Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning taklifiga binoan 19-20-fevral kunlari tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻldi.
Davlat rahbarlari dastlab tor doirada muzokara oʻtkazdi. Prezidentlar raisligida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Muzokaralarda mamlakatlarimiz hamkorligiga oid barcha masalalar va ularning yechimlari, istiqboldagi asosiy vazifalar hamda qoʻshma loyihalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi natijalari toʻgʻrisida qoʻshma bayonot, shuningdek, iqtisodiyot, savdo, texnologiyalar sohasiga oid hujjatlar imzolandi.
Tashrifning ikkinchi kunida davlatimiz rahbari Turkiyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi yakunlandi. Davlatimiz rahbarini “Esonbugʻa” aeroportida Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan kuzatib qoʻydi.