, Avstriya, Ispaniya, Chexiya, Polsha, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlardan kelayotgan sayyohlar oqimi kengaygan.

 

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA