Yoshlarning yot illatlarga kirmasligi uchun nuroniylarning hayotiy tajribasi asqatadi

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus garnizonida nuroniylarning harbiylar va umumta’lim maktablari o‘quvchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Sh.Usnatdinov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, shuningdek, 2019 yil 27 dekabri kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda yoshlar bilan uchrashuvidan kelib chiqadigan vazifalarga to‘xtaldi.
Bugungi kunda tuman va shaharlarda o‘tkazilayotgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvlarida yoshlarning muammolari joylarda o‘rganilib, tegishli yechimlar qabul qilinmoqda.
— Bugungi kunda nuroniylarimiz fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda oilalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 12 fevral kuni mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qayd etilganidek, faollar, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollar, tajribali nuroniylarimiz, agar istasa, jamoatchilik bilan birgalikda har qanday muammoni hal qilishga, xato qilgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solishga qodir, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi, Senator Sh.Usnatdinov.
– Yoshlarimizni ona Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashda, ular o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishda nuroniylarimizning pandu nasihati muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi harbiy qism komandiri, podpolkovnik Sherzodjon Umarov. – Bugungi kunda Mudofaa vazirligi, uning joylardagi boshqarmalari “Nuroniy” jamg‘armasi bilan hamkorlikda qator chora-tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Bundagi asosiy maqsad, nuroniylarimizning boy hayotiy tajribasidan foydalangan holda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning har qanday yot illatlarga kirib ketishining oldini olishdan iborat.
Nuroniylar yoshlar bilan birgalikda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA