Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda “Aholini subsidiya asosida arzon uy-joy bilan ta’minlash” mavzusida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Mazkur jamoatchilik eshituvida aholini subsidiya asosida arzon uy-joy bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank va boshqa mutasaddi tashkilotlarning ma’ruzalari tinglandi.

Senatorlar tomonidan ipoteka krediti bo‘yicha davlat subsidiyalarini berishdagi insofsizlik xavflarini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari va shu asosda ishlab chiqilgan tavsiyalar qizg‘in muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, sohada ipoteka kreditlari berish ko‘lamini yanada kengaytirish, xususiy pudrat tashkilotlarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, yer resurslaridan oqilona foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan ishlarning pirovard maqsadi aholimizning uy-joyga bo‘lgan talabini qondirishdan iborat.

Muhokamalar davomida olimlar va mutaxassislarning fikrlari eshitildi.

Yig‘ilish yakunida aholini uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, mutasaddi vazirlik va idoralarga taqdim etishga qaror qilindi.

N.Abduraimova,  

O‘zA