Prezident Shavkat Mirziyoyev Anqara shahridagi Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Mustafo Kamol Otaturk qabriga gulchambar qoʻydi.
Mustafo Kamol turk xalqining atoqli farzandi, buyuk davlat arbobidir. U Birinchi jahon urushidan keyin parchalanib, okkupatsiyada qolgan mamlakatni ozod etgan. 1923-yilda mustaqillik eʼlon qilib, hozirgi Turkiya Respublikasiga asos solgan hamda uning birinchi Prezidenti boʻlgan. Mamlakatning bugungi taraqqiyotini belgilab bergan siyosiy, ijtimoiy va madaniy islohotlarni amalga oshirgan. 1934-yilda parlament qonuni bilan unga Otaturk nomi berilgan. U dafn etilgan Anitkabir majmuasi xalq uchun juda qadrli maskanga aylangan.
Davlatimiz rahbari muzey bilan ham tanishdi, majmuaning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdi.