«Yil talabasi-2019» g‘oliblari Mo‘ynoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Yil talabasi – 2019» respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tomonidan 2019 yil 15 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida 2019 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi»da belgilangan vazifalar ijrosi doirasida «Yil talabasi – 2019» respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan edi.
Mamlakatimizning 17 ta oliy ta’lim muassasasidan kelgan g‘olib talabalar Qoraqalpog‘istonda tantanali kutib olindi. Mehmonlar Nukus shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi. Ayniqsa, dunyoga mashhur I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi talabalarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Respublika tanlovi g‘oliblari Mo‘ynoq tumani markazidagi Madaniyat saroyi oldi va markaziy ko‘cha bo‘yiga ko‘chatlar ekdi.
Shundan so‘ng g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. “Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi”, “Yilning eng faol tashabbuskor-targ‘ibotchi talabasi”, “Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi”, “Yilning eng faol sportchi talabasi”, “Yilning eng faol ijodkor talabasi”, “Yilning eng faol bloger talabasi”, “Yilning eng namunali tadbirkor talabasi” nominatsiyalari bo‘yicha birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rinlar sohiblari e’lon qilindi.
̶ Mo‘ynoqqa kelib, undagi yangilanishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni orzu qilardim, ̶ deydi Farg‘ona davlat universiteti talabasi, “Yilning eng faol ijodkor talabasi” nominatsiyasi ikkinchi o‘rin sohibasi Mushtariybegim Qurbanova. ̶ Taqdirlash marosimi Qoraqalpog‘istonda, Mo‘ynoqda tashkil etilgani esa men kabi ijodkor talabalarni yanada ruhlantirmoqda.
G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan maxsus statuetka, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA