Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-fevral kuni neft-gaz sanoatidagi ishlar natijadorligi, tabiiy gaz va suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmini oshirish boʻyicha joriy yilgi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Neft-gaz sanoati aholi va iqtisodiyot tarmoqlari uchun energiya manbai, koʻplab mahsulotlar uchun xomashyo yetkazib beradigan muhim sohadir. Shu bois energetika, neft-gaz, geologiya yoʻnalishlarida chuqur tarkibiy islohotlar, raqobatdoshlikni kuchaytirishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda.
“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv tizimi takomillashtirildi, uning tarkibida boʻlgan “Oʻztransgaz” va “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlari alohida tuzilma sifatida qayta tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 18-noyabrdagi “Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, yangi konlarni aniqlash, uglevodorod xomashyosi zaxiralarini rivojlantirishning barcha tashkiliy-moliyaviy jihatlari belgilab berilgan edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga joriy yil 24-yanvardagi Murojaatnomasida xorijiy ekspertlarni neft-gaz sohasidagi davlat korxonalarini boshqarishga jalb etib, ularning samaradorligini oshirish va xarajatlarini optimallashtirish, qarz miqdorini kamaytirishga erishish lozimligini taʼkidlagan edi. Yangidan tasdiqlangan hukumat oldiga shu borada ustuvor vazifalar qoʻyildi.
Yigʻilishda neft-gaz sohasida joriy yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan dolzarb chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Yaratilgan sharoitlarga qaramay, tizimli muammolar barham topmayotgani, boshqa tarmoqlar rivojiga ham salbiy taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlab oʻtildi.
– Bir narsani hammamiz tushunib olishimiz lozim. Biz sohadagi kamchiliklar toʻgʻrisida oʻtgan yili koʻp gapirdik. Lekin, endi joylarda ishlarni amalga oshirishga oʻtishimiz kerak. Yo biz hozir neft-gaz rahbariyatiga yordam berib, tarmoqni botqoqlikdan olib chiqamiz, yoki u iqtisodiyotimiz oyogʻiga kishan boʻlib, oʻzimiz oldimizga qoʻygan iqtisodiy oʻsish rejalariga erishishni barbod qiladi, – dedi Prezident.
Korxonalarni modernizatsiya qilish ishlari yetarli emasligi, gaz yetkazib berishda yoʻqotish koʻpligi hamda uzilishlarga yoʻl qoʻyilayotganligi koʻrsatib oʻtildi.
Energetika vazirligiga joriy yilda iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yoqilgʻi mahsulotlarini barqaror yetkazib berish uchun 2019-yilgiga nisbatan 4,3 milliard kub metr koʻp tabiiy gaz qazib olish vazifasi qoʻyildi. Ishlab chiqarish va isteʼmolchilarga yetkazib berish oraligʻidagi texnologik sarf va yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Neft-gaz sohasini isloh qilish boʻyicha “loyiha ofisi”ga ilgʻor xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilish, korxonalarda rahbar xodimlarning maoshini faoliyat samaradorligini baholash koʻrsatkichlariga (KPI) bogʻlash zarurligi taʼkidlandi. Sohadagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha “komplayens nazorat” tizimi joriy etilishi belgilandi.
“Oʻzbekneftgaz” kompaniyasiga har bir konning holatini tanqidiy tahlil qilib, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish vazifasi qoʻyildi.
Aholining suyultirilgan gazga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasini barpo etish va modernizatsiya qilish boʻyicha 3 ta loyihani yakunlash lozimligi qayd etildi.
Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasida sintetik suyuq yoqilgʻi (GTL) ishlab chiqarish zavodi qurilishining borishi koʻrib chiqildi. Soha korxonalarida “raqamli kon”, xoʻjalik boshqaruvi va resurslarning avtomatlashtirilgan hisobini yuritish dasturlarini (ERP) joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
“Oʻztransgaz” va “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlariga joriy yil iyul oyiga qadar 2,5 mingta yirik isteʼmolchini tabiiy gaz hisobini yuritishning onlayn tizimiga ulash vazifasi yuklatildi. Tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida kamida 2 million isteʼmolchiga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar oʻrnatish zarurligi qayd etildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan chora-tadbirlarni jadallashtirish boʻyicha masʼullar belgilandi.