Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish tizimining samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qoʻriqlash va muhofaza qilish tizimini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan ishchi yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati hamda Davlat xavfsizlik xizmati rahbarlari ishtirok etdi.

Chegara qoʻshinlari faoliyatining amaliy natijalari hamda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan oʻtgan yil 27-avgust kungi yigʻilishda belgilangan vazifalar ijrosining borishi koʻrib chiqildi.

Bugungi kunda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi xavfsizligini taʼminlash samaradorligini yana-da oshirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.

Zamonaviy avtomatlashtirilgan chegara nazorati tizimlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, Chegara qoʻshinlari boʻlinmalarining kuch ishlatar, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro uygʻun hamkorligini yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilarini professional tayyorlash sifatini oshirish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ijtimoiy muhofaza qilish masalalari har tomonlama koʻrib chiqildi.

Sarhadlarimiz xavfsizligi va daxlsizligini ishonchli va kafolatli taʼminlash – xalqimizning tinch va osoyishta hayoti, mamlakatimiz taraqqiyoti kafolati ekani alohida taʼkidlandi.

Markaziy Osiyo davlatlarining chegara idoralari bilan aloqalarni izchil rivojlantirib borish, turli xalqaro tashkilotlar bilan qoʻshma tadbirlarni koʻpaytirish hamda xorijiy sheriklar bilan chegaraoldi hamkorlikni faollashtirish yuzasidan erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqada savdo, turizm aloqalari va madaniy almashinuvlarni mustahkamlash, odamlarning bordi-keldisini koʻpaytirish maqsadida fuqarolar va xorijlik mehmonlar uchun Davlat chegarasini kesib oʻtishda qulay sharoitlar yaratish muhimligiga eʼtibor qaratdi.

Amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, mutasaddi tuzilmalar rahbarlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

 

O’zA