Xalqchil qonun ijodkorligi, samarali parlament nazorati faoliyatimizning asosiy mezoni bo‘ladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakatimizni nafaqat 2020 yilda, balki kelgusi besh-o‘n yilda rivojlantirishning strategik yo‘li, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishning dasturilamali bo‘lib xizmat qiladi.
Shu ma’noda, parlament oldidagi asosiy vazifalar nimalardan iborat? Parlament rolini yanada oshirish bo‘yicha nimalarga e’tibor qaratish kerak? Yangi parlamentdan qanday natijalar kutilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq SAFOEV jurnalistlar bilan bo‘lgan muloqotda shu kabi savollarga javob berdi.
– Davlatimiz rahbari parlamentga Murojaatnomasida bundan keyin jamiyat mamlakatimizdagi hamma islohotlarning tashabbuskori bo‘ladi, degan g‘oyani ilgari surdi. Murojaatnoma davomida aytilgan barcha xulosalar, taklif va tavsiyalar mana shu g‘oya asosida shakllangan. Bundan keyin davlat idoralari faqat xalq uchun, xalqning manfaati uchun ishlashi to‘g‘risida prinsipial masalalar ilgari surildi. Bunda har bir soha vakillari butun xalqning manfaatidan kelib chiqib o‘z ish uslubini olib borishi kerakligini uqtirdi.
Murojaatnomada mamlakatimiz parlamentiga oid juda muhim, chuqur ilmiy tahlillarga asoslangan fikrlar ilgari surildi. Agar biz mamlakat oldida turgan strategik maqsad, ya’ni zamonaviy raqobatbardosh va inson huquqlarini ta’minlaydigan davlatni, jamiyatni tuzmoqchi bo‘lsak, albatta, jamiyatda parlament roli ortib borishi shart. Biz hokimiyatning turli bo‘g‘inlari o‘rtasida bir-birini tiyib turish va nazorat qilish tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratishimiz juda muhim. Parlament rolining, ayniqsa, ijro etuvchi hokimiyat ustidan nazorat qilish va xalqning orzu-umidlarini ularga yetkazish va amalga oshirishda ahamiyati katta.
Ikkinchidan, biz huquqiy davlat qurayotgan ekanmiz, uning poydevorini yaratish, ya’ni qonun ijodkorligi va ularni hayotga tatbiq etishni takomillashtirish parlamentning asosiy vazifalaridan sanaladi. Bugungi jamiyatda, ayniqsa islohotlar jarayonida hokimiyat va xalq o‘rtasidagi ishonch nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Busiz islohotlarni amalga oshirish mumkin emas. Shu ma’noda, xalq saylagan vakillar ularning orzu-umidlarini, muammolarini ifoda etadi va himoya qiladi.
Murojaatnomadagi eng asosiy fikrlardan yana biri shundaki, parlament qonun ijodkorligi jarayonida, avvalo, qonun ijodkorligi texnikasiga emas, qabul qilinayotgan qonunning xalqchilligiga, xalqqa qanchalik foydaliligiga e’tibor qaratishi lozim. Ko‘p yillar mobaynida biz bu masalaga yuzaki qarab, oxir-oqibat qonunlar ijrosini ta’minlay olmaydigan darajaga kelgan edik. To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni ishlab chiqish va joriy etish vaqti allaqachon kelgan. Ya’ni qabul qilingan qonun bevosita iqtisodiyotimiz, ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotimizga o‘z ta’sirini ko‘rsata biladigan hujjat bo‘lishi lozim. Uni ishlatish uchun qandaydir qo‘shimcha qarorlar, bir-biriga zid bo‘lgan hujjatlarni qabul qilish amaliyotidan voz kechish kerak.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, parlament oldida uchta eng muhim vazifa turibdi.
Birinchi navbatda, saylangan deputatlar, senatorlar tegishli qonun qabul qilayotganda shu soha mutaxassisi darajasidagi bilimga ega bo‘lishi kerak. Professional, muammoni bilgan, o‘z bilimiga tayangan holda qonun qabul qilishi davr talabi. Biz Senatda har bir qo‘mita qoshida Ekspertlar kengashini tashkil etishni rejalashtirayapmiz. Bu qonunlarning yanada mukammal bo‘lishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga bugungi zamon qonun ijodkorligining ochiqligini talab etadi. Ilgarigi paytlarga o‘xshab qonunni yopiq kabinetlarda yozish vaqti o‘tdi. Har bir chiqayotgan qonun keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi zarur va buni amalga oshirayapmiz.
Parlament oldida turgan ikkinchi vazifa, ya’ni yo‘nalish – bu parlament nazorati. Parlamentning asosiy funksiyalaridan biri hokimiyat organlari, hukumat, vazirlik va idoralar, joylardagi organlar milliy qonunlarimiz, xalqaro majburiyatlarimizning hayotga tatbiq etilishida qanchalik ishlayotganini nazorat qilishdan iborat. Buning usullari ko‘p. Davlat byudjetini nazorat qilish parlamentimizda avval bo‘lmagan amaliyot hisoblanadi. Ilgari parlament yuzaki, xo‘ja
ko‘rsinga davlat byudjetini ko‘rib chiqardi. Bu yildan boshlab mahalliy Kengash deputatlari ham mahalliy hokimiyat byudjetini nazorat qiladi. Hududdagi mablag‘lar qanday taqsimlanayapti, qaysi sohalarga yo‘naltirilayapti, barchasi nazoratga olinadi. Oxirgi yillarda amalga oshirilgan soliq islohotlari natijasida ko‘plab mablag‘lar mahalliy hokimiyatning o‘zida qolayapti. Ushbu mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlashni endi faqat hokim emas, balki mahalliy Kengash deputatlari ham nazorat qiladi. Shu bilan birga ijrosini ham nazoratga oladi.
Parlament nazoratining eng muhim usullaridan biri – bu deputatlik, senatorlik so‘rovi. Ya’ni bu vakillik organi tomonidan hokimiyat, vazirlar, hukumatga xalq nomidan ularni bezovta qilayotgan masalalar bo‘yicha so‘rov yuborish va shu so‘rovga aniq javob talab qilish. Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida ta’kidlaganidek, parlament talabchan bo‘lishi, kerak bo‘lsa deputat so‘rovlariga qoniqarli javob olmasa u yoki bu amaldorni ishdan olishga ham qodir bo‘lishi kerak. Bu uning huquqi. Oxirgi yillarda davlat hokimiyatida parlamentning rolini yanada oshirish bo‘yicha ko‘plab ishlar qilindi. Jumladan, hukumatning parlament oldida muntazam hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu oddiy rasmiyatchilik uchun emas, hukumat a’zolari oldiga aniq masalalarni qo‘yib, aniq javoblar olish maqsadida joriy etildi.
Uchinchi masala esa Prezidentimiz tomonidan alohida urg‘u berib aytilgan, oldimizda turgan vazifalardan biri – mahalliy Kengashlar rolini oshirish. Agar jamiyatda vakillik organlari rolini oshirmoqchi bo‘lsak, biz uni faqatgina markazda emas, eng uzoq hududlarda ham ta’minlashimiz kerak. Davlat xizmatlarini bajarishni quyi organlarga berish, ya’ni markazdan emas xalqqa yaqin quyi bo‘g‘inlardan boshlash muhim ahamiyatga ega. Bu mahalliy organlarda ko‘proq vakolat bo‘lishini bildiradi.
Ko‘p yillar mobaynida parlament uncha kirib bormagan, ya’ni e’tibor markazida bo‘lmagan xavfsizlik, mudofaa, byudjet, xalqaro masalalarga bugun alohida e’tibor qaratilayapti. Xalqaro tajribani o‘rganish biz uchun nihoyatda muhim hisoblanadi. Bizda bu bo‘yicha katta rejalar bor. Yaqin kunlarda bir guruh yosh deputat va senatorlar Hindiston parlamentarizmini o‘rganish maqsadida ushbu mamlakatga safar qiladi. Shu bilan birga g‘arb parlamentarizmini o‘rganish ham alohida ahamiyatga ega. Nima uchun? Chunki u yerda ijtimoiy bozor iqtisodiyoti ancha rivojlangan. O‘z vaqtida Germaniya rivojlanishiga katta turtki bo‘lgan ijtimoiy bozor iqtisodiyoti mexanizmini o‘rganish ancha foydali.
Davlatimiz rahbari Murojaatnomada alohida qayd etganidek, endi senator faqatgina Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hisobotini eshitish bilan kifoyalanmasdan, elchilarning joylardagi faoliyati yuzasidan parlament eshituvlarini amalga oshiradi va ular faoliyatiga baho beradi. Ular hududlarga, viloyatlarga qanday yordam ko‘rsatayapti, qancha investitsiya kiritayapti, degan savollarni dangal qo‘yadi. Yana bir vazifa xalqaro majburiyatlarimizni va ratifikatsiya qilingan xalqaro konvensiyalarni amalga oshirishni nazorat qilishdan iborat.
Bir so‘z bilan aytganda, xalqchil qonun ijodkorligi, samarali parlament nazorati faoliyatimizning asosiy mezoni bo‘lishi kerak.

 

O‘zA muxbiri Nurillo NASRIEV yozib oldi