Xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikning yangi bosqichi

Murojaatnomada oliy taʼlim tizimining ustuvor yoʻnalishi sifatida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish zarurligi yana bir karra taʼkidlab oʻtildi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan soʻnggi yillarda oliy taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – malakali va zamonaviy bilimga ega kadrlar tayyorlashda dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu orqali yurtimizdagi oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlarining xorijiy universitetlar, ilmiy tadqiqot muassasalarida ilmiy va akademik tajribasini orttirishi uchun imkoniyat yaratish ishlariga katta ahamiyat qaratilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, bugungi kun talabalarining xorijiy oliy taʼlim muassasalarida qisqa va uzoq muddatli oʻquv-kurslari, konferensiya va seminarlarda ishtirokini taʼminlash, xorijiy OTMlar bilan hamkorlikda taʼlim dasturlarini joriy etish, taʼlim jarayoniga xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish kabi bir qator muhim vazifalarni amalga oshirishni taqozo etadi.

– Mamlakatimizdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti ham mazkur vazifalarni amalga oshirishda yaqin yillarga moʻljallangan oʻz strategiyasini ishlab chiqib, uning negizida bir qator samarali ishlar yoʻlga qoʻyilmoqda, – deydi mazkur taʼlim muassasasining Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Sh. Shaniyazov. – Bu borada soʻnggi yillarda erishgan natijalarimiz buning yaqqol isbotidir.

Taʼkidlash joiz, Qoraqalpoq davlat universiteti shu kungacha Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Belarus, Ukraina, Portugaliya, Polsha, Slovakiya, Italiya, Ispaniya, Vengriya, Avstriya, Germaniya, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Xitoy Xalq Respublikasi va Buyuk Britaniya Qirolligi oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik shartnomasi hamda memorandumlar imzolandi. Oʻtgan yilning oʻzida 20 ga yaqin xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik shartnomasi va memorandum imzolashga erishildi. Xususan, jahonning nufuzli “QS World University Rankings” mingtalik reytingida qayd etilgan Rossiyaning 4 ta, Italiyaning 1 ta, Ispaniyaning 1 ta, Portugaliyaning 1 ta, Qozogʻistonning 2 ta, Ukrainaning 1 ta, Avstriyaning 1 ta universitetlari bilan hamkorlik ishlari yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik, taʼlim va madaniyat tashkilotlari hisoblangan ITEC, DAAD, KOICA, JICA, TIKA, GIZ, British Council, “SES” kabilar bilan ham yaqin hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan. Ushbu hamkorlik natijasida Janubiy Koreyaning KOICA tashkilotidan 1 nafar volontyor, Germaniyaning “SES” tashkilotidan 1 nafar mutaxassis universitet taʼlim jarayoniga muntazam jalb etilib, talabalarga koreys va nemis tillari boʻyicha dars berib kelishmoqda.

photo5296560344262618277.jpg

Xalqaro hamkorlik faoliyatining oʻtgan yildagi eng katta yutugʻi – Rossiya Federatsiyasining Moskva davlat milliy tadqiqot qurilish universiteti, Astraxan davlat universiteti, Belarus Respublikasining Belarus davlat texnologiya universiteti bilan talabalarga ikki tomonlama diplom berish imkoniyatini beradigan qoʻshma taʼlim dasturlarining (Double degree programs) joriy etilishi boʻldi. Ushbu taʼlim dasturlari 3 ta bakalavr taʼlim yoʻnalishi va 8 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha Orolboʻyi yoshlarining Qoraqalpoq davlat universiteti hamda xorijiy hamkor oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishini taʼminlaydi. Jumladan, 2019-2020 oʻquv yilida mazkur qoʻshma taʼlim dasturlariga 47 nafar talaba qabul qilindi. Kelgusida Rossiya, Qozogʻiston, Slovakiya, Turkiya, Xitoy davlatlarining yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hozirgi davrda talab yuqori boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy qilish rejalashtirilgan.

Universitetda taʼlim olishga qoʻshni davlat yoshlarining qiziqishi yildan-yilga ortib bormoqda. 2018-2019 oʻquv yilida taʼlim olgan xorijiy talabalar soni 188 nafarni tashkil etdi.

Oliy taʼlim muassasasida professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2019-yilda 20 nafar professor-oʻqituvchi xorijiy davlatlarda tashkil etilgan malaka oshirish va stajirovka kurslarida ishtirok etib qaytdi. Ulardan 8 nafari “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hisobidan, 6 nafari Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi granti asosida stajirovka va malaka oshirish kurslariga yuborilgan boʻlsa, 6 nafari xorijiy hamkor oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlarning grantlari hisobidan malakasini oshirdi.

Soʻnggi ikki yilda universitetning xorijiy professor-oʻqituvchilarni jalb etish koʻrsatkichi ham ancha oshdi. Masalan, 2017-yilda universitetda dars bergan xorijiy professor-oʻqituvchilar soni 10 nafarga yetmagan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2018-yilda 14 nafar, 2019-yilda 25 nafarga yetdi. 2018-2019 oʻquv yilida taʼlim jarayoniga taklif etilgan 39 nafar professor-oʻqituvchining 10 nafari jahonning nufuzli “QS World University Rankings” mingtalik reytingida qayd etilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarining tajribali oʻqituvchi pedagoglari hisoblanadi. Bu oʻz navbatida universitet professor-oʻqituvchilariga xalqaro integratsiya uchun yoʻl ochib, ularning xorijiy oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilgan akademik almashinuv dasturlari, loyihalar, oʻquv kurslari, seminar va konferensiyalarda ishtirok etishiga zamin yaratib bermoqda. Natijada soʻnggi ikki yilda universitetdan 87 nafar professor-oʻqituvchi xorijiy davlatlarda akademik almashinuv dasturlari, loyihalar, oʻquv kurslari, seminar va konferensiyalarda ishtirok etib qaytishdi.

photo5296633285692206302.jpg

Universitet talaba-yoshlarining xorijiy davlatlarda taʼlim olishi va xorijiy tillarni oʻrganishi uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Bunga misol sifatida 2019-yilda 19 nafar talaba xorijiy oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilgan yozgi kurs, seminar-trening, ilmiy-amaliy konferensiya, til oʻrganish kurslari va simpoziumlarda ishtirok etishganini taʼkidlash joiz. Xususan, ikki nafar talaba Yaponiyada oʻtkazilgan til oʻrganish kursida muvaffaqqiyatli ishtirok etgan boʻlsa, 1 nafar talaba Slovakiyaning Nitra qishloq xoʻjaligi universiteti bilan hamkorlikdagi “ Institutlararo talabalar va xodimlarni kredit mobillik almashinuv” loyihasi doirasida 10 oylik oʻquv kursida taʼlim olmoqda.

Universitetda Orol dengizi ekologik muammosining oqibatlarini bartaraf etish maqsadida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, bu boʻyicha xorijiy hamkorlarni jalb etishga katta eʼtibor qaratilgan. Shu sababli 2019-yilda Xitoy Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot institutlari bilan Orol dengizi ekologik muammosini ilmiy oʻrganishga bagʻishlangan “Orol dengizi havzasidagi ekosistema va suv resurslari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Unda Xitoy, Kanada, Qozogʻiston davlatlaridan 32 nafar xorijiy olimlar va professor-oʻqituvchilar ishtirok etishdi.

Oliy taʼlim muassasasi rahbariyati va professor-oʻqituvchilari 2019-yilning oktyabr oyida Xitoy Fanlar akademiyasining Sinszyan ekologiya va geografiya ilmiy tadqiqot instituti tomonidan tashkil etilgan “Ekologiya, atrof-muhit va mintaqaviy barqaror rivojlanish” mavzusidagi Xitoy-Oʻzbekiston oʻzaro hamkorlik Simpoziumida ishtirok etib, tadbir doirasida “Xitoy va Oʻzbekistonning birgalikdagi tashabbusi — Orol dengizi mintaqasini ekologik qayta tiklash” toʻgʻrisidagi Urumchi Deklaratsiyasining imzolanishiga muvaffaq boʻldi. Universitet bazasida “Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish” Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma laboratoriyasini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Janubiy Koreyaning “WE Energy” hamda “Hanbek Construction Co., Ltd” kompaniyalari bilan hamkorlikda universitetda har birining quvvati 350 Vt boʻlgan quyosh elektr panellari oʻrnatilib, loyihaning investitsion qiymati 30 ming AQSH dollariga teng boʻldi. Mazkur quyosh elektropanellari talabalarga amaliyot oʻtash uchun imkoniyat yaratishi bilan birga oliy taʼlim muassasasida quyosh energiyasidan foydalanish tajribasini ham joriy etadi.

2019-2020 oʻquv yilida universitetda Yevropa Ittifoqining Erasmus plyus dasturining 5 ta loyihasi amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Slovakiyaning Nitra qishloq xoʻjaligi universiteti va Ispaniyaning Granada universiteti bilan “ Institutlararo talabalar va xodimlarni kredit mobillik almashinuv” loyihalari doirasida talabalar hamda professor-oʻqituvchilarni akademik almashinuv yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur loyihalar doirasida universitetga 2019-yil davomida 89 ming 747 yevro miqdoridagi kompyuter jihozlari va laboratoriya uskunalari investitsiya tariqasida olib kelindi.

photo5296633285692206303.jpg

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA