Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Ushbu davlatlar nafaqat Osiyo, balki butun dunyoda, ayniqsa, yuksak texnologiyalar sohasida yetakchi hisoblanadi, keng investitsiya imkoniyatlariga ega.

Davlatlar rahbarlarining siyosiy irodasi va muntazam muloqotlari tufayli Oʻzbekistonning ushbu mamlakatlar bilan munosabatlari strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan, hamkorlikning turli yoʻnalishlarida yaqin aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.

2019-yilda ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgan samarali tashriflar boʻlib oʻtdi. Xususan, 18-21-aprel kunlari Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In mamlakatimizda, 17-20-dekabr kunlari esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyada tashrif bilan boʻldi. Uchrashuv va muzokaralar natijasida salmoqli hukumatlararo va idoralarlaro hujjatlar imzolandi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy kelishuvlarga erishildi.

Bugungi yigʻilishda ushbu mamlakatlar bilan oʻzaro savdo va investitsiya koʻrsatkichlari izchil oshib borayotgani taʼkidlandi. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan ortdi. Bugungi kunda yurtimizda Kunchiqar mamlakat ishtirokida oʻttizga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.

Amaldagi loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha yangi takliflar ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yaponiyalik sheriklar bilan hamkorlikda geologiya, kimyo va neft-kimyo, bank-moliya, sogʻliqni saqlash va taʼlim kabi sohalarda umumiy qiymati 6,6 milliard dollarlik 48 loyiha amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Xususan, “HIS” kompaniyasi bilan mehmonxonalar qurish, “Isuzu” va “Itochu” bilan “SamAvto” korxonasi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan Navoiy issiqlik energiya stansiyasida energiya bloklari (Navoiy-3) qurish boʻyicha va koʻplab boshqa loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Yigʻilishda turli ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, ishbilarmon doiralarining oʻzaro tashriflarini tashkil etish, yangi qoʻshma loyihalar ishlab chiqish orqali Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligini yana-da faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Koreya Respublikasi bilan ham iqtisodiy aloqalar salmoqli daraja rivojlanmoqda. Xususan, oʻtgan yil yakuniga koʻra ikki tomonlama savdo hajmi 2018-yilgiga nisbatan 27 foizga, jumladan, eksport 30,1 foizga oshdi. 2019-yilning oʻzida Oʻzbekistonda Janubiy Koreya sarmoyalari ishtirokida 198 ta korxona tashkil etildi, ularning umumiy soni 800 dan oshdi.

Koreyalik sheriklar bilan birgalikda Toshkent shahrida bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazini qurish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Poytaxt viloyatining Qibray tumanida “Tashkent Farma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini yaratish ishlari boshlandi. Mazkur loyiha ilmiy-tadqiqot markazi, laboratoriyalar, vivariy, farmakopeya markazini oʻz ichiga olgan Farmatsevtika texnika universiteti hamda dori vositalari, tibbiyot buyumlari va texnikasini ishlab chiqarish uchun sanoat zonasi tashkil etishni nazarda tutadi.

Qishloq xoʻjaligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sogʻliqni saqlash, kimyo, tekstil, elektrotexnika, farmatsevtika va zargarlik sanoati, taʼlim va innovatsiyalar hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlari sifatida qayd etildi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) texnik koʻmagi bilan 2019-yilda sogʻliqni saqlash va standartlashtirish boʻyicha umumiy qiymati 13 million dollarlik ikkita grant loyihasi doirasida ish olib borildi, 29,6 million dollarlik yana 6 loyiha amalga oshirilmoqda. 2020-2022-yillarda umumiy qiymati 72,2 million dollarlik yana 10 ta loyiha masalasi oʻrganilmoqda.

Koreya Respublikasi Eksimbanki bilan hamkorlik doirasida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va birgalikda moliyalashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasiga 2 milliard dollarlik resurslar jalb qilindi va 14 ta strategik muhim loyiha amalga oshirildi. Umumiy qiymati 608 million dollarlik 6 ta loyiha ustida ish boshlandi.

Muxtasar aytganda, Yaponiya va Janubiy Koreya bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish natijasida 40 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratish, ishlab chiqarish hajmini 4,1 milliard dollarga, eksport hajmini esa 1,14 milliard dollarga oshirish nazarda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy darajadagi tashriflar yakunida ishlab chiqilgan “yoʻl xaritalari”da 2020-yilga belgilangan chora-tadbirlarning toʻliq va sifatli ijrosini taʼminlash zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, aniq vazifalar belgilandi.

 

OʻzА