Oʻzbekiston va Turkiya: hamkorlik istiqbollari

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 

Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari hamda istiqboldagi rejalar tahlil etildi.

Deputatlar, Turkiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, tegishli vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, olimlar, mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov davlatimiz istiqlolga erishgan dastlabki kunlardanoq Turkiya Oʻzbekistonni mustaqil davlat sifatida birinchi boʻlib rasman tan olgani, oʻtgan davr mobaynida oʻzaro aloqalar dinamik tarzda rivojlanayotgani, ayniqsa, keyingi uch yilda oʻzaro hamkorlik turli jabhalarda tobora chuqurlashib borayotganini taʼkidladi.

Oʻzaro tashriflar davomida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev hamda Rejep Tayyip Erdogʻan Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan Qoʻshma bayonot, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari oʻrtasida iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport-logistika, sanoat, energetika, ilm-fan, taʼlim, turizm va boshqa sohalarga doir 40 ga yaqin hujjat imzolangani bugungi oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda Turkiyaga davlat tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolangani, milliy parlamentimizning Turkiya parlamenti bilan aloqalarini mustahkamlash maqsadida “Oʻzbekiston – Turkiya” parlamentlararo doʻstlik guruhi tuzilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

2018-yil 30-aprelda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi nutqida turk xalqi Oʻzbekistonni ota yurti, Oʻzbekiston xalqini qardosh xalq, Oʻzbekiston Respublikasini qardosh davlat sifatida koʻrishini taʼkidlab, bu yurtda yetishib chiqqan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom al-Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Hakim at-Termiziy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi bugungi kunda ham jahon ilm dunyosida mayoq boʻlib nur taratayotganini alohida eʼtirof etgandi.

– Oʻzbek va turk elining aloqalari uzoq oʻtmishga borib taqaladi,–deydi Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er. – Tarixdan maʼlumki, qadimgi Movarounnahr ham muhim sivilizatsiya va bilim oʻchogʻi boʻlgan. Ota yurtimiz boʻlgan Oʻzbekiston bilan oʻzaro hurmat, tenglik asosidagi samimiy munosabatlarni chuqurlashtirish tarafdorimiz. Prezidentlar Rejep Tayyip Erdogʻan hamda Shavkat Mirziyoyev Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Oʻzbekistonda keyingi yillarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Turkiya ushbu islohotlarga oʻz hissasini qoʻshishni istaydi.

Maʼlumotlarga koʻra, jahon sayyohlik sohasida oltinchi oʻrinni egallagan Turkiya bir yilda 36 million sayyohni qabul qiladi va ushbu sohadan 34 milliard dollar miqdorida daromad koʻradi. Oʻzbekiston fuqarolari uchun 2007-yildan buyon Turkiyaga vizasiz kirish tartibi joriy qilingan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning alohida farmoni bilan turk fuqarolari uchun ham vizasiz rejim joriy etilgan. Albatta, bu turkiyalik fuqarolar hamda tadbirkorlarning, sayyohlik sohasida ish yurituvchi malakali mutaxassislarning Oʻzbekistonga kelishini ancha osonlashtirmoqda.

Oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun ikki davlatning manfaati va, eng asosiysi, xohishi ham borligi barchani quvontiradi.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA