Afgʻonistondan sobiq ittifoq askarlari olib chiqilganiga 31 yil toʻldi. Ushbu urushda Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 3669 nafar navqiron yigit ishtirok etdi. Ulardan 89 nafari ona yurtiga qaytib kelmadi.
Nukuslik Nursulton Sharipov koʻpchilik qatori 1983-yilda Vatan oldidagi muqaddas burchini bajarish uchun harbiy xizmatga chaqirildi. Turkmanistondagi harbiy qismlardan birida tayyorgarlik koʻrib, Termiz shahri orqali Afgʻonistonga otlandi. Nursulton ittifoq askarlari tarkibida 682-Ruxinsk motooʻqchilar polkining 1 batalyonida xizmatni boshladi. U chaqqonligi, berilgan har qanday topshiriqni soʻzsiz bajarishi bilan koʻzga tushdi. Natijada safdorlikdan vzvod komandirining oʻrinbosari darajasigacha koʻtarilib, bir qator orden va medallar bilan taqdirlandi.
1984-yilning 29-apreli. 1-batalyon navbatdagi harbiy topshiriqni olib, Pandjsher vodiysidagi Hazar togʻ darasi tomon yoʻl oldi. Kechga tomon bir tepalikka yetib kelishdi. Batalyon komandiri Korolyov (komandirning oʻlimidan soʻng batalyon “Korolyov batalyoni” deb nomlandi) 1 rota askarlariga daryo orqali toqqa chap tomondan, 2-rotaga esa oʻng tomondan koʻtarilish haqida buyruq berdi.
–Daryoning oqimi kuchli, suvi esa sovuq edi, – deydi sobiq jangchi Nursulton Sharipov. – Suv oqizib ketmasligi uchun oʻn nafardan boʻlindik. Tun yarmida kimlardir oʻtgandek boʻldi. Ertalab pastga tushishga buyruq keldi. Batalyon komandiri qoʻmondonga aloqaga chiqib, qoʻshimcha kuchlarsiz pastga tushish xavfli ekanini bildirdi. Lekin, uning talabi bajarilmadi.
Tongi soat 8.00.da yoʻlimizda davom etdik. Oldimizda sapyorlar. Togʻning pastki keng darasiga kelganimizda kutilmaganda barcha tarafdan hujum boshlandi. Dastlab hech narsaga tushunmadik. Kapitan Korolyov qarshi hujumga oʻtishga buyruq berdi. Otishma uzoq davom etdi. Katta tayyorgarlik koʻrgan terroristlarning hujumini qaytarish oson boʻlmadi. Bizning 126 nafar askardan 25 nafari, oʻzbekistonlik 11 nafar askardan faqat 4 nafari tirik qoldi. Hamyurtim, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy tumanidan Qoʻziboy Yeshimbetov ham ushbu jangda ikki oyogʻidan jarohat oldi. Bu Afgʻoniston urushi tarixidagi katta voqealardan biri boʻldi. Bu haqda turli mamlakatlarning kinematografistlari tomonidan 8 ta hujjatli va qisqa metrajli filmlar suratga olingan. Ularning ayrimlarini bugun internet tarmoqlari orqali tomosha qilish mumkin.
Shu yerda yana bir voqeani esga olmoqchiman. Hazar togʻ darasida otishmalar boshlanmasdan oldin leytenantlar Aleksandrov va Jarnikov oʻzlarini daryoga tashlab, bizni tark etishgandi. Ertasiga qaytib kelsak, ular ikkalasi bizning askarlar orasida turibdi. Ular askarlardan kechirim soʻrashardi. Qiyin paytda askarlarni tashlab ketishsa ham, ular kechirildi.
Yaqinda internet tarmoqlari orqali ushbu voqealar asosida tushirilgan bir hujjatli filmni koʻrib qoldim. 2-batalyon serjanti, Sevastopol shahrining sobiq gubernatori tashabbusi bilan tushirilgan mazkur filmda oʻsha qochqinlardan biri Aleksandrov goʻyoki asosiy qahramon sifatida koʻrsatilgan edi. Hatto u Rossiya Qahramoni unvoniga tavsiya etilibdi. Darhol oʻsha voqea boʻyicha xotiralarimni sobiq MDH mamlakatlaridagi quroldoshlarimga, qazo topgan askarlarning ota-onalariga, tanish-bilishlarimga joʻnatdim. Oʻshandan beri “qahramon” Aleksandrovdan darak yoʻq.
Harbiy xizmat davridan bir bloknotim saqlanib qolgan. Beruniylik Qoʻziboy Yeshimbetov bilan tez-tez uchrashib tursak-da, Pandjsherdagi olishuvda tirik qolgan ikki quroldosh doʻstimni topolmay yurgan edim. Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi kengashi raisi Bobur Tadjimovga ushbu doʻstlarimni topib berishda yordam soʻradim. Viloyat kengashi bilan bogʻlanib, yaqinda ularni topib berdi. Namangan viloyatidan Rasul Mamadjanov va Xorazm viloyatidan Maqsud Yusupovlar bilan telefon orqali bogʻlanib, Toshkent shahrida uchrashishga kelishdik. Yaqinda 35 yildan soʻng Toshkentda toʻrtalamiz diydorlashdik. Uch kun birga boʻlib, harbiydagi suronli davrimizni esladik. Mustaqillik maydonidagi Motamsaro ona haykali poyiga gul qoʻyib, halok boʻlganlar xotirasiga ehtirom koʻrsatdik. Joriy yil 30-aprelda Nukus shahrida uchrashishga kelishib oldik.
Bugungi kunda sobiq ittifoq respublikalaridagi jangchi quroldoshlarimiz, ularning ota-onalari bilan aloqa qilib turamiz. Masalan, xizmat vazifasini bajarish paytida halok boʻlgan, Ukrainaning Dnepr shahridan Vyacheslav Bugaraning onasi Mariya Ivanovna Bugara bilan internet orqali aloqadamiz. Yaqinda Afgʻonistonda halok boʻlgan jangchilarga bagʻishlangan kitob hamda joriy yilning 30-aprelida boʻladigan tadbirga taklifnoma yuboribdi. Hazar togʻ darasidagi voqeada halok boʻlgan leytenantlar Aleksandr Kirsanov va Sergey Kurdyuklar Toshkent shahridagi Botkin qabristoniga dafn qilingan. Ulardan birining Rossiyaga koʻchib ketgan oila aʼzolari iltimosiga koʻra har safar Toshkentga borganimda quroldosh doʻstlarimning qabrlarini ziyorat qilaman.
Bugungi kunda Afgʻon urushi qatnashchilari sogʻligʻini tiklash, halok boʻlgan jangchilar oila aʼzolarini ijtimoiy va huquqiy jihatdan himoyalash borasida katta ishlar qilinmoqda. Oʻtgan yili davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi tashkil etilganining 25 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi. Afgʻon urushi voqealari bizdan qancha uzoqlashsa ham bir-birimizga boʻlgan mehr-muhabbat koʻngillarimizni yaqinlashtirib turaveradi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA